Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Eronning Isroilga hujumlarini qoralab, ittifoqchi davlatlardan Ukrainani ham Isroil kabi mudofaa qilishga chaqirdi. Kiyev ko’pdan beri AQSh va G’arb davlatlaridan havo mudofaasi tizimlarini, qiruvchi samolyotlar, moddiy yordam so’rab keladi.
Ayni paytda AQSh Kongressida Ukrainaga 60 milliard dollarni o’z ichiga olgan qonun loyihasi turib qolgan. Vakillar palatasidagi respublikachi qonunchilar oylar davomida uni ovozga qo’yishdan bosh tortib kelmoqda.
Jami 95 miliard dollarlik ushbu yordam paketida Isroil uchun 14 milliard dollar ko’zlangan. Qonunchilar Isroilga yordamni alohida qonun doirasida tasdiqlamoqchi. Bu haqda quyi palata spikeri Mayk Jonson xabar berdi. Hujjat juma kuni ovozga qo’yilishi kutilmoqda.
Ukraina Rossiya yozga borib yirik hujum uyushtirishi mumkinligi, agar G’arbdan kutilayotgan harbiy yordam kelmasa, mag’lub bo’lishi haqida ogohlantirmoqda.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo’mondoni Oleksandr Sirskiy sharqiy frontda vaziyat yomonlashayotganini, rus armiyasi olg’a siljiyotganini bildirdi.
Vashingtonda joylashgan Yevropa tahlil markazi eksperti Mark Voygerning aytishicha, Ukraina o’q-dori, snaryadlarga o’tkir ehtiyoj sezmoqda.
“Afsuski, Ukrainada javob berishga yetarlicha o’q-dori yo’q. Shu sabab vaziyat hozir bir oz pessimistik. AQSh Kongressidagi siyosiy o’yinlar sabab Ukrainaning omon qolishi uchun muhim bo’lgan va va’da qilingan 60 milliard dollar ushlab turilibdi”, - deydi tahlilchi.
Ukrainada askar ham yetishmayapti. Ikki kun oldin parlament safarbarlik haqida qonun qabul qildi. Unda demobilizatsiya urush tugaguncha bekor qilingan, chaqiruv yoshi 27 dan 25 gacha tushirilgan. Bu armiya saflarini to’ldirishda yordam berishi aytilmoqda.
Rasmiylar Rossiyaning Ukrainadagi muhim energetika infratuzilmalariga hujumlari kuchayganini alohida xavotir bilan tilga oladi.
“Energetika infratuzilmasi, suv ta’minoti, gaz ta’minoti stansiyalari batamom vayron bo’lishi mumkin. Odamlar Kiyevni tark etishga, ishlaridan, o’qishlaridan ketishga majbur bo’ladi”, - deydi parlament deputati Solomiya Bobrovska.
Urush boshida Ukraina mudofaa kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazishda qatnashgan amerikalik sobiq harbiy Adrian Bonenberger AQShning Ukrainaga yordami susayayotganidan xavotir bildirdi.
“Nazarimda, Ukraina chekinishda davom etadi, mudofaadan turib jang qilishadi. Yana ko’p askar o’ladi. Ukraina jang qilishda davom etadi. Boshqa iloji yo’q. Rossiya Ukrainani yo’q qilmoqchi. Amerikaga esa yana ishonch yo’qoladi. Odamlar Amerikaga ishonmay qo’ygan. Axir Afg’onistondan chiqib ketdik. Endi Ukrainani ham tashlab ketyapmiz”, - deydi Yel univeristeti faxriylari uyushmasi a’zosi.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parij Olimpiadasi paytida Ukrainada sulh e’lon qilishni taklif etmoqda. Biroq Kreml nazarida, Kiyev sulhdan qo’shinlarini qayta guruhlashda, qurollanishda foydalanishi, so’ng qarshi hujumga o’tishi mumkin.