Breaking News

AQSh Iroq va Suriyada jangarilarni o'qqa tutmoqda


Bir necha kun oldin Iordaniyada jangarilar o'ldirgan uch amerikalik askar dafn etilmoqda, Delaver shtati, 2-fevral, 2024
Bir necha kun oldin Iordaniyada jangarilar o'ldirgan uch amerikalik askar dafn etilmoqda, Delaver shtati, 2-fevral, 2024

AQSh bugun Iroq va Suriyadagi jangari makonlarini havodan o'qqa tuta boshladi. O'nlab qo'rg'onlar nishonga olinmoqda. Bu guruhlarni Eron quvvatlaydi, deydi Amerika rasmiylari.

O'tgan hafta Iordaniyada Amerikaning uch askari dron xurujlarida o'ldirilgan edi. Pentagon bunga javoban keng ko'lamli amaliyotlar boshlagan.

Oq uy bir necha kundan beri shunday hujumlar boshlashi mumkinligi haqida ogohlantirayotgan edi. Ketma-ket zarbalar beriladi, deydi harbiylar, biroq boshqa detallar ma'lum qilinmagan.

Dastlabki hamlalarda AQSh jangarilarning boshqarmalari, razvedka markazlari, qurol-aslaha omborlari va bunkerlar yo'q qilingan. Kamida 85 nuqtaga uzoq masofali bombalar tashlangan. Pentagon B-1B bombadirmonchi samolyotlarini mintaqaga safarbar qilgan.

Bugun Prezident Jo Bayden Iordaniyada o'ldirilgan zobitlarning Delaver shtatida o'tgan dafn marosimida qatnashdi.

Xususan Kataib Hizbulloh jangari guruhi mintaqada Amerikaga qarshi barcha amaliyotlarini bas qilishini e'lon qilgan, ammo bu Vashington qaroriga ta'sir qilmagan, ya'ni operatsiyalar baribir qoldirilmagan.

“Iroq hukumatining badnom bo’lishiga yo’l qo’ymaslik uchun shu qarorga keldik. Ammo G’azodagi xalqimizni boshqa yo’llar bilan himoya qilishda davom etamiz”, - degan edi guruh ikki kun oldingi bayonotida.

Prezident Bayden bayon qilishicha, amaliyotlar qachon va qayerga qaratilishini AQShning o'zi biladi va belgilaydi.

"Qo'shma Shtatlar Yaqin Sharqda yoki dunyoning hech bir joyida urush istamaydi. Biroq bizga zarar keltirmoqchi bo'lganlar bilsinki, biror amerikalikka ziyon yetkazsangiz, bizdan munosib javob olasiz", - deydi Bayden.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG