Breaking News

Ukraina armiyasi o'q-dorini avaylab ishlatmoqda


Ukraina armiyasida snaryadlar tugayapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:53 0:00

G’arbdagi ittifoqchilar yordami, ayniqsa AQSh yordami kechikayotgani Ukraina armiyasini o’q-dori yetishmovchiligi bilan to’qnashtirmoqda.

Ukraina Rossiya armiyasi pozitsiyalari bo’ylab zarbalar sonini keskin qisqartirgan, ayrim hududlarda bu ko’rsatkich 10 barobargacha kamaygan.

Donbass frontidagi ukrain artilleriyachilari bir yil avval kuniga kamida 40 marta o’t ochishar edi. Hozir bu 10 barobar kamaygan, ayrim kunlari qurollardan o’t ochilmaydi ham.

Butun front bo’ylab deyarli shunday holat. Ittifoqchilardan, xususan AQShdan harbiy yordam kechikishi o’q-dori yetishmovchiligini ukrain armiyasi uchun xavotirli darajaga olib chiqdi.

“Snaryadlar yetishmaydi, avvalgiga nisbatan juda kam. Biz dushman qanday harakatlanishiga qarab, asosan tanklar, bronetexnikani nishonga olamiz, rus piyodalarini minomyotlar mo’ljalga oladi”, - deydi “Kichkina bola” taxallusli ukrain jangchisi.

Baxmut, 3-mart, 2024
Baxmut, 3-mart, 2024

Donbassdagi yana bir front liniyasi, Kremen o’rmonida askarlar okoplardan chiqayotgan rus piyodalarini o’qqa tutishga buyruq olishdi. Yirik artilleriya uskunalari pozitsiyaga olib chiqilar ekan, topshiriq bekor bo’lgani haqida buyruq keldi. Qo’mondonlik uchun snaryadlarni asrash ustuvor.

O’q-dori kamayib borar ekan, ukrain askarlari tobora ko’proq vaqtni bunkerlarda o’tkazishga majbur. Dushman dronlarining muntazam kuzatuvi, hisobsiz otilayotgan snaryadlari tashqariga chiqishni juda xavfli qiladi.

Bu bunkerdagi soldatlarning aksariyati urush boshidan frontning oldingi chizig’ida, deyarli dam olishmagan. Ko’plar shu vaqt davomida oilasi bilan ikki bor ko’rishgan, xolos. Ular kunning aksariyat vaqtini o’t ochish haqidagi buyruqni kutib, qorong’i va tor bunkerlarda o’tkazishadi.

“Bu ruhiy jihatdan ham og’ir. Shuncha vaqt oilangdan uzoqda bo’lish juda qiyin, ammo bizda tanlov yo’q. Bosqin nima ekanligini ko’rdik, oqibatini yaxshi bilamiz”, - deydi “Belarus” laqabli ukrain soldati.

“Belarus” so’nggi ikki yilning 20 kunini o’z oilasi - qizi, o’g’li va ikki nafar nabirasi bilan o’tkazdi. U ham, frontdagi ko’pchilik qatori juda charchaganini aytadi.

Ukraina hukumati frontdagi askarlar charchog’ini biladi. Ayni paytda 500 ming kishini armiyaga chaqirishni ko’zda tutuvchi bahsli qonun loyihasi muhokamaga chiqarilgan.

Qo’shimcha kuch yetib kelguncha esa urushning sokin kunida bunkerda to’planib, go’sht qovurish ham baxtli lahzalarga aylanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG