Breaking News

Oyga qaytish dasturida 30 dan oshiq davlat hamkor


Artemida – kosmik tadqiqotlarning yangi davri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:22 0:00

Oyda baza qurish – AQSh Fazo agentligi NASA o’z oldiga qo’ygan maqsadlardan biri. “Artemida” nomli xalqaro dastur doirasida kelasi ikki yilda astronavtlarni Oyga eltish rejalangan.

"Oy bazasi loyihasi" nomli 1953-yilgi Gollivud filmida insonlarning Oyda yashashi tasvirlangan. "Disney" kompaniyasining 2023-yilgi "Krater” filmida esa yoshlar Oyda beysbol o’ynamoqda.

Bu kadrlar “Artemida” dasturi sharofati bilan yaqin orada haqiqatga aylanishi mumkin. “Artemida-1” doirasida 2022-yilda ekipajsiz sinov parvozi amalga oshirilgan edi.

“Artemida-2” doirasida esa shu yil noyabrda to’rt astronavt Oy yonidan uchib o’tadi. Uchinchi bosqichda, 2025-yil oxirida fazogirlarning Oyga qo’nishi rejalangan.

Oy orbitasida “Geytvey” deb nomlangan kosmik stansiya qurish ham rejada. Undan bo’lajak missiyalarda, xususan keyinchalik Marsga uchishda ham foydalanish mumkin. 2025-yil oxirigacha ikki yirik modul tayyor bo’lishi kutilyapti.

Loyiha Qo’shma Shtatlar va yana 33 davlat o’rtasida imzolangan, majburiy kuchga ega bo’lmagan “Artemida” kelishuvlariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Kelishuvlar tadqiqotlarni tinch maqsadda o’tkazish, o’zaro yordam va ilmiy ma’lumotlarni almashishni ko’zda tutadi.

“Hindiston o’tgan yili imzoladi. Lyuksemburg kabi kichik davlatlar ham bor. Singapur ham qatnashyapti. Afrika davlatlaridan Angola va Ruanda”, - deydi AQSh Fazo agentligi NASA vakili Nil Nyuman.

Ishtirokchilar orasida, shuningek, Yaponiya, Kanada va Yevropaning 13 davlati bor, ammo Rossiya va Xitoy qo’shilmagan. Loyiha ko’proq AQSh foydasiga deya qayd etayotgan Rossiya Xitoy bilan birgalikda qo’shma Oy tadqiqotlari stansiyasini qurmoqchi.

“Artemida” loyihasi tijoriy hamkorlikka tayanadi, bu muhim pretsedent, deydi yordam missiyasi uchun yoqilg’i bakini qurib bergan kompaniya rahbari.

“Stansiyaga sayyohlar tashrif buyura olishi kerak. Demak, fazoda mehmonxona bo’lgani ma’qul. Menmonxonani ham quramiz. Bularning barchasini qila olamizmi va arziydimi? Javobim shuki, ha arziydi”, - deydi “Microcosm” kompaniyasi rahbari Jeyms Vertz.

Uning aytishicha, ilg’or texnologiyalar bor. Oydagi resurslar esa muz va geliy-3 ni o’z ichiga oladi. Amaliy termoyadroviy reaktorlar yaratilgach, bu energiya ishlab chiqarishni tezlashtirishi mumkin.

NASA agentligi xususiy kompaniyalar bilan hamkorlikdan mamnun.

“AQSh kompaniyalar bilan, boshqa davlatlar bilan Oy tadqiqotlari yo’nalishida hamkorlikka ochiq, birga ishlashni xohlaydi. Sabab shuki, bu kosmik sayohatlar barqaror va xavfsiz bo’lishiga, yangi texnologiyalarni yaratishga yordam beradi”, - deydi Jorjiya texnologiya instituti professori Mariel Borovitz.

Kelajakda Mars missiyasini qo’llab-quvvatlash uchun Oyda baza yoki bazalar tashkil qilish 2030-yillarga mo’ljallanaypti.

Olimlar deydiki, insoniyat tadqiqotlarning yangi davriga qadam qo’yar ekan, Gollivud filmlaridagi ba’zi tasvirlar haqiqatga aylanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG