Breaking News

Bayden Pentagon rahbarini yangilamaydi


AQSh Mudofaa vaziir Lloyd Ostin ayni damda kasalxonada
AQSh Mudofaa vaziir Lloyd Ostin ayni damda kasalxonada

Prezident Jo Bayden ayni damda kasalxonada davolanayotgan Mudofaa vaziri Lloyd Ostinni ishdan olmaydi. Ostinning xastaligi haqida ma'lumotlar oshkor etilmagani Vashingtonda shubha-gumonlarni avj oldirgan. Pentagon mas'uliyatsizlikda ayblanib, keskin tanqid ostida.

Ostin nima uchun bir necha kundan beri kasal bo'la turib, ommaga bu haqda hisobot berilmagani Oq uyga ham bosimni oshirgan.

"Vazir Ostin lavozimida qoladi, boshqa reja yo'q, - deydi Milliy xavfsizlik kengashidan Jon Kirbi.

Pentagon rahbari - AQShning ikkinchi raqamli qo'mondoni. Ostin yangi yildan oldin kasallangan va xavotirli masala yo'q deya qisqacha bayon qilingan.

Mudofaa vaziri o'rinbosari Ketlin Hiks ayrim kunlari uning o'rniga majlislar o'tkazib, favquloqqa masalalar bilan shug'ullangan.

Pentagon matbuot kotibi general-mayor Patrik Rayder deydiki, biror soniyada ishga loqaydlik bilan qaralmagan. Ostin ishdan ketish niyatida emas.

"Vazirning diqqati ishda va faoliyatini biror jihatdan to'xtatmagan", - deydi Rayder.

Kasalxonada bo'lsa-da, deydi matbuot kotibi, Ostin kundalik missiya haqida hisobotlar va razvedka olmoqda.

Pentagon, Virjiniya shtati
Pentagon, Virjiniya shtati

Vazir Vashington yaqinidagi maxsus harbiy kasalxonada, xavfsizlik jihatdan mustahkam inshootda. Ahvoli og'ir bo'lmasa-da, shifokorlar unga muolajani yana bir necha kunga davom ettirishni buyurgan.

Pentagon bundan boshqa detallarni ayon etmayapti.

70 yoshli Ostin kasalligi haqida Oq uyni ham vaqtida boxabar qilmagan, vaholanki uning mansabidagi rasmiyning salomatligi davlat xavfsizligi darajasidagi masala.

Ostin bu ishi uchun javob berishga tayyorligini bildirgan, biroq respublikachi liderlar, qolaversa prezidentlikka qaytishga bel bog'lagan Donald Tramp uni ishdan olishga chaqirmoqda.

Tramp fikricha, vazir o'z vazifalariga nisbatan mas'uliyatsizlik bilan, noprofessional yondashgan.

Kongress a'zosi, respublikachi Eliz Stefanik ham Ostin ishdan haydalsin, deb chiqqan. Siyosatchi deydiki, Ostinning qilmishini yopganlar ham javob berishi kerak.

So'nggi kunlardagi tekshiruvlar shuni ko'rsatganki, Ostinning ahvoli sir saqlangan. Masala haqida hatto o'rinbosarlari ham bilmagan.

Pentagon rahbari har dam ishda bo'lishi va kutilmagan inqiroz-burilishlarga tayyor turishi shart.

Bayden va Ostin gaplashgan. Ma'lumotlar nega vaqtida chiqmagani tekshirilmoqda.

"Qayerda qanday xato qilingani o'rganiladi, tahlil qilinib, saboq olinadi",- deydi Kirbi, Oq uy rasmiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG