27-fevral kuni Oq uyda Prezident Jo Bayden, Senatda demokratlar sardori Chak Shumer, respublikachilar fraksiyasining raisi Mitch Makkonel Kongress quyi palatasining spikeri Mayk Jonson bilan uchrashib, Senatda qabul qilingan qo’shimcha tashqi yordam bo’yicha qonun loyihasini Vakillar palatasida ovozga qo’yib tasdiqlashga ko’ndira olmadi.
“Harakatsizlikning har bir kuni Ukrainada og’ir oqibatlarga olib kelmoqda”, - dedi Bayden qonunchilarga murojaat qilib.
95 milliard dollarlik qonun loyihasida Ukraina uchun 60 milliard, Isroil uchun 14 milliard, Hind va Tinch okeanidagi hamkor davlatlar, jumladan Tayvan uchun 4,8 milliard dollar ajratish ko’zda tutilgan.
Biroq Vakillar palatasining spikeri AQSh-Meksika chegarasida xavfsizlik ta’minlanmaguncha hujjatni ovozga qo’ymasligini aytdi.
“Chegaramiz mamlakatimiz uchun ustuvor vazifa. Uning xavfsizligini ta’minlashimiz kerak. Prezident vaziyatni tuzatish uchun shu bugunoq farmon imzolashi mumkin deb o’ylayman”, - dedi Jonson.
Ukrainaga yordam evaziga immigratsiya qonunini isloh qilishga qaratilgan muzokaralar ikki partiya vakillari o’rtasida bir necha oy davom etdi, biroq respublikachilarning e’tirozi sabab qabul qilinmadi.
Senatda ko’pchilik lideri Chak Shumer Jonsonni tarixdan qanday joy olishi haqida o’ylab ko’rishga chaqirganini aytadi.
“Agar to’g’ri ishga qo’l urmasangiz, shu on siyosat nimani talab qilishidan qat’i nazar, afsuslanasiz”, - dedi Shumer.
Kongressdagi ko’p respublikachilar Ukrainaga qo’shimcha yordamdan foyda bo’lmasligini aytadi.
“Biz yuzlashayotgan haqiqat shuki, Vladimir Putin bu urushda mag’lub bo’lmaydi”, - deydi senator Ron Jonson.
Demokratlar protsessual manevrdan foydalanib, respublikachilar qarshiligiga qaramay, tashqi yordamga doir qonun loyihasini Quyi palatada ovozga qo’yishi mumkin. Demokrat qonunchi Jeymi Raskin bunday yondashuv ijobiy natija berishini aytadi.
“Kongress a’zolarining ko’pchiligi loyihani qo’mitadan chiqarib, umumiy palataga oshirish va ovozga qo’yish uchun loyihani qo’mitadan chiqarishga qaratilgan petitsiyani imzolashi kerak”, - deydi Raskin.
Quyi palata a’zolari bugun ta’tildan chiqib, ishga qaytmoqda, biroq barchasi eng muhim hisoblangan vazifa bilan shug’ullanadi. Federal hukumat faoliyatining to’xtab qolmasligi uchun Kongress 1- yoki 8-martgacha federal byudjet uchun pul ajratishi kerak.
Zelenskiyning xorijiy safari
Bu o'rtada AQShdan hali-beri moliyaviy va harbiy yordam olishga umid qilmayotgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy xorijiy safarga chiqgan. Bugun u Albaniya poytaxti Tiranada Bosh vazir Edi Rama bilan ko’rishib, do’stlik va hamkorlik haqida shartnoma imzoladi.
Bundan bir kun oldin esa Zelenskiy Riyodda bo’ldi, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan ko’rishdi.
Ukraina bir necha oydan so’ng Shveysariyada tinchlik anjumanini o’tkazmoqchi. Kiyev o’tmishda Rossiya va Ukraina o’rtasida vositachilik qilgan Saudiya Arabistonini ushbu tinchlik jarayonida muhim o’yinchi deb biladi.
Zelenskiy bugun Tiranada to’plangan Serbiya, Shimoliy Makedoniya, Kosovo, Bosniya va Gersegovina, Moldova va Xorvatiya rahbarlari bilan ham uchrashdi.
“Jang maydonidagi vaziyatga ta’sir qilayotgan o’q-dori kamomadi bilan bog’liq muammolar bilan yuzlashyapmiz. Sizlar va barcha hamkorlarimiz bilan bu borada hamkorlikdan manfaatdormiz”, - dedi Zelenskiy.
Rossiyaning muzlatilgan pullari Ukraina ehtiyojlari uchun sarflanadimi?
Ukraina moliyaviy qiyinchiliklardan shikoyat qilarkan, Yevropa Komissiyasining prezidenti Ursula fon der Leyen Yevropa parlamentidagi ma’ruzasida Rossiyaning G’arbda muzlatilgan pullarini Ukraina uchun harbiy anjom xarid qilishga sarflashga chaqirdi.
Ushbu g’oya anchadan beri muhokama qilinmoqda, biroq uning tanqidchilari muzlatilgan pullarni o’zlashtirish Osiyo va Afrikada G’arb davlatlari va moliyaviy institutlariga bo’lgan ishonchga putur yetkazishini aytmoqda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday harakatning noqonuniy ekanini, uzoq muddatli salbiy huquqiy oqibatlarga olib kelishini bildirdi.
G’arb Rossiyaning muzlatilgan 300 milliard dollarini o’zlashtirsa, Kreml tarafdorlari javob choralari sifatida G’arb kompaniyalarining Rossiyadagi mulklarini xususiylashtirishni taklif etmoqda.
Navalniyning bekasi Yevropa parlamentida so'zladi
Rossiya qamog’ida jon bergan muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya ham bugun Yevropa parlamentida ma’ruza qildi. U qit’a davlatlarini Prezident Putinni mag’lub etishda innovatsion taktikani qo’llashga, Putin va maslakdoshlarining G’arbdagi moliyaviy aloqalarini tergov qilib fosh etishga chaqirdi.
Navalniy 29-fevral kuni dafn etilishi kerak edi, biroq shu kuni Putinning Federal yig’inga yillik murojaati rejalangani bois rus muxolifatchilari dafnga ruxsat berilmaganini aytishdi, Navalniy 1-mart kuni, o’limidan ikki hafta o’tib Moskvada yerga qo’yilishi kutilmoqda.