Breaking News

Qozog'iston Xitoy bilan fazo dasturida hamkorlik qilmoqchi


Qozog'iston va Xitoy liderlari, arxiv.
Qozog'iston va Xitoy liderlari, arxiv.

Kelishuv yaqinda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida imzolangan. Qozog‘iston Xalqaro Oy tadqiqot stansiyasining 12-a’zosi sifatida qabul qilingan.

Rossiyaning “Roskosmos” agentligi bilan hamkorlikdagi tashabbus 2021-yil e’lon qilingan edi. Unga 12 davlat a’zo. Bularga Ozarbayjon, Belarus, Misr, Nikaragua, Serbiya, Pokiston, Janubiy Afrika, Tailand va Venesuela davlatlari ham kiradi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligining qoʻshma bayonotida aytilishicha, Pekin va Ostona kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish, Oy va fazodagi tadqiqotlar bo’yicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun ikki davlatning aerokosmik agentliklari o'rtasidagi o’zaro almashinuv va hamkorlikni qo'llab-quvvatlaydi.

Qozog‘iston Raqamli taraqqaiyot, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi yaqinda hamkorlik haqida qo’shimcha ma’lumot berdi.

Unga ko’ra, Pekin va Ostona bir-birining kosmodromlaridan tijorat maqsadlarida foydalanish istiqbollarini o‘rganadi. Shuningdek, Qozog‘iston Oyni o’rganish teleskopini yaratish va ishga tushirish bo’yicha loyihaning bir qismi bo‘lishini ma’lum qildi.

Qozog‘istonning Xitoyning Oyni o‘rganish bo‘yicha rejalariga qo‘shilishi uning Xitoyning jadal rivojlanayotgan kosmik sanoatiga integratsiyalashuviga yordam beradi. Mutaxassislar fikricha, bu Pekinning tashabbusi. Xitoy AQSh bilan raqobatlashish uchun hamkorlari doirasini kengaytirmoqda.

AQShning Moskvadagi elchixonasi sobiq mudofaa attashesi va Amerikaning “RAND” tadqiqotlar korporatsiyasining kosmik siyosat bo‘yicha katta ilmiy xodimi Bryus Makklintok fikricha, Xitoy fazo qudrati bo’yicha AQShga yetib olib, undan o’zib ham ketmoqchi. "Xitoyning Oydan namuna olib kelish bo’yicha missiyasi Oyni tadqiq qilish yo’lidagi moliyaviy ahdi va uzoq muddatli maqsadlariga erishish yo’lidagi texnik imkoniyatlarini namoyish etadi", - deydi Makklintok.

Iyun oyida “Chang'e-6 “ oy modulining Yerga muvaffaqaiyatli qaytishi Xitoyning navbatdagi yutug’i bo'ldi. Pekin 2030-yillarga borib Oyda Xalqaro tadqiqot stansiyasini qurib bitkazmoqchi. Xitoy Milliy kosmik ma'muriyati 2030-yilgacha Oyga fazogirlarini yuborishni maqsad qilganini bildirdi. Pekin aprel oyida Xalqaro Oy tadqiqot stantsiyalari hamkorlik tashkilotiga ham asos soldi.

Pekinning Oydagi ambitsiyalari NASAning “Artemis” dasturiga javob sifatida ko'rilmoqda. “Artemis” AQSh boshchiligidagi loyiha bo'lib, 2025-yilgacha Oyga ekipaj jo'natishni maqsad qilgan. Vashington 40 dan ortiq davlatlar bilan kosmosni tadqiq qilish va undan foydalanish bo’yicha “Artemida kelishuvi”ni imzoladi.

“O'z dasturlari uchun hamkor topish poygasi “avjiga chiqar” ekan, Xitoyliklar ham xuddi shunday tashkilotlar tuzishga harakat qilmoqda”, - deydi Berlindagi “Merkator” Xitoyni o’rganish instituti tahlilchisi Yeva Sayvert.

“Qozog‘iston Xitoyni bilim, kadrlar tayyorlash va o‘zlarining kosmik sanoatini moliyalash manbai sifatida ko‘radi”, - deydi Zayvert.

Qozog‘iston qariyb 70 yil davomida Sovet va Rossiya kosmik dasturlarining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Mamlakat janubida joylashgan Baykonur kosmodromidan koinotga yuzlab raketalar uchirilgan. Xususan, mashhur tarixiy parvozlar ham shu yerda ro’y bergan. Masalan, 1957-yil dunyodagi birinchi sun’iy yo‘ldosh “Sputnik” shu yerdan uchirilgan. 1961-yil kosmonavt Yuriy Gagarin ham shu zamindan fazoga ko’tarilgan.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin ham Baykonur Rossiyaning “Roskosmos” agentligi uchun fazoga yo’l olish maydoni bo'lib qolayotgan bo’lsa-da, lekin o’zaro kelishmovchiliklar yuz berib turadi. “Roskosmos” kosmik uchirmalarini amalga oshirish maydonini Rossiya hududiga ko‘chirmoqchi.

So’nggi yillarda Rossiya kosmik dasturlarini moliyalashtirishda qisqarishlar yuz berdi, texnik muvaffaqiyatsizliklar va kelishmovchiliklar kelib chiqdi. G’arb avval 2014-yil, keyin 2022-yil Rossiyaga sanksiylar joriy qildi. Natijada, Rossiya Gʻarb tomonidan ishlab chiqariladigan fazoni o’rganish dasturlari uchun muhim bo’lgan ba’zi tarkibiy qismlardan mosuvo bo’ldi.

Rossiya fazo sanoati “ortga tisarilish”ni boshdan kechirib turgan bir paytda esa Xitoy bu sohaga milliardlab dollar sarmoya kiritib, “fazo poygasi” ishtirokchisiga aylanmoqda.

Xalqaro Oy tadqiqot stantsiyasi loyihasi Xitoy-Rossiya hamkorligida yuzaga kelgan bo’lsa-da, lekin mutaxassislarga ko’ra, bu tashabbusda Xitoy yetakchi bo’g’indir.

“Rossiyaning imkoniyatlari ko’p deb o’ylamayman, - deydi Londonda joylashgan “RUSI” global xavfsizlik va mudofaa bo’yicha tahlil markazi xodimi Juliana Syuss. - Kosmos masalasiga kelganda, Rossiya Xitoy-Rossiya munosabatlaridagi kichik hamkorga o'xshaydi", - deydi Syuss.

Pekin fazo dasturlariga sarmoya kiritish, yangi-yangi hamkorlarni jalb etish, koinot sanoatini jadal rivojlantirishda davom etmoqda. Hatto "Bir kamar va bir yo'l" tashabbusiga ham fazoviy tadqiqotlarni rivojlantirish bo’yicha loyihalar kiritdi. Bunga sun'iy yo'ldoshlarni joylashtirish, yerda stansiyalar qurish, ma'lumotlar markazini tashkil etish va xorijiy kadrlarni o'qitish kiradi.

“Xitoy fazo sanoatidagi qudratini jadal oshirmoqda. Qozogʻiston qoʻshilgan Oyda baza qurish loyihasi uning muttasil saʼy-harakatlarning bir qismi xolos”, - dedi Syuss.

Qozog‘istonning loyihaga qo‘shilishi Xitoy uchun kosmik ambitsiyalari yo’lidagi yana bir qadamdir. Angliyadagi Lester universitetining kosmik siyosat bo‘yicha dotsenti Bleddin Bovenning aytishicha, Ostona va Pekin o‘rtasida erishilgan kelishuvning boshqa muhim jihatlari ham bor.

“Oy ilmiy yoki tadqiqot loyihalari uchun moʻljallangan, - deydi Boven. – Ammo, shu bilan birga, loyihani amalga oshirish bo'yicha kelishuv Yer orbitasiga yanada ko'proq sun'iy yo'ldoshlar uchirish degani”.

Pekin uchun Amerika Qo'shma Shtatlari bilan kosmosda raqobat qilish salohiyatini oshirishning muhim yo’nalishi bu - Xitoyning Beidou (BDS) sun'iy yo'ldosh navigatsiya tizimidir. BDS bu - Amerikaning GPS, Rossiyaning GLONASS yoki Yevropaning Galileo navigatsiya tizimlariga Pekinning javobidir.

Bu tizimlarning keng qo'llanilishi katta tijoriy ahamiyatga ega. Pekin BDS samolyotlar, avtoulovlar, kema navigatsiyasi uchun, shuningdek, gumanitar yordam uchun, qishloq xo'jaligini yaxshilash va ob-havo prognozlari uchun keng qo’llanishini istaydi. AQSh Harbiy-havo kuchlarining Xitoy aerokosmik tadqiqotlar instituti hisobotida ta'kidlanganidek, 2020-yildan beri 30 ta BDS global tarmoq sun'iy yo'ldoshlari ishga tushirilgan. 120 dan ortiq mamlakatlar BDSdan foydalanmoqda.

Ostonaning Moskvadan Pekin tomon “burilishi” Xitoy va Qozog‘iston xususiy kosmik kompaniyalarining 2013-yildagi o’zaro hamkorligi bilan boshlangan. Rossiyaning kosmik dasturlari oqsay boshlashi bilan Qozog’istonning Xitoy bilan hamkorligi yanada kengaydi.

"Investor sifatida hozir Xitoy ancha jozibador. Shuningdek, Xitoy Qozogʻiston uchun kosmik sanoati ishlab chiqarayotgan komponentlarni sotib olishi mumkin bo’lgan ulkan bozordir”, - deydi Boven.

Xitoy kosmik parvozlar uchun Qozog‘iston hududidan foydalanishi ham mumkin. Chunki, Rossiya Baykonur kosmodromidan voz kechmoqchi.

Rossiya ushbu obyektni 2050-yilgacha ijaraga olgan bo'lsa-da, Xitoy hozirda dunyo bo'ylab uchish maydonlarini qidirmoqda. Xitoy bilan chegaradosh Qozog'istonning Sari-Shagan ballistik raketaga qarshi sinov maydoni ham bor.

“Qozog’iston diversifikatsiyani kengaytirishi va Rossiyadan kelib turgan tushum to’xtab qolmasligi uchun yangi davlatlarni jalb qilishi kerak. Xitoy bilan hamkorlik esa kelajakda ana shu rejaning bir qismi bo’ladi", - deydi Boven.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG