Tabiiy zaxiralarga boy Egey va O’rta yer dengizi sarhadlaridagi uzoq yillik territorial ixtiloflar, Kiprda turklar va greklar o’rtasida o’n yillar davomida keskin tus olgan nizolar ortidan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an 7-dekabr kuni Afinada Gretsiya Bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis bilan uchrashadi. Ekspertlar nazdida, uchrashuv tomonlar murosasi uchun ideal fursat.
“So’nggi oylarda munosabatlarda mo’tadillik hukmron, biroq o’zaro yaqinlik yo’q. Turkiya rahbarining Gretsiyaga tashrifiga doir eng ahamiyatli masala shunday – tomonlar bu mo’tadillikni do’stlikka aylantira oladimi, yo’qmi”, - deydi gretsiyalik olim Ioannis Grigoriadis.
Har ikki mamlakatda yuz bergan tabiiy ofatlar o’zaro tanglikni yumshatdi. Turkiyada fevral oyida yuz bergan zilzila ortidan Afina yordam yukini yo’lladi. Gretsiyada yuz bergan o’rmon yong’inlarida Anqara yordam qo’lini uzatdi. Tahlilchilar esa o’rtada ishonchsizlik saqlanib qolayotganini bildirmoqda.
“Savdo, investitsiya, turizmdan boshqa hech qanday kelishuv bo’lmaydi”, - deydi gretsiyalik ekspert Aleksis Geraklides.
Turkiya prezidenti bilan 200 kishilik delegatsiya, xususan vazirlar, diplomatlar va biznesmenlar Gretsiyaga yo’l olmoqda. Savdo va o’zaro hamkorlikni kengaytirish bilan tomonlar strategik bahslar yechimi tomon qadam tashlaydi, deydi ekspertlar.
“Mushtarak manfaatlarga oid hamkorlik Egey dengizi yoki undam ham o’tkir masalalar yechimi tomon boshlaydi. Biroq bunday bashoratlar uchun hozircha asos yo’q”, - deydi turkiyalik ekspert Berkay Mandiraji.
Biroq har ikki mamlakat armiyasi qurollanmoqda, bahsli hududlarga joylashmoqda, Kipr esa hanuz ikkiga bo’lingan.
Tahlilchilar global maydondagi so’nggi voqealar nizoni chuqurlashtirishning oqibati ekanini eslatmoqda.
“Ukraina va G’azodagi holatlar muzlatib qo’yilgan nizo kutilmagan darajada yirik to’qnashuvga sabab bo’lishini ko’rsatdi”, - deydi Grigoriadis.
Har ikki mamlakatda o’tgan saylovlar o’zaro yaqinlashuvga raxna soldi. Liderlar qarshilik kayfiyatidagi siyosiy partiyalar bilan hisoblashishga majbur bo’ldi.
Biroq bu yil Erdog’an ham, Mitsotakis ham qayta saylandi, kelasi to’rt yilda saylovlar kutilmayapti. Ekspertlarga ko’ra, tomonlarning ixtiloflarni bir chetga surib, murosaga kelishishi uchun ideal fursat yetilgan.