Muhojirlar yurti AQShga hech narsasiz kelib, orzulariga erishgan insonlar ko’p. Shulardan biri 1970-yillarda Vyetnamdan qochib kelgan Kimmi Duong.
1975-yilning aprelida Kimmi Duongning hayoti o’zgarib ketdi. U o’shanda Saygonda yashab, “IBM” kompaniyasida ishlar edi. Vyetnam urushining so’nggi kunlari, shaharni shimol askarlari o’rab olgan…
“Saygon tezda quladi, meni evakuatsiya qilisholmadi. Hamma sarosimada, qo’rquvda. Kelajagim qayerda bo’lishini bilmasdim”, - deydi onaxon.
Shimoliy Vyetnam qo’shinlari Saygonni nazoratiga olgach, shahardan chiqish imkonsiz edi. Kimmi Duong yaqin atrofda to’xtab turgan AQSh avtobusiga chiqadi. Undagi amerikalik rasmiy uni olib ketishga rozilik bergach, aeroportga yetib olgan. Boshpana olish uchun Guam oroliga jo’natilgan.
“Vyetnamni tark etganimda cho’ntagimda 30 dollar bor edi”, - deydi u.
Duong Guamdan Veyk Aylend oroliga ko’chiriladi va oxir-oqibat Pensilvaniya shtatiga yetib keladi. Ingliz tilini u biroz bilar edi xolos.
Ayol Pensilvaniyadan Merilend shtatiga ko’chib, yana “IBM”ga ishlay boshlaydi. Bu kompaniyada u 1987-yilgacha faoliyat yuritgan. So’ngra turmush o’rtog’i Long Nuyen bilan “Pragmatics” nomli IT firmasini ochgan.
Biznesda muvaffaqiyat qozongan oila jamg’arma ochib, endi boshqalarga ham yordam qo’lini cho’zmoqda. Merilend universitetining muhandislik va biznes talabalari uchun stipendiya fondiga ular 2 million dollar xayriya qildi.
Shuningdek, Jorj Meyson universitetining muhandislik fakultetiga 5 million dollar. Oliygoh kampuslaridan birini ularning nomi bilan atadi.
Montgomeri kollejida ozchilik guruhlarga mansub talabalar o’qishini qoplash uchun yana 1 million xayriya qilindi. Bu kollej ham binolaridan biriga “Nuyen va Kimmi Duong talabalarga xizmat ko’rsatish markazi” deya nom qo’ydi.
“Vyetnamcha joy nomlarini ko’rib, odamlar ruhlanadi. Biz buni qila olsak, siz ham qila olasiz”, - deydi tadbirkor.
2018-yildan buyon Kimmi Duong jamg’armasi AQShdagi vyetnamlik oilalar farzandlarining ta’lim olishini rag’batlantirish uchun stipendiyalar ajratgan.
“Bir insonga yordam kelajak avlodga ham yordam degani. Ta’lim olish juda muhim”, - deydi Duong.
AQShda qariyb 50 yildan buyon yashayotgan ayol Vyetnamni, uning xalqini sevishini aytadi.
“Odamlar bir-biriga mehribon bo’lishi kerak. Vatanimni hamon sevaman”, - deydi Duong.
Men AQShda ko’rgan yaxshilikni, deydi muhojir, yoshlarga ta’limiy grantlar ajratish orqali qaytaryapman.
Facebook Forum