Breaking News

Rossiya g’arblik sayyohlar o’rnini do’st mamlakatlar hisobiga to’ldirmoqchi


Xitoylik sayyohlar Rossiya poytaxti Moskva markazidagi harbiylar aks etgan devoriy surat oldida, 2024-yil, 26-iyun.
Xitoylik sayyohlar Rossiya poytaxti Moskva markazidagi harbiylar aks etgan devoriy surat oldida, 2024-yil, 26-iyun.

Aleksandra Kulikova afsonaviy Pyotr I tomonidan Rossiyaning “G'arbga oynasi” sifatida asos solingan mashhur shahar Sankt-Peterburg ko‘chalarida tez-tez turli Yevropa tillarini eshitar edi.

“Hamma joyda ingliz, fransuz yoki italyan tillarida gaplashayotganlarni eshitish mumkin edi va doim odamlar bilan gavjum edik”, - dedi shahardagi ijaraga beriladigan kvartiralar tarmog'ining egasi Kulikova.

Ammo Kremlning Ukrainaga harbiy hujumi va bunga javoban qo‘llangan sanksiyalar Rossiyani G‘arbiy sayohatchilari uchun deyarli yopib qo‘ydi va bu mamlakatning turizm sanoatiga jiddiy zarar yetkazdi.

Rossiya endi bu bo‘shliqni Osiyo va Yaqin Sharqdan keladigan sayyohlar bilan toʻldirishga umid qilmoqda.

“Men juda ko'p sonli xitoylik guruhlarni, oilalar bilan sayohat qilayotgan arab sayyohlarini va hindlarni uchratmoqdaman”, - deydi Kulikova.

“Ammo ular juda boy bo‘lgani sabab, kvartiralarda emas, balki hashamatli mehmonxonalarda to‘xtashadi” - deb qo‘shimcha qildi u.

Bu uning biznesiga ta’sir qilmay qolmadi. Uning avvallari joy topish qiyin bo’lgan, shaharning qoq markazidagi oltin gumbazli Isaakiy soborining ajoyib manzarasi ko’rinib turadigan kvartiralari ham bo’shab qoldi.

Turizm yo’nalishlari o’zgardi

Siyosiy muhitning G'arb va g'arbliklarga nisbatan dushmanona va noxush bo'lib borayotgani bilan bir qatorda, sanksiyalar va logistika qiyinchiliklari sayohatlarni yana-da murakkablashtirdi.

Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va AQShga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar toʻxtatildi.

“Visa” va “Mastercard” kabi bank kartalaridan Rossiyada foydalanish taqiqlandi.

“Bu holatlar turizmni Sharqqa tomon qayta tashkil etishga turtki berdi”, - deydi Sankt-Peterburgdagi gid-tarjimonlar uyushmasi rahbari Sergey Kalinin.

2024-yilning birinchi choragida Rossiyaga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlarning deyarli yarmi – 218 mingdan 99 ming nafari Xitoydan kelgan.

Rossiya Tur Operatorlari Assotsiatsiyasi ma'lumotlariga ko'ra, Germaniyadan taxminan 8400 kishi kelgan — bu boshqa har qanday g‘arbiy davlatdan ko‘ra ko‘proq, lekin bu 2019-yilga nisbatan uchdan ikki qismga kam.

Umumiy jihatlar

O‘zining muhtasham saroylari va go‘zal kanallari bilan mashhur sobiq imperiya poytaxti keskin o‘zgarishlarga guvoh bo’lmoqda.

Sankt-Peterburg vokzalida, yozning uzoq oqshomida, asosan, xitoylik sayyohlar Moskvaga yo’l oladigan tungi poyezdlarga o‘tirishga shoshilishadi.

“Rossiya qiziqarli mamlakat, endilikda bu yerga kelish osonlashdi. Elektron vizalar bor”, - deydi “AFP” agentligiga o’z parvozini kutayotgan 60 yoshli Liu Yitin.

“Rossiyada ko'plab turistik joylar mavjud, shuningdek, mamlakatlarimizning umumiy jihatlari ko’p”, - dedi Yitin.

Xitoy Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari fonida eng muhim siyosiy va iqtisodiy ittifoqchisiga aylandi, ikki yetakchi — Vladimir Putin va Si Zipin — dunyo sahnasida bir-birlarini muntazam ravishda “eski do'stlar” sifatida namoyon qilishadi.

G'arb hukumatlari o'z fuqarolariga Rossiyaga sayohat qilishdan tiyilishni qat'iyan tavsiya qilgan bir paytda, Pekin bunday ogohlantirishlar bermadi, Xitoydan Rossiyaga sayyohlar soni keskin o'sdi.

“Moskvaga tashrif buyurishni xohlaydigan xitoyliklar juda ko’p”, - deydi Moskvada Shanxaydan kelgan bir guruh sayyohlarga boshchilik qilgan gid qiz Xia Kosinai.

“Ular Rossiya haqida faqat televideniya orqaligina ma’lumotga ega”, - deydi u.

“Ukrainadagi janglar tufayli ular biroz qo'rquvda. Lekin hozircha hammasi joyida”, - deydi Xia Kosinai.

“Vaziyat avvalgidek emas”

G'arbdagi izolyatsiya sharoitida Rossiya hukumati “do'st” mamlakatlar fuqarolari uchun ko'proq sayohat qilish imkoniyatlarini yaratishga intilmoqda.

Rossiya Iqtisodiyot vazirligi ma'lumotiga ko'ra, Moskva Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan vizasiz sayohat qilish imkoniyatlarini ko'rib chiqmoqda; Xitoy va Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar sonini oshirishni rejalashtirmoqda.

Sankt-Peterburg ham bu borada o'z marketingini kuchaytirdi.

Shahar rasmiylari may oyida Pekin, Shanxay va Chengduda o'tkazilgan savdo yarmarkalariga safar qildi; xuddi shunday tadbirlar Hindistonda ham o'tkazildi.

Bu yil ular Osiyo, Yaqin Sharq va sobiq Sovet Ittifoqidagi 16 yirik savdo yarmarkalarida qatnashishni rejalashtirmoqda.

Mazkur sa'y-harakatlarga qaramay, ko'plab soha vakillari Rossiya hali ham sayyohlar tanqisligiga duch kelayotganini ta'kidlaydi.

“Vaziyat avvalgidek emas”, - deydi Sankt-Peterburgdagi gid Mariya Xilkova.

“Hatto xitoylik sayyohlar bilan ham katta turistik oqim yo'q, bu vaziyatni COVIDdan oldingi davr bilan solishtirib bo'lmaydi”, - dedi u.

“Hammasi qayta tiklanishi uchun kamida besh yil kerak bo'ladi”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG