Breaking News

BMTda G’azoga gumanitar yordam yuborishga qaratilgan hujjat qabul qilindi


BMT Xavfsizlik Kengashida G’azoga kattaroq gumanitar yordam eltishga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasi bo’yicha ovoz berish kecha yana qoldirildi. Bugun shunga yana bir urinish bo’ldi.

Xalqaro hayot - 22-dekabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:25 0:00

Isroil hujjatning gumanitar yuk ortilgan mashinalar nazorati BMTga yuklanishi haqidagi matnidan norozi, harbiy harakatlarni darhol to’xtatishga qaratilgan da’vatlarga ham qarshi chiqayotgan edi.

Eng boshidan Isroilning yonini olib kelayotgan Qo’shma Shtatlar yahudiy davlatga to’g’ri kelmaydigan rezolyutsiya loyihasiga veto qo’yishi mumkin edi, hatto bungacha ikki bor shunday qildi ham.

AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild Birlashgan Arab Amirliklari taklif etgan hozirgi hujjat matnidan qoniqishini aytdi.

"Bu muhtojlarga yordam uzatishni ta’minlaydigan rezolyutsiya. Gumanitar yordamni yo’lga qo’yishga qaratilgan mexanizm yaratishimizga yordam beradi”, - deydi u.

Shunga qaramasdan AQSh vakili loyiha uchun ovoz bermadi, biroq betaraf pozitsiya tutgani hujjatning qabul qilinishiga olib keldi. Qo’shma Shtatlar loyihada “harbiy harakatlarni to’xtatishga da’vat” matnini “harbiy harakatlarni barqaror to'xtatish uchun sharoit yaratish” matniga o’zgartirishni talab qildi.

AQSh Prezidenti Jo Baydenning sulhga qarshi chiqishi va Isroildan harbiy harakatlarni to’xtatishni talab qilmayotgani Amerika musulmonlarini “Baydendan voz keching” kampaniyasini boshlashga majburladi.

“Prezident Bayden 2024-yil saylovida mag’lub bo’lishini e’lon qilyapmiz. Amerika musulmonlarini kuchsiz deb o’ylamang. Bizda nafaqat pul, balki haqiqiy elektorat ham bor”, - deydi kampaniya tashkilotchisi Jaylani Husayn.

Oq uy rasmiylari Bayden ma’muriyatiga e’tirozlardan xabari borligini bildiradi.

“Barcha turli fikrlarga quloq solishga va ularni yaxshiroq tushunishga harakat qilyapmiz. Ammo hech bir davlat XAMAS Isroilga solayotgan tahdid bilan yuzlashmasligi kerak”, - deydi Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.

Amerika yoshlari ham Baydenning Yaqin Sharq siyosatidan norozi. Buni “Nyu-York Tayms” gazetasi o’tkazgan so’rov natijasi ham ko’rsatmoqda.

“So’rov natijalaridan shokdamiz ochig’i. Arab-amerikaliklar, progressiv qarashga ega fuqarolar, rangli saylovchilar Baydendan bu qadar tez yuz o’girishiga guvohmiz. Baydenning Isroilga kuchli xayrixohligi saylovda qimmatga tushishi mumkin. Oq uy G’azoni qayta qurish, gumanitar yordam bilan ta’minlash, Falastin davlatini yaratishga jiddiy yondashish orqali ziddiyatlarga barham berishi kerak”, - deydi Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasidan Aaron Deyvid Miller.

“Nyu-York Tayms” so’rovida qatnashganlarning aksariyati Donald Tramp prezident bo’lsa, G’azo masalasini yaxshiroq hal qilgan bo’lardi degan fikrda.

So’ralganlarning yarmi Isroil g’alaba qozonishini istaydi, qolgani sulhga da’vat etmoqda. Bu esa Baydenga har ikki tarafdan siyosiy bosim qo’ymoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG