Ukraina G'arb mamlakatlari va'da qilgan F-16 qiruvchi uchoqlari yetkazilishini kutmoqda. Ushbu ilg’or texnika Rossiya tahdidlariga qarshi qanchalik samarali bo’ladi?
AQSh Harbiy-havo kuchlarida 20 yillik xizmati davomida Den Hempton F-16 samolyotlarida 151 marta hujum parvozlarini amalga oshirgan. Unga ko‘ra, Ukrainaga uning eski modeli yetkazilgan taqdirda ham jang maydonida vaziyat tubdan o’zgaradi.
“Ajoyib jihati shundaki, uni ilg'or avionika, elektronika, radarlar o'rnatish orqali modernizatsiya qilish oson. Rossiyada ishlab chiqarilgan samolyotlarda buning imkoni yo’q. Ularni G'arb uchuvchilari yoki G'arbda tarjiba orttirgan pilotlar boshqarsa, yanada afzal, chunki biz ruslar kabi uchmaymiz va odamlarni ham ulardek o'rgatmaymiz”, - deydi iste'fodagi podpolkovnik.
Hempton 2022-yildayoq AQSh hukumatini Ukrainaga F-16 samolyotlarini berishga undagan. Afsuski, deydi u, Amerika o’z ittifoqchilariga ruxsat berishi uchun ancha vaqt ketdi.
2013-2016 yillar NATOning Yevropadagi birlashgan harbiy kuchlari qo'mondoni bo’lgan Filip Bridlavga ko’ra, samolyotlar Ukrainaga quruqlikdagi operatsiyalarni o'tkazishda yordam berishi mumkin.
“Ushbu serqirra samolyotlar havoda ustunlikni ta’minlaydi. Natijada qo'shinlar jang maydonlarida zamonaviy manyovrlarni bajara oladi. F-16 manyovrlarni amalga oshirishga imkon beruvchi kuchli qurolga aylanadi,”- deydi Bridlav.
Avstriyalik harbiy ekspert Gustav Gresse tahlilicha, Rossiyaning so‘nggi havo hujumlari Ukrainaning mudofaa tizimlari juda samarali ekanligini ko‘rsatgan. Davom etayotgan urush Ukraina uchun G‘arb qiruvchi samolyotlari qanchalik muhimligini ham ko‘rsatib turibdi.
“Ukraina ishlatayotgan Su-27 va MiG-29 bilan bog'liq muammo samolyotda emas, balki o'q-dorilarda. Ularga biriktiriladigan raketa va snaryadlarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi, ularni sotib olish hozir juda qiyin. Demak, Ukrainaga hozir G‘arb raketalari bilan uchadigan qiruvchi samolyotlar kerak”, - deydi Gressel.
Hemptonning aytishicha, Rossiya hujumlarini qaytarish uchun Ukrainaga 36-40 tagacha F-16 qiruvchi uchoqlar lozim. G'arb 60 tacha yetkazishni va'da qilgan. Mustahkam va ishonchliligi inobatga olinsa, deydi u, Ukrainaga bundan ortig’i kerak emas.
“Agar tasarrufingizda 40 tasi bo’lsa, 30 tasi osmonga ko’tarilishga shay turadi. Qolganlari texnik ko’rikda, modernizatsiya yoki ta’mirda turgan bo’ladi. F-16 boshqa samolyotlarga qaraganda juda ishonchli, vazifani bajarishga qodir samolyot”, - deydi Hempton.
Ukrainalik uchuvchilar hozirda Daniya va Britaniyada treningdan o’tmoqda. Daniya ilk F-16 samolyotlarini shu yil yozda, Belgiya 2025-yilda va Norvegiya “yaqin orada” yetkazishini ma’lum qilgan.