Breaking News

Ukrainada ruscha qo'shiqlarni tinglamay qo'yishgan


Ukrainaning "Kalush Orkestra" ansambli
Ukrainaning "Kalush Orkestra" ansambli

Yaqinda “Telegram”da Rossiyaning mashhur “Zapiski Veterana” kanali Ukrainada “YouTube” platformasida eng ko’p ko'rilgan qo’shiqlarning hech biri ukrain tilida emasligini aytib chiqdi.

“YouTube Music” Ukrainadagi TOP qo’shiqchilarni e'lon qildi. Ukrain tilida kuylagan birorta ham ijrochi yo'q", – deb yozadi kanal.

"Amerika Ovozi"ning POLYGRAPH.info faktlarni tekshirish tarmog'iga ko’ra, bu iddao yolg’on.

“YouTube” statistikasiga ko’ra, 2023-yilda platformaning Ukrainadagi “Top ijrochilar” haftalik reytingida ukrain tilida kuylagan qoʻshiqchilar ustunlik qilgan.

305 ming obunachiga ega “Zapiski Veterana” kanali Rossiyaning propaganda mashinalaridan biri bo’lib, Moskvaning Ukrainadagi urushini qo’llab-quvvatlaydi. Kanal ukrainlarga nisbatan “xoxol” so’zini ham qo’llaydi.

“Zapiski Veterana” kanali taqdim etgan soxta reyting
“Zapiski Veterana” kanali taqdim etgan soxta reyting

Ukrainaliklar o’z ona tilida musiqa eshitmasligini, tomosha qilmasligini da’vo qilayotgan kanal skrinshot surat ham joylashtirgan. Unda eng ko’p ko’rilgan top beshtalikning to’rttasi rus san’atkorlari, yana biri amerikalik ijrochi ekani aks etgan. Skrinshotda Britaniyaning “New Musical Express” musiqiy jurnalining logotipi ham bor, ammo manbaga havola yo‘q.

Telegramdagi “Sheyh Tamir” kanalida ham shunday ma’lumot berilgan:

“YouTube Music” dunyo bo’ylab tomoshabinlar statistikani eʼlon qildi. “New Musical Express” jurnali juda qiziq bir faktni chop etdi. Ukrainadagi eng mashhur musiqachilar rus ijrochilari bo'lib chiqdi. “YouTube Music”ning Ukraina bo’yicha statistikasiga ko’ra, 2023-yilda eng ko‘p ruscha qo’shiqlar tinglangan…”.

“Sheyh Tamir” kanalida “New Musical Express” jurnalining logotipi aks etgan video ham uzatilgan. POLYGRAPH.info videoni “New Musical Express” veb-saytida va ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalaridan izladi, lekin topa olmadi. “New Musical Express” POLYGRAPH.infoning mazkur xabar yuzasidan savoliga javob bermadi.

Aslida “YouTube”ning 2023-yildagi statistikasida umuman boshqacha manzarani ko’rish mumkin. Unda ukrainaliklar o’z ona tilidagi musiqiy videolarni ko‘rishni aks etgan.

2023-yilda “YouTube”ning Ukraina bo’yicha barcha haftalik reytinglarida ukrain tilida ijro etgan ijrochilar ustunlik qilgan.

"YouTube"ning o'z jadvali bo'yicha Ukrainadagi eng yaxshi ijrochilar, 22-28 dekabr, 2023
"YouTube"ning o'z jadvali bo'yicha Ukrainadagi eng yaxshi ijrochilar, 22-28 dekabr, 2023

“Apple Music” platformasining 2023-yildagi Ukraina bo’yicha “Eng yaxshi 10 ta qoʻshiqlar” reytingida ham xuddi shunday natija aks etgan. Reytingdagi 10 ta qo’shiqdan 8 tasi ukrain, yana ikkitasi ingliz tilida.

Rossiya Qrimni anneksiya qilishidan avval ukrainlar ruscha qo‘shiqlarni muntazam tinglashgan. Ukrain san’atkorlarning o’zi ham sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlaridagi millionlab rus tilida so'zlasha oladigan aholiga yetib borish uchun muntazam rus tilida qo'shiqlar kuygan.

2014-yildan keyin esa Ukrainada xalq “dushman davlat”ning musiqa industriyasidan yuz o’gira boshladi.

"Odamlar rus tilidagi musiqani kam tinglaydigan bo’lishgan, ukraincha qo'shiqlarni afzal ko'rishadi. Bu tendensiya 2014-yildan beri davom etmoqda", - deydi san’at yo’nalishi bo’yicha jurnalist Julian Novak 2022-yilda Gollandiya jamoat yangiliklari veb-sayti “NOS Nieuws”da.

Rossiyaning 2022-yilda Ukrainada boshlagan keng qamrovli urushi bu tendensiyani yanada kuchaytirdi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan oldin “YouTube”ning Ukraina bo‘yicha (2022-yil 11-17-fevral kunlari) e’lon qilgan “Haftalik eng yaxshi san’atkorlar” reytingida asosan rusiyzabon san’atkorlar ustunlik qilgan. 10 san’atkordan sakkiz nafari rusiyzabon, yana ikkisi ukrainchada kuylagan.

“Apple Music” maʼlumotlariga koʻra, urush boshlanganidan beri rossiyalik sanʼatkorlar Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Litvada “Eng yaxshi oʻntalik” singari reytinglarda deyarli butunlay ko’rinmay qolgan. Bu haqda Moskvada joylashgan “RBC” axborot sayti 2022-yil dekabrida yozgan edi.

Saytga ko’ra, sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlari orasida rus musiqa industriyasini tinglashdan voz kechish tendensiyasi ayniqsa Ukrainada kuzatilgan.

“Agar bir yil oldin bu mamlakatda kuchli oʻntalikning deyarli barchasini rossiyalik ijodkorlar va faqat toʻqqizinchi oʻrinnigina ukrainalik Ivan Dorn egallagan boʻlsa, hozir 10 oʻrindan oltitasini ukrainalik ijrochilar, yana ikkitasini amerikalik Ledi Gaga va Eminem egallagan”, - deb yozadi sayt.

“RBK” bunga sabab sifatida Ukraina hukumatining 2022-yil oktabr oyida kuchga kirgan qonunini ko’rsatadi.

“Qonun tajovuzkor davlat kuy-qo’shiqlaridan ommaviy foydalanishni cheklaydi, jamoat joylarida rossiyalik san’atkorlarning fonogrammalari, videolari va kliplarini translyatsiya qilishni taqiqlaydi”, - deb yozadi manba.

Biroq tahlilchilar rus tilidagi qo'shiqlar auditoriyasi sonining qisqarishi va ukrain tilidagi qo’shiqlarning ommabopligi oshganligiga sababni Kiyevning 2022-yilda chiqargan qonunini emas, balki urush tufayli ukrain auditoriyasida vatanparvarlik hissi kuchayib, o’z tili va madaniyatini qo’llab-quvvatlashga moyilligi oshganligida ko’radi.

Londonda joylashgan “Molfar” axborot-tahlil agentligi 2023-yil yanvar oyida ukrainaliklarning 2022-yilda eng ko’p qaysi qo’shiqlarni tinglaganiga doir tahlil natijalarini chop etdi. Unda ukrain tilida kuylagan ijodkorlar rusiyzabon ijrochilardan o’zib ketgan.

Molfarning yozishicha, top 100 ta qo‘shiqning 65 dan 96 foizigachasi ukrain yoki ingliz tilida bo’lgan. “Deezer” platformasi eng yuqori ko’rsatkichni qayd etgan. 96 foiz qo’shiq ukrain yoki ingliz tilida bo’lgan.

Platformada rus tilidagi qo'shiqlar eng kam tinglangani aks etadi - ikki foiz. Rus tilidagi qo'shiqlar eng ko’p “Apple Music” (23 foiz), undan so’ng “Shazam” platformalarida (20 foiz) tinglangan.

O‘tgan yilning noyabr oyida Kiyevda joylashgan “Obozrevatel” yangiliklar sayti ham ukrain auditoriyasi rus ijodkorlaridan yuz o’girganiga doir xabar bergan edi.

“YouTube”da qo’shiq tomosha qiladigan ukrainaliklarning aksariyati ruscha kontentdan voz kechdi. Bugun, 7-noyabr holatiga ko‘ra, top o’ntalik faqat ukrainalik qo‘shiqchilar ijodi va xorijiy xit qo‘shiqlardan iborat”, - deb yozadi sayt.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG