Breaking News

Yangi yil oldidan qanday va'dalar berayapsiz?


Nyu-York, AQSh
Nyu-York, AQSh

AQShda yangi yil rezolyutsiyalari, ya'ni o'z hayotida ulkan o'zgarishlar qilishni va'da berish - keng tarqalgan odat, inson qay qatlam va avlod vakili bo'lishidan qat'i nazar. Ozish, kamroq pul sarflash, chet tillarni o'rganish, ish va oila orasida muvozanatni ta'minlash kabi maqsadlar haqida ko'p eshitasiz. Izlanishlar shuni ko'rsatadiki, aksariyat hollarda amerikaliklar o'zlariga beradigan bu so'zlarning ustidan chiqmaydi.

Aslida bu zamonda ko'plar uchun yangi yil kirishi u qadar katta yangilik emas, yangi kalendar balki, agar uni hali ham ishlatayotgan bo'lsangiz. Biroq insoniyat uchun yangi yil azaldan chuqur ahamiyat kasb etgan. Olimlarga ko'ra, bu tartib odamzot ekin va chorvaga tayana boshlagan vaqtlarga borib taqaladi.

Qadim Bobilda Akitu degan bayram nishonlangan - yangi mavsumning boshlanishi. Dehqonlar va chorvadorlar hukmdordan olgan qarzini hosildan tushgan daromad bilan to'lagan. 12 oylik taqvim o'shanda paydo bo'lgan. Keyinchalik uni rimliklar o'zlashtirgan. Ular eski va yangi yilni aks ettiruvchi ikki yuzli ma'budga sig'ingan. Uning oti Yanus bo'lgan, hozirgi yanvar oyi shu ism bilan bog'liq. Eski yilni kuzatib, yangi yilni kutib olish astalik bilan umumbashariy tus olgan.

Yangi yil va'dalar davri, lekin uning tarixi bor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:33 0:00
Qozog'istona qorboboni Ayaz Ata deb atashadi, Almati, 25-dekabr, 2023
Qozog'istona qorboboni Ayaz Ata deb atashadi, Almati, 25-dekabr, 2023

Bugun yangi yil global ayyomdir. Kimdir o'z madaniyatidan kelib chiqib, kimdir ommabop ruhda bayram qiladi. Har yerda umid uchqunlari taralayotgan kunlar. Muhim qarorlar qabul qilish va sarhisob davri.

Amerikaliklar shaxsiy va professional hayotda shaxdam qadamlar tashlashga bel bog'lasa, yevropaliklar, xususan italyanlar ham ezgu maqsadlarga urg'u beradi; marraga yetaylik, deydi.

Tilaklar bilan cheklanadiganlar ham talay. Masalan, Braziliyada odamlar yangi yilni okeanda suzib, kutib oladi. Yarim kechada yetti to'lqin ustidan sakrash, degan odat bor. Har birini oshar ekansiz, bir tilak qilasiz.

Rossiyaning ayrim qismlarida tilakni qog'ozga yozib, keyin uni yoqib, kulini shampanga qo'shish kabi an'ana bor.

Xitoyda yangi yil yanvar oyi oxiri fevral oyi boshlarida kiradi. Ikki haftalik festival. Bir-biridan qiziq rituallar, konsertlar, rang-barang timsollar. Badavlat bo'lish, sog'lik va farovonlik - birlamchi tilaklar.

Yahudiylar uchun kuzning boshlanishi 10 kun davomida tavba qildim deb yaratgan oldida bosh egish, demakdir. Odamlar o'tgan bir yilni tahlil qilishi, qilgan xatolari va olgan saboqlari ustida o'ylanishi darkor.

Moskva, Rossiya, 18-dekabr, 2023
Moskva, Rossiya, 18-dekabr, 2023

Yangi yil yangi maqsadlar bilan boshlanadi, ammo tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, ko'pchilik uni afsus va nadomat bilan yakunlaydi.

Psixologlar buning sabablarini o'rganib keladi. Inson - va'daboz. Maqsadlar aniq belgilangan taqdirda ham ularni ro'yobga chiqarish tirishqoqlik talab qiladi. Masalan, kamroq yeyman yoki ko'proq o'qiyman, deyish bilan inson irodali bo'lib qolmaydi. Nafsni boshqarish, qunt qilish hamisha mashaqqatli.

Uzun rezolyutsiyalarning o'zi odamni charchatib qo'yadi, shuningdek, unutishga oson. Boshida qattiqroq harakat qilib, keyin o'zidan xafsalasi pir bo'lganlar ko'p, chunki natijaga tezgina erishilmaydi.

Faylasuflar deydiki, o'zgarish aslida yangi yilga bog'liq emas. Kalendar bilan hayotingizdagi shartlar yangilanib qolmaydi. Umringiz yana bir yilga qisqaradi. Har bir kun g'animat. Shunday ekan, o'zgarish uchun harakatni har dam boshlash mumkin. Maqsad qanchalik konkret bo'lsa, qadamma-qadam rejalash ham osonroq. Unga butunlay erishmasligingiz mumkin, ammo u tomon progress bo'lishi aniq. Harakatda barakat. Har bir kunni, har yilni shunday shior va shijoat bilan boshlang.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG