Kiyevda yashayotgan o`zbek millatiga mansub Ravshanbek Ro’zmetov oilasi bilan dasturxon atrofida Ukraina televideniyesi orqali urushga doir so`nggi xabarlarni kuzatmoqda.
Ravshanbekning to`rt nafar farzandi bor: uch qiz, bir o’g’il. Turmush o’rtog’i Yelena Ro’zmetova ukrainalik. Ular Kiyevda tanishib, turmush qurishgan.
Ro’zmetovlar oilasi internatsional; turli din va millat vakillari o’rtasida tuzilgan nikohdan vujudga kelgan.
Yelena Ro’zmetovaning aytishicha, bunga oson erishilmagan, turli qiyinchiliklar bo’lgan, muammolarga hamjihatlikda yechim topilgan, eng asosiysi, oilani mehr, muhabbat tark etmagan.
“Albatta, yoshligimda qo`qruv bor edi. Men cho’qintirilgan nasroniyman, erim musulmon, bolalarimiz kim bo`ladi, degan xavotir. Bu rostdan muammoli vaziyat. Masalan, katta qizimiz Liliya cho´qintirilgan, xristian nasroniy. Bundan erimning, o’zimning ham xabarim bo`lmagan. Qizim bolaligida ko`p kasal bo`lardi, shu sababli mening ota-onam uni ruhiy himoya bilan ta’minlash uchun cho’qintirishdi, u nasroniy. O’g’limiz Temur musulmon, bu uning o`zini tanlovi. U barcha islomiy an’analarni bajardi, otasi ko`maklashdi. Men o’g’limning tanloviga qarshi emasman, demokratman. Barcha masalalarni hamjihatlikda muhokama qilib hal qilamiz. Shu sababli kichkina qizlarimiz qaysi, qanday dinga e’tiqod qilishini ularning o’zlariga havola qildik. Biz ularga biror bosim o`tkazishni istamadik. Bizning oilamiz ota-onalar turli dinlarga mansub bo`lgan vaziyatdan shunday o`tdi. Oilada totuvlik bo`lsa har qanday muammo ham yechiladi”, - deydi Yelena Ro’zmetova.
Ravshan Ro’zmetov turkmanistonlik o’zbeklardan. U xizmatni sovet armiyasida, Ukrainada o`tagan. Xizmatdan keyin Ukrainadagi Oliy militsiya maktabiga o`qishga kirgan. O´qishdan so`ng bir necha yillar davomida Ukraina Ichki ishlar vazirligida ishlagan Ro’zmetov keyinchalik advokatlik bilan shug’ullanadi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Ro’zmetov advokatlik faoliyati vaqtincha to’xtatdi, Ukraina, oilasi himoyasiga otlandi, ko’ngilli tarzda Hududiy mudofaa kuchlari tarkibiga qo‘shildi.
Yelena erining o’z oilasi himoyasiga otlanishiga shubha qilmaganini, u bilan faxrlanishini ta´kidlaydi:
“Men erimdan juda minnatdorman. Ukraina uning ona vatani emas, lekin farzandlari, xotinining vatani. U tap tortmasdan o`z oilasi himoyasiga otlandi, bunday holatlar oilani yanada mustahkam qiladi”.
Ro´zmetovlar oilasi Rossiya qo’shinlari Kiyevni olishga yaqin qolgan paytda ham Ukrainani tark etmadi, vaholanki buning uchun imkoniyat bor edi, Kiyev qurshovga olingan tahlikali damlarni birgalikda o`tkazishdi. Oiladagi katta farzand Liliya otasi izidan borib, Hududiy mudofaa kuchlari safiga qo’shildi.
“Avvalo, bu bizning vatanimiz, birinchi tahdid yuzaga kelishi bilanoq qochib qolish bizning oilamizga xos emas. Bizga tazyiq ko`rsatishsa, unga qarshilik ko‘rsatishga odatlanganmiz”, - deydi Yelena.
Ro’zmetov Ishki ishlar vazirligidagi xizmati, advokatlik faoliyati, shuningdek Ukraina qurolli kuchlari safiga qo’shilishi davomida ham turli medal, ordenlar bilan mukofotlangan.
Urushni Hududiy mudofaa kuchlari tarkibida Kiyevdagi o’z mahallasini himoya qilishdan boshlagan Ro’zmetov keyinchalik Qurolli kuchlar safida dron operatori sifatida frontning bir nechta og’ir nuqtalarida bo’ldi.
Unga berilgan jangovar mukofotlardan biri Baxmutdagi janglar uchun, Ukraina Qurolli kuchlari sobiq qo`mondoni general Zalujniy tomonidan taqdim etilgan.
Uchinchi yilki, Ukraina qurolli kuchlari safida Rossiyaga qarshi urushayotgan Ravshan Ro’zmetov shu vaqt davomida ko’plab do’stlaridan ayrildi, ularning aksariyati Kiyevdagi qabristonda dafn etilgan. Ravshan imkon topganda urushda qurbon bo`lgan marhum do’stlarini xotirlagani qabristonga boradi.
Ro’zmetovlar oilasi urush yakun topishiga, hayotni Ukrainada, Kiyevda davom ettirishlariga ishonch bilan yashamoqda.
Ravshanbek Ro’zmetov oilasi, farzandlari, Ukraina himoyasi uchun kurashni davom ettirishini, farzandlarining istiqboli Ukraina ozodligiga bog’liqligini aytadi.