Immigratsiya – AQShda bu yilgi saylov mavsumida dolzarb mavzu. Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Kamala Harris saylov kampaniyasida o’tmishda prokurorlik ishidagi yutuqlariga urg’u bermoqda.
Uning saylovdagi respublikachi raqibi, sobiq prezident Donald Tramp esa Bayden ma’muriyatining immigratsiya bobidagi siyosatini tanqid qilarkan, Oq uyga kelishi bilan hujjatsiz muhojirlarni ommaviy ravishda deportatsiya qilishga va’da beryapti.
AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris saylovchilar bilan uchrashuvlarida Kaliforniyada prokurorlik lavozimidagi yutuqlariga urg’u beryapti.
"Men huquq-tartibot organlari vakillari bilan birga AQSh va Meksika chegarasidagi yer osti tunnelaridan yurdim. Mamlakatimizga noqonuniy kirgan transmilliy to’dalar, narkokartellar, inson savdogarlarini ta’qib etdim, ularni birma-bir sudga berib, g’alaba qozondim”, - deydi Harris.
Uning saylovdagi respublikachi raqibi Donald Tramp prezident bo’lganida chegarada salkam 80 kilometrlik devor qurdirgan, qochqinlarni qabul qilishga qaratilgan yillik kvotani keskin kamaytirgan, bolalarni ota-onalaridan ajratuvchi siyosatni ishga solgan.
“Kelayotgan noyabrda Amerika xalqi faoliyatimizni solishtirib, “Chegara qirolichasi Harris, ishingizni uddalay olmadingiz, mamlakatimizga sharmandasiz, ishdan bo’shatildingiz, yo’qoling” deb aytadi”, - deydi Tramp.
Immigratsiya saylov kampaniyasida qaynoq mavzudir. So’nggi ommaviy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, saylovchilarning 50 foizi muhojirlarning Amerikaga ko’p sonda kirib kelishini tahdid deb biladi. Yarmidan ko’pi chegarada devor bo’lishini va askarlar turishini qo’llab-quvvatlasa-da, aksariyati hujjatsiz muhojirlarning ommaviy haydalishiga qarshi.
Kongress immigratsiya islohotiga doir qonunni qabul qilishga ojizlik qilarkan, chegaradagi vaziyat prezident farmonlari va qoidalar hisobiga nazorat etilmoqda.
“Hozirgi siyosiy muhitda prezidentning bu boradagi har qanday harakatlariga qarshi sudda da’vo ochiladi, Kongress esa harakat qilishga tayyor emas”, - deydi muhojirlar masalasi bilan shug’ullanuvchi advokat Kori Formen.
Harris chegara xavfsizligini ta’minlovchi qonun loyihasiga xayrixohlik bildirarkan, hujjatning yil boshida Senatdan o’tmaganida Trampni ayblayapti.
"U ikki partiyaviy kelishuvni cho’ktirishga harakat qildi, bu unga saylovda g’alaba qozonishiga yordam beradi deb o’yladi. Donald Tramp faqat o’zini o’ylaydi, chegara xavfsizligi bilan ishi yo’q. Mening sizlarga va’dam shuki, prezident sifatida Donald Tramp cho’ktirgan chegara xavfsizligiga doir qonun loyihasini qaytarib, imzolab, qonunga aylantiraman”, - deydi Harris.
Trampning Kongressdagi respublikachi ittifoqchilari undan boshqa va xususan immigratsiya mavzularining Harrisdan ustunligi bor taraflariga e’tibor qaratishni so’ramoqda.
Tramp hujjatsiz migrantlarni deportatsiya qilishga da’vat etishda davom etarkan, Bayden-Harris ma’muriyatini ochiq chegara siyosati uchun tanqid qilmoqda.
"Sizning ovozingiz bilan inflyatsiyani to’xtatamiz, noqonuniy muhojirlarni ortga qaytaramiz. Harris chegaramizning mustahkam ekanini aytmoqda. Ammo chegara ularning paytida dunyodagi eng yomon chegaradir”, - deydi Tramp.
Iyun oyida AQSh Chegara patruli 130 ming migrantni to’xtatdi. Tramp prezidentligining so’nggi yilida, 2019-yil iyunida bu raqam 104 mingga teng edi.
Bayden prezidentligi paytida esa rekord ko’rsatkich 2023-yil dekabriga to’g’ri keladi. O’shanda chegarada 300 mingdan ziyod migrant qayd etilgan.