21-mart kuni Rossiya Kiyevni raketalardan hujumga tutdi. Hujumda 13 kishi jarohatlangan, qurbonlar yo´q. Poytaxtning bir necha hududlarida vayronagarchiliklar bor.
Ukraina qurolli kuchlari raketalarning hammasi havo mudofaasi tomonidan urib tushirilganini bildirdi.
Kiyevga X-101 va X-555 rusumidagi 29 ta qanotli, “Kinjal” va “Iskandar” rusumidagi ikkita ballistik raketadan hujum qilingan. Urib tushirilgan raketa parchalari qulagan hududlarda yong`in, vayronalar yuzaga kelgan.
Kiyevga qilingan hujum bo’yicha ma’lumot tarqatgan Rossiya Mudofaa vazirligiga ko`ra, harbiy qo`mondonlik punktlari, ta´minot bazalari bo’ylab yuqori aniqlikdagi raketalar bilan berilgan zarbalar nishonni urgan.
Bu Rossiya armiyasining bir oydan oshiq tanaffusdan so’ng Kiyev bo’ylab amalga oshirgan raketa zarbalari. Bu hujum Kiyevda xavfsizlikka doir xalqaro konferensiya o’tayotgan bir paytga to’g’ri kelmoqda. Bu anjumanda NATO harbiy qo´mitasi rahbari admiral Rob Bauer ham ishtirok etyapti. Bu NATO harbiy qo`mondonining urush boshlangandan buyon Ukrainaga qilayotgan dastlabki rasmiy safari.
AQShning Ukrainadagi elchisi Brijit Brink 21-mart tongida Kiyevga qilingan raketa hujumlarini izohlar ekan, bu 20-mart kuni Kiyevda butin dunyodan yig‘ilgan xavfsizlik bo´yicha maslahatchilar ishtirokida Prezident Zelenskiyning “tinchlik formulasi” muhokama qilinishiga Rossiyaning javobimi, degan savolni qo`yadi.
20-mart kuni AQSh prezidentining Xavfsizlik bo`yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Kiyevda muzokaralar o´tkazgan edi.
Sallivan Kiyevdagi muzokaralari davomida AQSh tomonidan Ukrainaga yordam muqarrarligi, bu masala ijobiy hal bo`lishiga qat’iy ishonishini aytdi.
Bundan ikki kun avval, 18-mart Prezident Zelenskiy Kiyevda Ukrainaga harbiy yordam masalasini ushlab turgan respublikachilari partiyasi vakili senator Lindsi Grem boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi.
Bu muzokaralarda ham Ukrainaga yordam masalasi muhokama qilingan; Zelenskiy AQSh delegatsiyasiga ukrain armiyasi ehtiyojlari haqida ma’lumotlar taqdim etganini aytgan.
So’nggi ma’lumotlar Ukrainaning AQShdan kutayotgan harbiy yordami masalasida siljishlar kuzatilayotgani, bu yordam paketi muhokamadan o`tishi mumkinligiga ishora qiladi.
Kiyevda o`tayotgan xavfsizlik konferensiyasidagi asosiy masalalardan biri bu Zelenskiy tomonidan olg’a surilgan “Tinchlik formulasi” bo`yicha sammitni tashkil etish. Ukraina bu sammitga dunyoning 160 yaqin davlatidan vakillar jalb etmoqchi, lekin Rossiyani emas.
Zelenskiy bu borada Turkiya safari davomida Prezident Rajab Toyyib Erdog’an bilan o`tkazgan muzokaralari davomida bildirgan edi. Turkiya tomoni, xususan, Prezident Erdog`an tinchlik muzokarasiga Rossiya jalb qilinishi kerak degan fikrda. U Zelenskiy bilan uchrashuv paytida ham bu tashabbusni taklif qildi, Ukraina tomoni buni rad etdi.
Tinchlik muzokaralariga doir muhokamalar Ukraina armiyasi frontda yo`qotishlarga uchrayotgan, harbiy texnik yordamga muhtoj turgan bir paytda kuzatilyapti.
Frontdagi vaziyat Ukraina armiyasi uchun ancha og`ir kechmoqda. Ukrainadagi rus muxoliflaridan tashkil topgan ko`ngilli batalyonlar Rossiyaning Belgorod viloyatidagi chegaralarga hujum uyushtirayotganiga qaramasdan, umumiy front liniyasida Rossiya armiyasining siljishi davom etyapti.
Ukraina armiyasi Avdiivka shahrini tashlab chiqishi ortidan rus qo’shinlari bu shahar atrofidagi bir nechta qishloqlarni ham egallagan. Rossiya Mudofaa vazirligi 21-mart kuni bu yo`nalishda navbatdagi qishloq egallangani haqida bayonot berdi.
Ammo bu ma’lumot hozircha Ukraina qurolli kuchlari tomonidan tasdiqlangani yo’q.
Ayni paytda o’q-dori zaxirasi tugab borayotgan Ukraina armiyasi yordamga o`ta muhtoj, bu yordam hujum emas, asosan mudofaa, front chiziqlarini ushlab qolishga qaratilishi ta´kidlanmoqda.