Breaking News

Turkiya-Gretsiya aloqalarida yangi davr boshlanishi mumkin


Turkiya va Gretsiya rahbarlari NATO ning Vilnyus sammitida, 12-iyul, 2023.
Turkiya va Gretsiya rahbarlari NATO ning Vilnyus sammitida, 12-iyul, 2023.

Gretsiya tashqi ishlar vaziri Giorgos Gerapetritis 5-sentabr kuni turkiyalik hamkasbi Hakan Fidan bilan uchrashadi. Tomonlar azaliy ixtiloflarga barham berish payida.

Ekspertlarga ko’ra, Gretsiya bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis Turkiya bilan yaqinlashish orzusini amalga oshirishga yaqin turibdi.

Xalqaro hayot - 30-avgust, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:09 0:00

“Buni uning maxfiy dasturi deb aytolmayman. Chunki men Mitsotakisni tanigan asr boshidan buyon u shunday pozitsiyada. Saylovda erishgan g’alabasi uning bog’liq qo’llarini bo’shatdi. Saylovgacha konservativ tashqi ishlar vaziri, armiya qo’mondoni va boshqalar bilan hisoblashishga majbur edi”, - deydi Panteyon universiteti professori Aleksis Geraklid.

Mitsotakis o’z mandatidan foydalanib tashqi ishlar vazirini yangiladi.

Shuningdek, qayta saylangan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog’an ham mahoratli diplomat sifatida bilingan Fidanni tashqi ishlar vaziri lavozimiga qo’ydi.

Ayrim tahlilchilar nazdida, saylovlar ortda qolgan sharoitda Turkiya lideri o’z elektorati uchun muhim sanalgan natsionalist qarashlarni yumshatib, Gretsiya tomon qadam tashlashi mumkin.

“Turkiyaning yangi hukumati hamkorlik uchun ochilishi tayin. Yechimsiz muammolar davom etadi, biroq pozitsiya yumshaydi”, -deydi Tashqi siyosat instituti eksperti Huseyin Bag'ji.

Yirik energiya resurslariga da’vo qilayotgan Gretsiya va Turkiya harbiy dengiz floti uchun Egey va O’rtayer dengizlari sarhadlari bahsli hududligicha qolmoqda. Shuningdek, greklar va turklar yashayotgan Kipr oroli ham o’rtadagi tanglikni kuchaytirishi mumkin.

Tahlilchilarga ko’ra, aloqalarning barqarorlashishi AQSh harbiy samolyotlarini Turkiyaga sotishga qo’yilgan cheklovni bekor qilishi mumkin. Vashingtonning xaridni kechiktirishiga bu ikki NATO mamlakati nizolari qisman sabab bo’lgan.

Avvalgi muvaffaqiyatsiz urinishlarni hisobga olib, ayrim ekspertlar joriy tashabbuslar uzoq davom etishidan gumonda.

“Suratlarda tabassum qilgan chehralarni ko’rish yaxshi. Lekin uch yoki olti oyda ko’ramiz ular ortga chekinadimi, yo’qmi. Huddi omadsiz nikohdagidek: avval qisqa asal oyi o’tadi, keyin tomonlarning asl qiyofasi namoyon bo’ladi”, - deydi Xavfsizlik bo'yicha ekspert Aya Burveyla.

Hozircha grek va turk liderlarining keskin ritorikadan tiyilish qarori umid bag’ishlamoqda. Kiprda bahsli hududda yo’l qurilishining boshlanishi yoki Turkiyaning O’rtayer dengizida burg’ilashni boshlash qarori oqibatida yuzaga kelgan keskinlik takrorlanmasligi mumkin.

Mitsotakis va Erdog’an oktabrda BMT Bosh Assambleyasi yig’ini doirasida uchrashishi kutilmoqda. Ikki lider joriy yil oxirida Gretsiyada sammit o’tkazishni ham rejalamoqda.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG