Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va bu ikki davlat orasida kechayotgan urush masalasida rasmiy bayonot berishdan tiyilib kelayotgan Tojikiston o‘z pozitsiyasini ochiqladi. Unga ko‘ra, Tojikiston Markaziy Osiyo mintaqasining O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston davlatlari kabi neytral pozitsiyada qolmoqda. Qozog‘iston esa, joriy yilning aprel oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi so‘rovlardan birida Rossiyaning agressiyasiga qarshi ekanligini bildirib ovoz bergan edi.
Rossiya-Ukraina urushi masalasida rasmiy Dushanbe pozitsiyasini matbuotga ochiqlagan Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Xayriddin Usmonzodaning aytishicha, Tojikiston urushayotgan tomonlardan birini qo‘llamaydi.
"Rossiya va Ukraina davlatlari orasida yuz berayotgan hodisalar masalasida Tojikiston faol xolis (betaraf) pozitsiyada. Shuning uchun ham Tojikistonning munosabatlari har ikki tomon bilan ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Tojikiston bu masalada tomonlardan biriga afzallik bermaydi", - dedi Tojikiston Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori.
Tojikiston mansabdorining Rossiya-Ukraina urushi masalasida bayonoti ijtimoiy tarmoqlarning tojik segmentida bahslarga sabab bo‘lmoqda. Unda jamoatchilik fikri ikkiga: Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotganlar va Rossiyani qoralayotganlarga bo‘lingan. Ammo Ukrainani qoralayotganlar deyarli uchramaydi.
O‘tgan yili, urush yangi boshlangan paytlar Ukrainani qoralaydiganlar ko‘pchilikni tashkil etar edi. Tojikiston mansabdori bayonotiga javoban ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy Dushanbeni tanqid qilayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda.
"Tojikiston jahondagi bugungi siyosiy vaziyatga qarab o‘z tashqi siyosatini olib bormoqda. Lekin bugungi Rossiya barcha davlatlar xavfsizligiga tahdid qilmoqda, xususan, Markaziy Osiyo davlatlariga. Agar Putinning rejalari Ukrainada amalga oshganida, keyingi navbat Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistonga kelar edi. Shu sababli, umid qilamizki, mehribon Xudo bugungi Rossiyaning fashistona tuzumini Ukrainada mag‘lubiyatga uchratib, Putinni xor qilsin!", - deya bitadi Suhrob Habibov nomli “Feysbuk” foydalanuvchisi.
"Bu urush va Rossiyaning Ukraina tuprog‘iga hamlasi jabru sitam, azobu xarobkorlik va o‘limu badbaxtlikdan boshqa hech nima olib kelmadi. Nafaqat Tojikiston xalqiga, balki butun Markaziy Osiyo xalqiga ham shunday kulfatlarni keltirdi", - deydi Abdug‘ani Rashidov.
Boshqa bir Faruxxon Xonzoda ismli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi "fuqarolari Ukraina janglarida halok bo‘lmoqda, bular esa betaraflikni ixtiyor etadi", deya Tojikiston hukumati pozitsiyasiga e’tiroz bildirgan.
"Urush boshlanganidan bir yilu necha oy o‘tgach Tojikiston mansabdorining bayonot berishi va u ham betaraflik – besharaflik bo‘lishi Putinning fashistik tizimini qo‘llab-quvvatlashga teng…", deya yozadi Dilshod Abdurahmon nomli feysbuk foydalanuvchisi.
Abbos Xon ismli boshqa faol "Agar bular aqlliroq bo‘lganlarida edi, adolat yuzasidan so‘zlar edilar. Ya’ni, Ukrainani yonini olib, shu bilan birga xalqaro hamjamiyatda o‘z mavqelarini mustahkamlab olar edilar", deydi.
Tolib Mansur noli boshqa faol ham "O‘ylaymanki, hozir Tojikiston o‘zini betaraf oladigan payt emas. Bir tarafni tanlash kerak", deb bitadi. Shuningdek, Rossiyada tojik muhojirlariga nisbatan ko‘rsatilayotgan qo‘pol munosabat va huquqlari poymol etilishiga ishora qilib, "Ruslar Tojikistonga nisbatan o‘z munosabatlarini har kuni namoyish etmoqdalar, Rossiyaga yon bosishni bas qilish kerak", deb bitadi.
Ammo siyosatshunos Sherali Rizoyonning fikricha, Tojikiston neytral pozitsiyada qolishdan manfaatdor.
"Yuzaga kelgan vaziyatda Tojikiston o‘z tashqi siyosatidagi ko‘pvektorlilikni saqlab qolishi va Rossiya-Ukrainadagi bo‘layotgan voqealar masalasida neytral pozitsiyada bo‘lishi muhim. Tomonlardan birini qo‘llash yoki ulardan biriga qarshi pozitsiyaga o‘tish Tojikiston uchun ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin", - deydi Rizoyon.
Suhbatdoshimizning aytishicha, rasmiy Dushanbe Rossiya tomonini qo‘llab-quvvatlasa, G‘arb davlatlari tomonidan sanksiyalarga uchrashi, rivojlangan davlatlar yoki xalqaro moliyaviy tashkilotlarning moliyaviy yordamlaridan mahrum bo‘lishi mumkin. Ayni paytda Rossiyaga qarshi pozitsiyani e’lon qilsa, Kremlning g‘azabiga uchrashi mumkin va uning oqibatlari ham og‘ir bo‘lishi kutiladi. Chunki Rossiyaning Tojikistonga ta’sir kuchi katta va richaglar hamon saqlanib qolmoqda.
Tojikiston uchun Rossiya asosiy strategik sherik. Tojikiston iqtisodiy, ijtimoiy siyosiyo va harbiy-xavfsizlik jihatidan Rossiya bilan chambarchas bog‘liq. Rossiya Tojikiston uchun asosiy investorlardan biri ham. Tojikiston prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2007-2021 yillar oralig‘ida mamlakatga 65 davlatdan jami 11 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritilgan va eng asosiy ikki investor Xitoy va Rossiya hisoblanadi. Rossiyanin o‘z hududidan tashqaridagi eng yirik harbiy bazasi Tojikistonda joylashgan bo‘lib, Ukraina urushi boshlanguniga qadar bu bazada 7 mingdan ortiq rossiyalik harbiylar xizmat qilar edi.
Siyosatshunos Parviz Mullojonovning aytishicha, xalqaro geopolitikada Tojikiston va butun Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya ta’sir doirasi ostidagi hudud hisoblanadi.
"Rossiya-Ukraina urushi boshlangandan beri o‘tgan vaqt davomida Kremlning Markaziy Osiyoda ta’siri kamayib bormoqda. Shu bilan birga Xitoyning ta’siri ortib borayotganligini ham kuzatish mumkin. Ammo umuman olganda, sobiq sovet hududi bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Tojikiston hozircha Rossiyaning ta’sir doirasi ostidagi hudud sifatida qolmoqda", deydi Mullojonov.
Tojikiston va Rossiya orasida ikki fuqarolik haqida kelishuv mavjud. Har yili yuz minglab tojikistonliklar ikkinchi fuqarolik sifatida Rossiya fuqaroligini qabul qilmoqda. Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda 173 ming 634 nafar Tojikiston fuqarosi Rossiya fuqaroligiga qabul qilingan. Aholisi o‘n million nafarni tashkil etayotgan Tojikistonning Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarining umumiy soni 2 million nafardan oshishi aytiladi.
Rossiya tomonidan Ukrainadagi urushga jalb qilingan tojikistonliklarning aniq soni mavjud emas. Ammo norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra shu kungacha 40 nafardan ortiq Ukraina jangida halok bo‘lgan tojikistonliklarning tobuti keltirilgan. Ular orasida Rossiya fuqaroligini qabul qilganlar, mehnat muhojirligidan urushga jalb etilganlar va Rossiya qamoqxonalaridan urushga yuborilganlar ham bor.