Kanada hukumati “H-1B” ish vizasi bilan Qo'shma Shtatlarda ishlash huquqiga ega bo’lgan yuqori malakali texnologiya mutaxassislarini mamlakatga jalb qilish uchun yangi immigratsiya tashabbusini e'lon qildi.
AQShning “H-1B” vizasi maxsus ko'nikmalarga ega chet ellik ishchilar uchun mo'ljallangan. 16-iyuldan boshlab ushbu viza ega chet el fuqarolari Kanadada ishlash uchun ariza topshirishlari mumkin. Bu dastur uchun 10 mingta o’rin ajratilgan.
"Kanada hukumati Kanadaning nafaqat bugungi kunda talab qilinadigan ish o'rinlarini to'ldirish, balki ertangi kun ish o'rinlarini yaratish uchun global texnologik iqtidorlarni yollash va jalb qilish bo'yicha yetakchi rolni o'z zimmasiga olmoqda", - deyiladi Kanadaning Immigratsiya, Qochqinlar va Fuqarolik boshqarmasi bayonotida.
2025-yilgacha Kanada iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini malakali ishchi kuchi bilan ta'minlash maqsadida 1,45 million muhojirni qabul qilishni rejalamoqda.
Kanadaning 38,25 millionlik aholisi 331,9 million kishilik AQSh aholisining 11,5 foizini tashkil qiladi. Amerikaning “H-1B” vizasiga ega chet elliklarga Kanadada kamida uch yil davomida ishlash huquqi berilmoqda.
AQSh Fuqarolik va Immigratsiya xizmatining ma'lum qilishicha, 2024-moliya yili uchun agentlik ish beruvchilardan “H-1B” vizasi uchun 780 884 ta ariza qabul qilgan va ularning 110 791 tasiga viza berilgan. 2023-moliya yilida esa jami 483 927 ta arizadan 127 600 tasi qanoatlantirilgan.
Kanada tomonidan qabul qilib olingan nomzodlar mamlakatning istalgan ish beruvchisida ishlashga imkon beruvchi uch yilgacha amal qiladigan ish ruxsatnomasini oladi.
Yangi ish dasturi doimiy yashash huquqini bermaydi, lekin dasturda qatnashganlar oila a’zolarini ham Kanadaga olib kelishlari mumkin.
AQShda “H-1B” vizasi egalari, shuningdek, qonuniy doimiy yashash uchun ariza berishlari mumkin.
AQShda ish vizasiga ega bo'lganlar doimiy yashash maqomiga o'tish va “grin karta” olish huquqiga ega. Ammo bunga talabgorlar soni 1,6 milliondan ortiq ekani hisobga olinsa, bu jarayon uzoq yillar vaqt olishi mumkin. Doimiy yashash huquqini beruvchi “grin karta” hujjati turli yo’nalish va mamlakatdan bo’lgan xorijliklar uchun maxsus kvotalar asosida beriladi. “H-1B” egalari uchun bir yilda 140 000 ta o’rin ajratilgan.
AQSh Davlat departamentining 2023-yil iyul oyida e’lon qilgan ma’lumotiga ko’ra, hindistonlik bo’lgan viza egalari “grin karta” olish uchun taxminan 90 yil kutishiga to’g’ri kelishi mumkin.
Shimoldagi qo’shni yurtda bu jarayon ancha oson. Kanadadagi immigratsiya, qochqinlar va fuqarolik bo'yicha Amerika siyosati tahlili bo'yicha Milliy jamg'arma ma'lumotlariga ko'ra, so'nggi 10 yil ichida Kanadada hindistonlik muhojirlar soni 200 foizdan ko'proqqa oshgan.
2013-yilda 33 mingga yaqin hind Kanadada doimiy yashash maqomini olgan bo’lsa, 2022-yilda bu raqam 118 235 ga ko'tarildi.
Amerika immigratsiya biznesi koalitsiyasi vakili Rebekka Shining aytishicha, Kanada global iste'dodlar uchun jiddiy raqobatchi va shu bois AQSh Kongressi immigratsiya islohotini tezlashtirishi kerak.