Respublikachilar partiyasidan vitse-prezidentlikka nomzod J.D. Vens millenial avlod deb ataladigan yoshlar orasidan yuqori lavozimga da’vogarlik qilayotgan birinchi shaxsdir. 1980-yildan keyin tug’ilgan bu avlod noyabr oyidagi saylovlar haqida qanday fikrda?
J.D.Vens noyabr oyida Donald Tramp bilan birga saylovda g‘alaba qozonsa, AQShning eng yosh vitse-prezidentlaridan biri bo‘ladi.
Vens va uning rafiqasi Usha millenial avlod vakillaridir – “Pyu” tadqiqot markaziga ko’ra, bu demografik guruh 1981 va 1996-yillar orasida tug'ilganlarni o’z ichiga oladi.
AQShda yoshlar ko’plab iqtisodiy qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda, jumladan, talabalar zimmasidagi kredit qarzi va uy-joy narxlarining balandligi. Ular texnologiyani yaxshi tushunadi; 2001-yil 11-sentabrdagi terror xurujlari xotirasi bilan ulg’aygan. J.D. Vens ham bundan mustasno emas.
“11-sentabr voqealaridan keyin minglab tengdoshlarim qatori menda ham vatanparvarlik va vatanga muhabbat kuchaydi. Shu tariqa men AQSh dengiz piyoda kuchlariga qo'shildim", - deydi u.
Texaslik Sara Gardner Vens uchun ovoz berishga tayyor.
"Vashingtonda ko'plab keksa siyosatchilar bor va ba'zilari u yerda uzoq vaqtdan beri ishlaydi. Bizga yangi nuqtai nazar olib keladigan va yosh saylovchilarni ifodalovchi yangi g'oyalarga ega bo'lgan odam kerak", - deydi yosh saylovchi.
Demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Kamala Xarris tarafdorlari orasida ham yoshlar ko’paymoqda.
"Bu saylovda yoshlar muhim rol o'ynaydi va ularning ovozini olish oson deb o’ylashmasin. Bunga sazovor bo’lish kerak. Biz aynan shunday qilamiz", - dedi Kamala Xarris.
Kaliforniyalik Deyvid Merazning aytishicha, Xarris yosh saylovchilar uchun eng yaxshi tanlovdir.
“Hozirgi paytda u raqobatbardosh bo’la oladigan yangi qiyofa. U bu rolni bajarish uchun malakaga ega va Trampga qarshi chiqa oladi”, - deydi u.
Millenial avlod va undan keyin tug’ilganlar kuchli ovoz berish blokini tashkil qiladi, deydi “DoSomething.org” loyihasi bosh direktori DeNora Getachyu.
“Agar ular 2020-yildagidek daajadada qatnashsa, jami saylovchilarning 37 foizini tashkil qiladi. Buning uchun birinchi qadam: ovoz berish uchun ro'yxatdan o'ting. Ikkinchi qadam: ovoz bering va o'zingizni ko'rsating", - deydi u.
Yosh saylovchilar siyosiy jihatdan xilma-xil bo'lsa-da, ular odatda o'zgarishlar tarafdori.
“Biz Amerikaning qulab borayotganini ko'ryapmiz. Buning sababi shundaki, saylangan odamlar bizning yoshimizdan emas. Keyingi avlod 20-30 va 40 yoshlardagi odamlardir. Nega endi 20, 30 va 40 yoshdagilarni 50, 60, 70 yoki 80 yoshlardagilar namoyon qilishi kerak”, - deydi Ashrat Solih.
“US News & World Report” so'roviga ko'ra, millenial saylovchilarning 70 foizi inflyatsiya va yashash narxi oshganini asosiy muammolar sifatida ko’radi. Bu iqtisodiy muammolar reproduktiv huquqlar, qurolli zo'ravonlik va iqlim o'zgarishidan ancha oldinda.