Kanadalik alban olimi Olsi Jazexi bir guruh xorijlik jurnalistlar safida Xitoy hukumati tomonidan Shinjon viloyatiga taklif qilindi. U bu yerdagi vaziyat haqida ijobiy fikr bildiradigan xorijliklardan biri bo’lishi kutilgan edi.
“Niyatim Shinjonga tashrif buyurish va Gʻarbning bu masalada notoʻgʻriligini isbotlash edi”, - dedi Jazexi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
2018-yildan beri Pekin uyg’urlar yashovchi viloyatda “hammasi joyida” ekanini ko’rsatish uchun G‘arbiy Shinjon viloyatiga Jazexi kabi diplomatlar, jurnalistlar va yozuvchilarni nazorat ostidagi gastrollarga taklif qilib keladi.
Xitoy davlat matbuotiga ko’ra, 2018-yil oxiridan 2021-yil fevraligacha Shinjonga 100 ta mamlakat va mintaqadan 1200 dan ortiq odam, jumladan, xalqaro tashkilotlar rasmiylari, diplomatlar, jurnalistlar va diniy yetakchilar tashrif buyurgan.
Davlat ommaviy axborot vositalari ko'pincha gastrol safarlariga borganlarning so'zlaridan iqtibos keltiradi. Ular mintaqaning iqtisodiy va diniy erkinlik bo’yicha rivojlanganini ta’kidlab, G'arb ommaviy axborot vositalari va hukumatlarini "dezinformatsiya" uchun malomat qiladi.
Jazexi ham ulardan biri bo'lishi kerak edi.
Xitoy hukumati uni va asosan Qatar, Saudiya Arabistoni, Turkiya va BAA kabi musulmon davlatlaridan boʻlgan boshqa 19 nafar yozuvchini Shinjondagi zavod va fermer xoʻjaliklarini ziyorat qilish va Xitoyning Shinjondagi muvaffaqiyatlarini koʻrsatish uchun barcha xarajatlari toʻlangan 10 kunlik sayohatga olib bordi.
Butunjahon uyg‘urlar kongressi huquq tashkilotining Xitoy masalalari bo‘yicha direktori Ilshat Hassan Kokborening “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Xitoy hukumati xorijiy OAVlarni Shinjonga taklif qilib, “ular sahnada faqat uyg’urlarning qo’shiq va raqs chiqishlarini ko’rishlarini ta’minlamoqda”.
“Ular qonni va kanslager hamda qamoqxonalarda kurashayotgan uyg‘urlarning ko‘z yoshlarini ko’rmaydi”, - deydi u.
Jazexi Pekin kasb-hunar markazlari deb ataydigan joylarni borib ko’rganini va shundagina ko’zi ochilganini aytadi.
“Xitoy hukumati bu odamlarni qamoqqa tashladi. U yerdagi kasb-hunar markazlari ularni Islomdan voz kechishga majbur qilyapti", - deydi Jazexi.
Jazexining aytishicha, guruh Oqsuv va Qashg‘ar masjidlarida Xitoy Prezidenti Si Zinpinning islomga zid ravishda osilgan rasmlarini ko’rgan. Urumchida savdo markaziga aylantirilgan masjidga ham guvoh bo’lishgan.
Jazexining so'zlariga ko'ra, uning guruhidagi bir nechta arablar unga ko'rganlari haqida hikoya qila olmasliklarini, chunki bu ularning mamlakatlari va Xitoy o'rtasida diplomatik inqiroz keltirib chiqarishi mumkinligini aytgan.
“Amerika Ovozi” Jazexining OAVga aytgan va YouTube kanalida e’lon qilgan sayohat haqidagi ma’lumotlarini mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Pengyu Shinjonda “qayta tarbiyalash lagerlari” mavjudligini rad etdi. “Amerika Ovozi”ga elektron pochta orqali yoʻllagan javobida Lyu Shinjon maktablaridagi kasb-hunar taʼlimi va oʻqitish markazlarini “Buyuk Britaniyaning qayta malakalash ta’lim dasturidan farqi yoʻqligini va ualr Fransiyadagi radikalizatsiyaga qarshi markazlar bilan bir xil ekanini aytdi.
Lyuga ko’ra, 2019-yilda "kasb-hunar ta'limi va o'qitish markazlarining barcha tinglovchilari o'qishni tamomlagan va ish bilan ta’minlanib, normal hayot kechirmoqda”.
Jazexi Malayziya Xalqaro Islom Universitetida tarix va sivilizatsiya kurslaridan dars beradi.