Breaking News

AQSh: "WikiLeaks" asoschisi Julian Assanj aybni tan oldi, ozod


"WikiLeaks" asoschisi Julian Assanj AQShning Mariana orolida federal sudda, 26-iyun, 2024
"WikiLeaks" asoschisi Julian Assanj AQShning Mariana orolida federal sudda, 26-iyun, 2024

AQSh hukumatining maxfiy ma'lumotlarini global tarmoqda tarqatgan "WikiLeaks" tashkiloti asoschisi Julian Assanj 26-iyun kuni federal sud huzuriga borib, unga qo'yilgan ayblovlardan biriga iqror bo'ldi.

Bu harakat evaziga esa Assanj ozod etilib, unga qarshi ish tugatildi. U tan olgan ayblov Amerika davlat sirlarini fosh etish uchun jinoiy qadamlar tashlaganlikdir.

Sud uning ona yurti Avstraliyaga qaytishiga ruxsat bergan, Amerika uni hibsga olmaydi. O'tgan besh yildan beri Assanj Britaniya qamog'ida edi. AQSh uning ekstraditsiya qilinishi so'ragan, ayblanuvchi sud orqali bunga qarshi kurashib kelayotgan edi.

Amerika federal sudida aybdor deb topilsa, Assanj 100 yildan oshiq qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin edi.

AQSh prokurorlari uning "aybdorman" degan iqroriga tizimning g'alabasi sifatida qaramoqda. Vashingtonda mutasaddilar bu ishning yakunlanishi davlat xavfsizligi va erkinlik borasidagi og'ir yuridik munozaralarni tinchitadi, degan umidda.

Assanjning ekstraditsiya qilinib, Amerika tuprog'iga olib kelinishi naqadar murakkab jarayon ekani ham qayd etilgan.

"WikiLeaks" 2006-yilda ish boshlagan. Tashkilot Assanjning qutulganini tantana qilib, uni quvvatlaganlarga rahmat aytmoqda.

"WikiLeaks" asoschisi Julian Assanj AQShning Mariana orolida federal sudda, 26-iyun, 2024
"WikiLeaks" asoschisi Julian Assanj AQShning Mariana orolida federal sudda, 26-iyun, 2024

Kompyuter texnologiyasi ustasi deb hisoblangan Assanj dunyo bo'ylab ko'plar nazarida oshkoralik uchun mardona kurash olib borgan qahramondir.

Davlatlar, jumladan AQShga ko'ra esa uning mas'uliyatsiz va noqonuniy harakatlari minglab insonlar hayotini va mamlakat tinchligini tahdid ostiga qo'ygan. Vashington boshidan Assanjga matbuotchi yoki shaffoflik himoyachisi deb qaramagan.

AQSh Adliya vazirligining murosasi shuki, u Assanjning kontinental sarhadga kelmasligiga va uning ishi eng uzoqdagi hududda, ammo federal sudda ko'rilishiga ruxsat bergan.

"Wikileaks" AQSh xavfsizligi bilan bog'liq ma'lumotlarni Barak Obama prezidentligi paytida, Iroq va Afg'onistonda qonli urushlar ketayotgan zamonda, chop etgan. Assanjga qanday jinoiy ayblovlar qo'yilgani Donald Tramp prezidentligi paytida bayon qilingan.

Federal prokurorlarga ko'ra, Assanj AQSh armiyasi razvedka tahlilchisi Chelsi Menning bilan til biriktirib, harbiy amaliyotlar uchun zarur bo'lgan maxfiy ma'lumotlarni uzatgan manbalarni fosh etishga kelishib olgan. Assanj bu ishlarning naqadar jinoiy ekanini bila turib, shu yo'ldan borgan, deyiladi sud hujjatlarida.

14 yil oldin eng katta hajmdagi ma'lumotlarni chiqarganidan keyin Shvetsiya Assanjni jinsiy tajovuzda ayblab, hisbga olishni buyurgan. Assanj buni inkor etgan, keyinchalik bu ish bekor qilingan.

2012-yilda u Londonda Ekvador elchixonasiga borib, siyosiy boshpana so'ragan. Yetti yil mobaynida u elchixonada yashagan.

2019-yilda Ekvador uni boshqa himoya qilmasligini bildirgach, Britaniya uni hibsga olgan. Besh yilni u o'sha yerda o'tkazgan. Britaniya sudlari AQShning ekstraditsiya iltimosini qondirmagan.

Assanj Amerika qo'liga topshirilsa, unga nisbatan noinsoniy munosabatda bo'lishlari mumkinligini da'vo qilib keldi. AQShda u hatto o'lim jazosiga buyurilishi mumkinligidan xavotirlangan.

Biroq federal prokurorlar bunday maqsadlari yo'q ekanini, yagona muddao Assanjni maxfiy ma'lumotlarni keng ommaga oshkor etgani uchun adolat oldida javob berishini ta'minlash bo'lganini ta'kidlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG