Besh yil oldin “Vashington Post” jurnalisti Jamol Qoshiqchi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida o'ldirilgan edi. O‘shandan beri AQSh razvedkasi Saudiya rahbariyatini, jumladan, valiahd shahzodani uning o‘limi ortida turganiga ishora qilib keladi. Ayni paytda AQSh va Saudiya Arabistoni munosabatlari normallashishda davom etmoqda. Bu esa matbuot erkinligi va qonun ustuvorligi tarafdorlarining hafsalasini pir qilmoqda.
2018-yilning 2-oktabr kuni jurnalist Jamol Qoshiqchi Turkiyaning Istanbul shahridagi Saudiya Arabistoni konsulligiga kirib, qaytib chiqmadi. U yerda uni bo’g’ib o’ldirishgani, so’ng bo’laklarga bo’lib, binodan olib chiqib ketishgani aytiladi.
Keyinroq AQSh razvedkasining xulosa qilishicha, Saudiyada tug‘ilib o’sgan va oxirgi yillarda AQShga yashayotgan jurnalistni qo‘lga olish va o‘ldirish missiyasiga ruxsat Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmondan kelgan. Shahzoda Qoshiqchining o‘limini xatolik deb atagan.
Oradan besh yil o’tib, Qoshiqchini xotirlayotgan odamlar hanuz ko’p.
"Jamol Qoshiqchi muhim avlodning bir qismi edi. U arab dunyosida demokratiya, islohotlar va yaxshilanishlarga da'vat qilgan shax edi", - deydi huquq faoli Raid Jarrar.
“U bin Salmon davrida Yamandagi urushdan tortib, ayollar huquqlari faollariga nisbatan tazyiqlargacha boʻlgan bir qator masalalarda Saudiya hukumatini koʻproq tanqid qila boshladi. U mamlakat juda qattiq nazorat va senzura makoniga aylanganini aytgan”, - deydi yana bir ekspert Jastin Shilad.
Faollar AQSh va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi munosabatlar yana kuchayib borayotganidan qayg'uda.
AQSh Prezidenti Jo Bayden 2022-yilda qirollikka tashrif buyurib, valiahd shahzoda bilan uchrashdi. Tahlilchilarning aytishicha, AQShning Saudiya Arabistoniga qiziqishi qisman Amerikaning energiya ehtiyojlari bilan bog’liq.
"Men AQSh ta'minotini oshirish uchun qo'limdan kelgan barcha ishni qilaman", - degan edi Bayden.
Ammo faollar AQSh tashqi siyosatida inson huquqlari va qonun ustuvorligi birinchi o'rinda turishini xohlaydi.
“Prezident Bayden prezidentlikka da’vogarlik qilayotganida Saudiya Arabistonini Qoshiqchi qotilligi uchun ajratib qo’yishni va’da bergan edi, ammo bugungi kunda buning aksi yuz berdi. AQSh Saudiya Arabistoniga quchoq ochib, mudofaa shartnomasini muzokara qilmoqda”, - deydi Stenford Huquqshunoslik maktabi eksperti Amrit Singh.
"Biz AQShning diktaturalar, inson huquqlarini buzuvchilar bilan aloqalarini qayta ko'rib chiqishimiz kerak. Biz ularni qurollarimiz va siyosiy kapitalimiz bilan qo'llab-quvvatlashni to'xtatishimiz kerak", - deydi Raid Jarrar.
Saudiya Arabistonida qotilikka aloqador odamlar ustidan sud hukmi chiqarilganiga qaramay, Qoshiqchining oilasi va tarafdorlari jurnalistning o’limiga oid haqiqiy adolat bo'lmaganini aytishadi.