Breaking News

"Islomiy davlat - Xuroson" Tolibonni sotqinlikda ayblamoqda


Afg'onistonning Nangarhor viloyatida qo'lga tushgan va "Islomiy davlat" safida xizmat qilayotganlikda gumon qilingan odamlar, 17-noyabr, 2019
Afg'onistonning Nangarhor viloyatida qo'lga tushgan va "Islomiy davlat" safida xizmat qilayotganlikda gumon qilingan odamlar, 17-noyabr, 2019

“Rossiya masjidlarimiz, madrasalarimiz, uylarimiz va shaharlarimizni bemalol bombardimon qilishga haqlimi?" "Islomiy davlat - Xuroson" 25-mart kuni tarqatgan bayonotida shunday savolni o'rtaga tashlaydi.

"Islomiy davlat - Xuroson" 25-mart kuni pushtu tilida chiqargan bayonotida Afg'onistonni boshqarayotgan Tolibonni sotqinlikda, shuningdek, AQSh, Xitoy, Rossiya hamda Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqa qilayotganlikda ayblaydi.

AQSh Tolibon hukumatini tan olmagan, vaholanki, biror davlat Kobuldagi bugungi rahbarlarga hali doimiy boshqaruv deb qaramaydi, ammo terror tashkiloti hisoblangan to'da nazarida toliblar G'arb va barcha yirik hukumatlar bilan apoq-chapoq.

"Islomiy davlat - Xuroson" 22-mart kuni Moskvada sodir etilgan qonli xurujlarni maqtagan. Guruh bu ishni o'sha kuniyoq ijtimoiy tarmoqlarda o'z bo'yniga olgan edi. Biroq 30 betlik bugungi bayonotida bunday demagan. Bunisida e'tiborni Tolibonga qaratib, uni tashkilotning azaliy dushmani deb ataydi.

"Islomiy davlat - Xuroson" Suriya va Iroqda uzoq payt G'arb va uning hamkorlari bilan olishgan va tormor qilingan "Islomiy davlat"ning bo'limi hisoblanadi.

AQSh uning terror hujumlari qilishga qodir ekani haqida ogohlantirib keladi. Moskvadagi elchixona bu oy mana shunday ehtimol haqida ikki bor bayonot chiqarib, ehtiyotkorlikka undagan. Biroq Rossiya hukumati Amerika so'zlarini bosim va yolg'on deb talqin qilgan.

"Islomiy davlat - Xuroson" bayonotida Markaziy Osiyo davlatlari ichidan Tojikiston alohida tilga olinadi. Guruh Tolibonni bu respublikaning ittifoqdoshi deb ataydi.

Tolibon Moskvadagi teraktni darhol qoralab chiqqan. "Islomiy davlat - Xuroson" nazarida toliblar "kofir" davlatlarga ta'zim qilmoqda.

30 betda Rossiyadagi hamlani amalga oshirganligi iddao qilingan odamlarning suratlari, "Islomiy davlat - Xuroson" jangarilarining Afg'onistondagi hujumlari, Tolibon rahbarlarining AQSh, Xitoy, Eron va Pokiston rasmiylari bilan fotolari aks etadi.

Bayonotda Rossiya Suriyada "Islomiy davlat" ga zarba bergani qayd etiladi. Tolibon Moskva bilan ishlayotgani shu bois la'natlanadi.

“Rossiya masjidlar, madrasalar, uylar va shaharlarimizni bemalol bombardimon qilishga haqlimi?" degan savol o'rtaga tashlanadi.

"Islomiy davlat - Xuroson" 2015-yilda Pokistonning Tolibonidan ajralib chiqqan jangarilar tomonidan tuzilgan. BMT hisobicha, 2023-yilning iyun oyidagi taxminlarga ko'ra, guruhda 4000-6000 jangchi bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG