So’nggi ikki yilda Ukraina temir yo‘llari mamlakatning asosiy transport vositasiga aylangan. 22 000 kilometrli tarmoq tinimsiz portlashlarga qaramay ishlab turibdi.
Kompaniya frontoldi shaharlardan tinch aholini evakuatsiya qilish, dunyo yetakchilari-yu, Ukraina armiyasining yuk va qo'shinlarini tashishni davom ettirmoqda.
2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan poytaxt aholisi rus armiyasi hamlasidan qocharkan, Kiyev markaziy temir yo'l vokzali vahima va qo'rquv iskanjasida qolgan edi.
Vagon kuzatuvchisi Oleg Kobetskiy Rossiya keng ko’lamli urush boshlaganida Ukraina g'arbida dam olayotgandi. Ta’tili tugamasdan u Kiyevga qaytgan.
“Shokka tushgan bo’lsam-da, ishga kirishganman. Odamlarni evakuatsiya qilish kerak edi. Rostini aytaman, vokzal platformasida shuncha odam yig’ilgani vahimali edi: bolalar yig’isi, ota-onalar ko’z yoshlari. Ularni g'arbga olib ketdik. Vagonlar ichi tiqilinch - har birida 180 kishigacha odam bor edi”, - deydi Kobetskiy.
Tinch aholini ko’chirish, maxsus poyezdlarda yaradorlarni tashish uchun Kobetskiy mamlakatning sharqi-yu janubi, front chizig'iga yaqin hudulargacha borgan. Ukrain askarlariga doim yuksak xizmat ko’rsatishga intilamiz, deydi u.
“Harbiylarimiz yo’lda qiynalmasin deb barcha sharoitlarni qilganmiz. Ularga vagonda o’zim ovqat pishirib berishim ham mumkin. O'g'lim urushda, barcha jiyanlarim janglarda. Qo'limdan kelganini qilyapman”, - deydi suhbatdosh.
So'nggi ikki yil ichida Ukraina temir yo'llari kamida 4 million odamni evakuatsiya qilgan. Ko’rsatayotgan jasoratlari tufayli Kobetskiy va uning hamkasblari jamoatchilik orasida "Temir odamlar" sifatida obro’ qozongan.
“Bizda, biror vagon kuzatuvchisi, poyezd boshlig‘i yoki stansiya ishchisi, u xoh front oldi stansiyasida bo’lsin, ishga chiqishdan bosh tortgan holatlar bo’lmagan”, - deydi Aleksandr Shevchenko, Ukraina temir yo’llari jamoatchilik bilan aloqalar xizmati rahbari.
Temir yo'llar urush boshlangandan beri rus armiyasi nishonida. Kompaniya ma'lumotlariga ko'ra, shu paytgacha 600 ga yaqin temiryo'lchi halok bo'lgan, 1500 dan ortig’i yaralangan - ish payti yoki harbiy safarbarlik davomida.
“Urushning birinchi kunidanoq biz yuborayotgan mujda: temir yo'l harakatdan to'xtamaydi. Bugunga qadar, jiddiy harbiy sabablarsiz hech bir qatnovni bekor qilganimiz yo'q”, - deydi Shevchenko.
Urush tufayli aviaparvozlar toʻxtatilgach, dunyo yetakchilari va delegatsiyalar Ukrainaga temir yo’l orqali kelmoqda.
“Raketa hujumi yoki boshqa tahdidlar yuzaga kelganda, diplomatik reyslar himoyasi uchun maxsus algoritmlar ishlab chiqilgan. Muqobil yo'nalishlarimiz bor. Poyezdlarimizni yashira olamiz”, - deya tushuntiradi Aleksandr Shevchenko.
Martabali mehmonlar kompaniyaning o’tgan yil ochilgan sovg’alar do'konini ham chetlab o’tmaydi.
“Boris Jonson mashhur shlyapamizni sotib olib kiygan. Shon Penn va Orlando Blumda ko’ylaklarimiz bor. Ursula fon der Leyen ham do’konimizga kelgan”, - deydi do’kon menejeri Aleksandra Vitoha.
Do'konning eng xaridorbop mahsuloti - bosib olingan shaharlarga qatnovlar jadvali aks etilgan sviter.
Buni esa "G'alaba sari poyezd" deb atashadi. Vagonlaridagi chizgilar bosib olingan hududlarni aks ettiradi. Ukraina ushbu hududlarni qaytarib olgach, bu birinchi kirib boradigan poyezd bo‘lishi rejalashtirilgan.