Breaking News

Putin G’arb davlatlarini ogohlantirmoqda


Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bir guruh jurnalistlar bilan uchrashuv chog’ida G’arb davlatlarining Ukrainani uzoq masofali qurol bilan ta’minlashini va unga bu qurollar bilan Rossiyaga hujum qilishiga ruxsat berishini juda xavfli qadam deb atadi.

Xalqaro hayot - 6-iyun, 2024-yil - Putinning ogohlantirishi. Isroilning G'azoda yana bir qonli hujumi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:19 0:00

Ukraina G’arb qurollari bilan Rossiyaga zarba bergan taqdirda, deydi Putin, Rossiya havo mudofaasi tizimini kuchaytirishga hamda Ukrainaga qurol uzatgan mamlakatlarga hujum qilish uchun o’z qurollarini dunyoning boshqa burchaklariga yetkazishga majbur bo’ladi.

Putin Ukrainada G’arb mamlakatlaridan harbiy mutaxassislar xizmat qilayotganini, Rossiya hujumlarida nobud bo’lishayotganini ta’kidladi.

Germaniya Kansleri Olaf Shols Ukraina Germaniyadan olgan qurollardan Rossiyadan kelayotgan hujumlarni qaytarishda foydalanishi mumkinligini yana bir bor aytib o’tdi.

"Xalqaro qonunga muvofiq Ukraina o’z hududi, shaharlari va fuqarolarini mudofaa qilishga haqli ekanini birgalikda tasdiqlaymiz”, - dedi Shols.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ittifoqchi davlatlarning Ukrainani zarur qurollar bilan ta’minlashida uzilish yoki tanaffus bo’lmasligi kerak deb aytdi.

"So’nggi oylarda Ukrainaga harbiy yordam ta’minotida uzilish, kechikish bo’ldi. Kelajakda bunga yo’q qo’ymaslik kerak”, - dedi Stoltenberg.

Yevropadagi ayrim kuzatuvchilar va matbuot organlari NATOni Rossiya bilan o’ynashmaslikka chaqirmoqda. Ulardan biriga ko’ra, Ukraina G’arb qurollari bilan Rossiya hududlariga jiddiy zarba bersa, Moskva AQShning Germaniyadagi Ramshtayn harbiy-havo bazasini yadro quroli bilan yo’q qilishi mumkin.

NATO amaliyotlari uchun o’ta muhim hisoblangan bazada 50 mingdan ortiq amerikalik harbiy xizmat qiladi.

Putin Rossiyaning Ukrainadagi talafotlari qancha ekanini oshkor qilmadi, ammo Ukraina armiyasining talafotlaridan besh baravar kam ekanini aytdi.

"Shuning uchun ham Ukraina umumiy safarbarlik e’lon qilgan. Bizning hisobimizcha, har oy Ukrainaning vaqtincha va doimiy talafotlari 50 ming kishini tashkil etmoqda. Armiya saflarini to’ldirish maqsadida har oy harbiy xizmatga 30 ming odam yollanmoqda, aksariyati majburan – odamlarni ko’chada tutib urushga jo’natishmoqda. O’z xohishi bilan jang qilmoqchi bo’lganlar ko’p emas. Safarbarlik yoshini 27 dan 25 ga tushirishdi. Ammo AQSh ma’muriyati ulardan 23 ga tushirishni so’rayapti”, - dedi Putin.

6-iyun kuni Amerika Prezidenti Jo Bayden Fransiyaning Normandiya viloyatida Ikkinchi jahon urushi paytida ittifoqchi davlatlar tomonidan ikkinchi frontning ochilishiga bag’ishlangan yubiley tadbirda qatnashib, AQSh va NATO Ukrainani yolg’iz tashlab qo’ymasligini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG