O’tgan yili “SpaceX” xususiy fazo kompaniyasi o‘zining ulkan “Starship” kemasini osmonga olib chiqdi. Nazariy jihatdan bu kema Marsga 100 kishini olib keta oladi. Biroq aprel oyidagi sinov to’la muvaffaqiyat bilan yakunlanmadi. Ekipajsiz va yuksiz raketa osmonda portlab ketdi. Kompaniyaga ko’ra, yerdan ko’tarilishning o’zi muvaffaqiyat.
Yetti oy o'tgach, “SpaceX” yana ekipaj va yuksiz “Starship” raketasini uchirdi. Parvoz avvalgisidan ikki baravar ko’proq davom etdi, ammo natija yana bir xil bo’ldi. Kompaniya kelasi haftalarda uchinchi parvozni rejalamoqda.
Shuningdek, bu yil NASA Bennu asteroididan uglerodga boy namunalarni olib keldi. Parchalarning katta qismi qopqoq ostida tiqilib qolgan, olimlar uni ochish ustida ishlamoqda.
Ammo NASAning yulduzlararo toshlarni yig'ish ishi faqat bu bilan cheklanmagan. 2022-yilda u “Sayki” kosmik kemasini yaratdi. Kema oktabr oyida olti yillik missiya uchun jo’nab ketdi.
“Sayki” nomi u ta'qib qiladigan metallga boy asteroiddan kelib chiqqan bo'lib, olimlar uni ko’hna sayyoraning temirga boy yadrosi qoldiqlari deb hisoblaydi. Bu asteroidni o'rganish nafaqat o'z sayyoramizni yaxshiroq tushunishga yordam beradi, balki shunday asteroidga yo’liqish ehtimoli yuz bersa, bunga qanday yaxshiroq tayyorlanishni ham o’rgatadi.
Bu yil, shuningdek, NASA astronavti Frenk Rubio koinotda yashash bo’yicha 371 kunlik rekord o‘rnatib, Yer yuziga qaytdi. Texnik qiyinchiliklar tufayli u Xalqaro kosmik stansiyada olti oy emas, balki bir yildan ortiq qolib ketdi.
Rubio kosmosda ilk bor o'stirilgan va sirli ravishda g’oyib bo’lgan pomidorga oid bahslar markazida ham qoldi. Keyinchalik NASA Rubio uni yemaganini tasdiqladi, ammo u qanday yo’q bo’lganini ham aytmadi.
Ortga nazar tashlaydigan bo'lsak, NASAning Oyga parvoz qilgan “Apollon – 8” missiyasiga 55 yil to’ldi. Kosmik agentlik raketaga uch kishini joylashtirib, o’sha paytdagi kosmik poygada Sovet ittifoqidan o’zib ketgan edi.
Ekipaj o’sha safar Oyga qo'nmadi, lekin koinotda Tavrotdan oyat o’qib, yerdagilarni Rojdestvo bilan tabrikladi. Oyga qo’nish missiyasi esa “Apollon – 11” orqali amalga oshdi.
Nihoyat, o’tgan hafta Quyosh odamlarga kimning xo'jayin ekanini eslatdi. NASA teleskopi uzoq yillar ichidagi eng katta quyosh chaqnashini suratga oldi. Bu chaqnash AQSh va dunyoning qismlarida ikki soatga yaqin radio uzilishlarini keltirib chiqardi. Quyosh o'zining taxminan 11 yillik quyosh siklining cho'qqisiga yaqinlashmoqda va quyosh yuzasidagi maksimal faollik 2025-yilda ro’y berishi kutilyapti.