Dushanba kuni AQShning Ayova shtatida respublikachi saylovchilar noyabrda bo’ladigan prezident saylovida partiyadan yagona nomzod bo’lish uchun kurashayotgan olti kishiga ovoz berdi. Sobiq prezident Donald Tramp eng ko’p ovoz to’pladi – 51 foiz.
“Trampning siyosati yoqadi menga. U prezident bo’lgan paytda hammasi yaxshi edi, iqtisodiyot yaxshi edi, urush bo’lmagan, chegaralarimiz ham ochiq bo’lmagan”, - deydi ilk bor saylovda qatnashgan chexiyalik muhojir Sarka Mur.
Ayovada partiyaviy saylov kokus deb ataladi. Odatda saylov mavsumini yaxshi boshlagan nomzod umumiy saylovda ham g’alaba qozonadi.
Teledebatlarda ko’zga ancha tashlanib, saylov kampaniyasini yuqori kayfiyatda olib borgan, ammo Ayovadagi tanlovda salkam 8 foiz bilan to’rtinchi o’rinni olgan 38 yashar badavlat tadbirkor Vivek Ramasvami poygadan chiqishga va bundan keyin Donald Trampni qo’llab-quvvatlashga qaror qildi.
Bir necha shtat sudlarida turli ayblovlarga yuz tutayotgan Trampning yagona nomzod sifatida tanlanishiga ishonmayotgan ayrim tarafdorlari Ayovada Florida gubernatori Ron Desantisga ovoz bergan.
“Tramp menga yoqadi. Oldingi xizmatlaridan roziman. Ammo hozir boshi balodan chiqmayapti”, - deydi Desantisga ovoz bergan Trampning sobiq saylovchilaridan biri Jan Gud.
Florida hokimi Ayova kokusida 21 foiz ovoz oldi.
Uchinchi o’rinni esa 19 foiz ovoz bilan AQShning BMTdagi sobiq elchisi, poygadagi yagona ayol Nikki Xeyli egalladi.
Qolgan ikkita nomzodga esa ayovalik respublikachilarning bir foizi ham ovoz bermagan.
Demokratlar partiyasida nomzodlarni saralash jarayoni kelasi oy boshlanadi – Janubiy Karolinada. Respublikachi nomzodlar endi diqqatini Nyu-Gempshirga qaratadi. 23-yanvar kuni u yerda bo’ladigan tanlov praymeri deb ataladi.
Partiyaviy saylovlar aprel o’rtasigacha davom etadi. Shundan so’ng delegatlar tomonidan har bir partiyadan tanlangan yagona nomzod asosiy saylovga tayyorgarlik ko’ra boshlaydi.