Qo’shma Shtatlar Ukrainaga uzoq masofaga uchadigan ATACMS raketalarini berishga yaqin turibdi. 300 kilometrgacha uchadigan raketalar bilan Ukraina Rossiya hududlari va Qrimni nishonga olishi mumkin.
“Gap faqat qurol tizimida emas. Ukrainaliklar uni boshqarishga qodirmi? Tayyorgarligi bormi? Undan samarali foydalana oladimi? Mana shular ustida har kuni ishlayapmiz. Raketalar nimalarni nishonga olishini ukrainaliklar hal qiladi, biz emas”, - dedi o’tgan hafta Kyevga borgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.
Bundan tashqari, sentabr oxirigacha Ukrainaga Amerikaning “Abrams” tanklari ham yetkazila boshlashi kutilmoqda, ukrainalik uchuvchilarga F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarish o’rgatilmoqda.
Blinken uning mamlakati Ukrainani qo’llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.
Bu o’rtada esa Rossiyaning 79 ta regioni hamda Ukrainaning Rossiyaga qo’shib olingan to’rt viloyatida mahalliy saylovlar o’tkazildi. Ukraina hukumati va uning g’arbiy ittifoqchilari jarayonni keskin tanqid qildi. Moskvaga ko’ra, Kiyev saylovni izdan chiqarishga harakat qildi.
Blinken Ukraina muzokaraga tayyor ekanini, biroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putinda ma’noli diplomatiyaga qo’l urishga samimiy xohish yo’qligini aytadi.
“Hammamiz urush tugashini istaymiz, ammo bu Ukraina suvereniteti va hududiy daxlsizligini aks etuvchi adolatli va uzoq muddatli shartlar asosida bo’lishi kerak”, - dedi davlat kotibi.
Kremlga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Ukrainaga bu urushda so’nggi ukrainalikgacha yordam bermoqchi.
“Amerikaning Kiyevga yordami maxsis harbiy amaliyotga ta’sir qilmaydi”, - dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Ayrim xabarlarga ko’ra, 2022-yil 24-fevralidan beri davom etayotgan urushda Ukraina kamida 400 ming askar yo’qotgan.
1-oktabrdan boshlab Ukrainada muayyan kasb egalari bo’lgan ayollar harbiy ro’yxatga qo’yila boshlaydi. Bundan keyin nogironlar ham harbiy xizmatga chaqirtiriladi, urush paytida xorijga qochgan erkaklar Ukrainaga chiqarilishi aytilmoqda.
Hindistondagi “Katta Yigirmalik” sammitida Rossiya delegatsiyasini Putinning o’rniga boshqargan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov anjumanni Rossiya uchun muvaffaqiyatli deb ta’rifladi. Sammitning yakuniy bayonotida Rossiyaning Ukrainadagi urushi qoralanmadi, biroq Blinkenning aytishicha, davlatlar urush oqibatlari va ta’sirini his etmoqda, uning tugashi tarafdori.
Bugun Kiyevga Germaniya Tashqi ishlar vazirasi Annalena Berbok ham bordi. U mamlakatining Ukraina uchun qo’shimcha 20 million yevro gumanitar yordami haqida e’lon qildi. Joriy yilda Berlin Kiyevga jami 380 million yevrolik ko’mak uzatgan.
Bu Berbokning urush boshidan beri mamlakatga to’rtinchi tashrifi.
“Germaniya Ukrainaga qancha kerak bo’lsa, shuncha yordam beradi”, - dedi nemis vazirasi.
Ukraina hukumati Germaniyadan 500 kilometrgacha ucha oladigan “Taurus” qanotli raketalarini so’rab keladi. Kansler Olaf Shols raketalar Rossiya hududlariga uchirilishi mumkinligidan xavotirda va shu sabab Kiyevning bu iltimosini qondirishga ikkilanyapti.
Germaniya Ukrainaga “Leopard” tanklari, “Iris-T” havo mudofaasi tizimi va boshqa turdagi qurollar bergan.
Berbok Kiyevda “Ukrainani asrang” tashkiloti vakillari bilan ham uchrashdi. Guruh ukrainalik bolalarga Rossiya nazoratidagi ukrain hududlari va Rossiyadan qochishga yordam beradi. Kiyev hisobicha, urush boshidan beri salkam 19500 nafar bola Rossiya va Qrimga olib chiqib ketilgan.
Moskva bolalar o’g’irlanganini inkor etadi, ular urush zonasidan xavfsizlikka olib chiqilganini ta’kilaydi.