Breaking News

AQShda FTBni aldagan o'zbekistonlikka bir oylik qamoq jazosi belgilandi


Konnektikut shtatining Nyu-Briten shahrida yashagan o’zbekistonlik, 37 yoshli Sidiqjon Mamadjonov huquq-tartibot va immigratsiya xizmati xodimlariga Suriyada halok bo’lgan ukasi haqida yolg’on ma’lumot bergani uchun bir oylik qamoq jazosiga hukm qilindi.

U jazoni o’tab bo’lgan, ammo bundan tashqari yana bir yil kuzatuv va nazorat ostida bo’ladi. Shtat prokuraturasining bildirishicha, 2010-yilda grin kartani qo’lga kiritgan Mamadjonov 2013-yilda Turkiyaga safar qilgan.

U safari paytida yoki oldinroq ukasi Saidjon Mamadjonovning Suriyada halok bo’lgani haqida xabar topgan. AQShga qaytganidan so’ng Sidiqjonga iPhone 4 solingan paket yetkazilgan.

“Telefonda Saidjonning Suriyada ekani aks etgan bir qancha video va fotosuratlar, uning harbiy kiyimda qurol tozalayotgani va o’lganidan keyin tushirilgan suratlari bo’lgan”, deyiladi press-relizda.

2014-yilda AQSh Federal tergov byurosi (FTB) xodimlari bilan uch marta savol-javobda Sidiqjon Turkiyaga safari va ukasi to’g’risida yolg’on so’zlagan, jumladan ukasi tirik ekani, Turkiya yoki Dubayda yashayotgani, ukasi bilan Turkiyada uchrashganini aytgan.

2016-yilda FTB agentlari bilan intervyuda ham Sidiqjon ukasidan jo’natma olgani, Amerikadagi o’zbekistonliklarning Suriyaga jang qilish uchun ketgani haqida hech narsa bilmasligini iddao qilgan.

“O’shanda Sidiqjon Saidjonning AQShdan Suriyaga borganini, fuqarolik urushida halok bo’lganini bilar edi”, deyiladi prokuratura bayonotida.

Sudga taqdim etilgan hujjatlarga ko’ra, 2016-yilning oktabrida AQSh fuqaroligini olish uchun intervyudan o’tayotganda ham Sidiqjon yuqoridagi yolg’onlarni takrorlagan.

2017-yilning dekabrida Sidiqjon hibsga olingan. 2023-yilda hakamlar hay’ati uni huquq-tartibot idoralariga va immigratsiya masalasida yolg’on ma’lumot berganlikda aybdor deb topdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG