Breaking News

AQShda yadro arsenalini yangilashga chaqiriqlar kuchaymoqda


Mutaxassislar, tadqiqotchilar va siyosatchilar AQSh uchun raqobatbardosh yadro qurollari arsenalini yangilash va qayta yaratish vaqti kelganini ta'kidlamoqda.

So‘nggi paytlarda ko‘plab mamlakatlar va ayniqsa, AQShga qarshi bo‘lgan avtoritar davlatlarda yadro arsenali kengaygan. Amerika esa 1989-yildan beri yangi yadro qurollarini ishlab chiqarmagan.

“Bu shunchaki yangi qurol emas, balki yangi dunyo", - degan edi taniqli fizik Nils Bor yadro qurolini yaratgan Robert Oppenxaymerga.

“Bugun esa gap ushbu vositaning ta'sirini mustahkamlash haqida bormoqda. AQSh uchun XXI asr yadro arsenalini yaratish vaqti keldi”, - deb hisoblaydi “Yadro siyosatining ko'rib chiqilishi – 2025” hisoboti mualliflari.

Mazkur hisobot Vashingtondagi tahliliy markaz “The Heritage Foundation” tomonidan tayyorlanib, taqdim etilgan.

Odatda, AQSh hukumatidagi yuzga yaqin mutaxassislar yil davomida Amerikaning yadro quroli bo'yicha strategiyasi va siyosatini belgilab beruvchi “Yadroviy holat sharhi” hujjatini tayyorlaydi.

Xitoy yadro arsenalini kuchaytirishga urinayotgan va Kreml “yadro qurolini qo'llash” tahdidlarini deyarli har hafta eslatib turgan bir paytda amerikalik tahlilchilar va ommaviy qirg'in qurollari bo'yicha ekspertlar guruhi yangi yadro siyosatini ko'rib chiqishni keyingi ma’muriyatga qoldirmasdan, hoziroq boshlash kerakligini aytmoqda.

Qo'shma Shtatlarning xavfsizligini ta'minlash va global mojarolarning oldini olish qobiliyatini kuchaytirish uchun kerak bo'lgan ko'plab o'zgarishlarni batafsil bayon etgan hisobot shu tariqa paydo bo’ldi.

“The Heritage Foundation” tashkiloti vitse-prezidenti Derrik Morgan taqdim etilgan hisobotning mazmunini quyidagi uchta talabda keltirib berdi:

“Birinchisi — Amerika dushmanlarini tiyishga yordam beradigan yadro sanoatini tiklash. Ikkinchisi — mamlakat yadro arsenalini kengaytirish va diversifikatsiya qilish, bu esa g‘alabani ta’minlashga yordam beradi. Uchinchisi — Osiyo va Yevropaga yadro qurolini qaytarish, bu G‘arbni qo‘rqitish mumkin emasligini va biz yadro shantajining qurboniga aylanmoqchi emasligimizni ko‘rsatish uchun zarur”, — dedi u.

Hisobot mualliflarini AQSh senatori, Nebraska shtatidan Debora Fisher qo’llab-quvvatladi. U Senatning Qurolli kuchlar qo‘mitasi yetakchi a’zosi bo‘lib, AQShning Strategik va Kosmik qo‘mondonliklarini nazorat qiladi.

"O‘nlab yillar davomida bizning siyosiy yetakchilarimiz milliy mudofaa asosimizning zaiflashishiga yo‘l qo‘yib keldi, — dedi u. — Sovuq urush tugaganidan keyin mamlakatimiz xotirjamlikka berilib “uyquga ketdi” va atrofimizdagi dunyoning qanday o‘zgarayotganini e'tiborsiz qoldirdi”.

Biz uxlayotgan paytda, deydi u, Xitoy Kommunistik partiyasi bedor edi.

“So'nggi bir necha yil ichida Xitoy strategik yutuqqa erishdi. U o'zining yadro arsenalini tez sur'atlarda kengaytirib, bizning darajamizga tenglashishga intilmoqda. XXR 2030-yilgacha o'z yadro kallaklari sonini kamida ikki baravar oshirish niyatida”, - dedi u.

Fisher o'tgan yili AQSh Kongressida AQShning hozirgi yadro pozitsiyasi baholanganini va arsenalni modernizatsiya qilish bo'yicha tavsiyalar ishlab chiqilganini ham aytib o'tdi.

Keyin senator ikki partiya qo’llagan “Amerikaning to‘xtatuvchi salohiyatini tiklash to‘g‘risidagi qonun”ni taqdim etganini eslatdi. Bu qonun qo‘shimcha qit’alararo ballistik raketalarni joylashtirish talablarini o‘z ichiga oladi.

Kongress ushbu qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi, ammo senatorning so‘zlariga ko‘ra, ushbu majburiyatlar 2025-yil uchun yangi byudjetga kiritilishi kerak.

XXI asrda dunyo yadro qurolisiz yashay oladimi?

“Yadro qurolisiz dunyo haqida orzu qilish mumkin, lekin orzularga asoslanib ishonchli mudofaa qurib bo'lmaydi”, - degan edi Buyuk Britaniyaning Bosh vaziri Margaret Tetcher 1987-yilda.

“Afsuski, ba'zilar hali ham uxlamoqda, - deydi Fisher. - Ehtimol, ular Xitoy, Rossiya va Shimoliy Koreya bir kuni “butun dunyoda tinchlik bo’lishini” istashga qaror qiladigan kunni orzu qilayotgandir? Ammo bu xayolot. Utopik orzular dunyosi”.

Fisher AQSh armiyasining raketaga qarshi mudofaa (PRO) tizimi, butun Qo'shma Shtatlar hududi bo'ylab yagona darajadagi himoyani ta'minlash uchun mo'ljallangan hamda Rossiya va Xitoyning qit'alararo ballistik raketalari zarbalarini qaytarishga qodir tizim – “Sentinel” dasturini qayta tiklashga chaqirdi.

Jorjtaun universitetining davlat boshqaruvi va diplomatik xizmat professori hamda Sovuq urush va yadroviy qarshilik masalalari bo‘yicha bir qator kitoblar muallifi Doktor Mettyu Krenigning aytishicha, amerikalik siyosatchilar qilishi kerak bo‘lgan birinchi narsa – bu Amerika xalqiga mamlakat duch kelayotgan tahdidlarni tushuntirish.

“Ikkinchidan, AQSh Mudofaa vazirligining birinchi darajali ustuvor vazifasi bu AQShning yadroviy tiyib turish turish strategiyasini tushuntirish bo’lishi kerak. Bu Kongress a'zolariga kerakli resurslarni taqdim etishda yordam berishi mumkin”, - deya qo'shimcha qiladi tadqiqotchi.

Mutaxassisning fikriga ko'ra, hatto AQSh ma'muriyatida ham ko’pchilik yadro qurolini ko'paytirish zaruratini to'g'ri tushunmaydi.

Mettyu Krenig “Jeyk Sallivanning Xitoy va Rossiya yadro qurollari sonini oddiygina qo‘shib, AQShning bu boradagi ehtiyojlarini noto‘g‘ri baholaganini” ham eslatib o‘tdi.

“Biz har doim strategik tiyib turish haqida o‘ylaganmiz, ya’ni qaysi taraflardan xavf bo’lishini tahlil qilib, hushyor turishimiz kerak. Nima Putinni to‘xtatadi, Si Zinpinning bizga va ittifoqchilarimizga hujum qilishiga nima to‘sqinlik qiladi kabi”, - deb tushuntirdi Krenig. – Xitoy yadro qurollari sonining ko'payishi, ularning Rossiya Federatsiyasi, Shimoliy Koreyada mavjudligi va Eronda paydo bo'lish ehtimolini hisobga olgan holda, Qo'shma Shtatlar o'zining ularga qarshi tiyib turish strategiyasida juda ko'p sonli nishonlarni qamrab olishi kerak. Rossiya va Xitoy AQShga qarshi birgalikda yadroviy hujum uyushtirishi mumkinligi esa omon qolish masalasini eng yuqori darajaga ko‘taradi”.

XXI asrda AQShning yadro arsenali qanday bo‘lishi kerak?

“The Heritage Foundation” tashkiloti tadqiqotchisi, Ellison Milliy xavfsizlik markazining yadroviy tiyib turish va raketaga qarshi mudofaa bo‘yicha mutaxassisi Robert Piters Qo‘shma Shtatlar so‘nggi 30 yildan ortiq vaqt davomida yangi yadro kallaklari ishlab chiqarmaganini eslatdi.

Uning ma'lumotlariga ko'ra, Rossiyada hozirda AQShdan 10 baravar ko'proq operativ-taktik yadro qurollari joylashtirilgan, Xitoy esa har yili 100 dan ortiq yangi yadro kallaklarini yaratmoqda.

“O'tgan 18 oy ichida Rossiya va Xitoy qurol nazoratini muhokama qilish bo'yicha barcha urinishlarni qanday rad etganini ko'rdik, - deydi ekspert. – Ayni paytda Shimoliy Koreya o'z arsenalini kengaytirishda davom etmoqda. Kotib Blinken yaqinda aytganidek, Eron o’z bombasini yasashga yetarli material olishi uchun bir necha hafta kerak xolos. Shu sababli, bugungi hisobotda ta’kidlanganidek, ishonchli tiyib turish vositasi uchun nafaqat yadroviy qurol, balki strategiya va doktrina ham kerak, ammo bu ham yetarli emas. Qo’shma Shtatlar XXI asr yangi arsenalini yaratishi kerak: Sentinel bilan mobil qit’alararo ballistik raketalar, Kolumbia toifasidagi ballistik raketalar bilan jihozlangan katta suv osti kemalari floti, kattaroq yadro qurolini tashishga qodir B-21 strategik bombardimonchilar shular jumlasidandir”.

Nega an'anaviy qurollarni rivojlantirish va taktik yadro quroliga ega bo'lish zarur?

Mettyu Krenig mutaxassislarning diqqatini Ukrainadagi harbiy harakatlar maydonida sodir bo'layotgan voqealarga qaratdi:

"Yadro urushi xavfining eng katta sababi bir kun kelib, Xitoy yoki Putin bugun Qo'shma Shtatlarga to'liq ko'lamli kutilmagan yadro zarbasi berish vaqti keldi, deb qaror qilishida emas. Yadro urushiga olib keladigan eng katta ehtimol odatdagi urush bo'lib, biz buni hozir Ukrainadagi urush misolida ko'rib turibmiz. Buning uchun Xitoy Tayvanga hujum qilishi yoki Xitoy va Putin muvaffaqiyatsizlikka uchramaslik uchun hamda Qo'shma Shtatlar va NATOni chekinishga majbur qilish uchun bir yoki ikkita yadro qurollarini ishlatishi kifoya. Shuning uchun bizga hatto shu cheklangan yadro hujumini ham tiyib turish qobiliyati zarur”.

“Agar Putin bir yoki ikki yadro bombasini ishlatib jazosiz qolaman deb o’ylayotgan bo’lsa, AQSh va uning ittifoqchilari uni bu fikrdan qaytarish uchun simmetrik javob qaytarish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak”, -deya tushuntirdi Krenig.

Mutaxassisning fikriga ko'ra, avtoritar rejimlarning tajovuzkor hujumiga tayyor turish uchun G‘arb Yevropa va Osiyoda ham yetarli miqdorda an’anaviy qurollarga ega bo‘lishi kerak.

Yadro qurolini qisqartirish bo'yicha tinchlik jarayonini qayta tiklash mumkinmi?

Mettyu Krenigning ishonch bildirishicha, bu mumkin, lekin bunga qiziqish bildirmaydigan raqiblar bilan emas.

“Aslida, Rossiya qurol-yarog'ni nazorat qilish bo'yicha barcha shartnomalarni rad etdi, - dedi u. - Shu bilan birga, biz Xitoy bilan hech qachon qurol nazorati bo‘yicha shartnoma tuzmaganmiz. Xitoy ham hozirgi bosqicha buni jiddiy muhokama qilishdan manfaatdor emas. Albatta, orbital bombardimonlarni cheklovchi va kosmosda yadroviy qurollarni joylashtirishni taqiqlovchi qurol-yarog‘ nazorati bo‘yicha kelishuvga ega bo‘lish foydali bo‘lardi. Ammo hozirgi qurollanish poygasi allaqachon boshlangan vaziyatda biz Xitoy va Rossiya qilayotgan ishlarga javob berishga majburmiz. Men tiyib turish vositasining muvaffaqiyatsizligidan ko‘ra, qurollanish poygasini afzal ko‘raman. Tiyib turishning muvaffaqiyatsizligi eng yomon holatdir”.

AQSh va ittifoqchilarining mavjud qurollari Rossiyani to'xtatib turish uchun yetarlimi?

Mettyu Krenig so'nggi yillarda mavjud tahdidlarning to’liq konteksti keskin o'zgarganini eslatib o'tdi:

“Birinchidan, Rossiya hech qachon bizning doktrinamizda mumkin bo'lgan tahdid sifatida paydo bo'lmagan. U “terrorizmga qarshi kurashda hamkor” sifatida va boshqa sohalarda tilga olingan. Keyin 2014-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi, 2022-yilda esa bu mamlakatga to'liq ko'lamli hujumni amalga oshirdi. Rossiya har ikki holatda ham yadro tahdidlarini yaratdi. Shuning uchun yadro tahdidi muhiti, ayniqsa, Yevropada yomonlashdi. Rossiyada “eskalatsiya orqali deeskalatsiya” deb ataladigan, ammo aslida cheklangan yadro qurolidan foydalanish tahdidini bildiruvchi “yangi yadro doktrinasi” paydo bo'ldi. Shunday qilib, hozir biz allaqachon yadroviy majburlash qurbonimiz. Rossiyaning yadroviy tahdidi Ukrainaga yordam berish qobiliyatimizni susaytirmoqda. Uchinchidan, javob berish tezligi muammosi mavjud, chunki Rossiyaning ham o'z havo hujumidan mudofaa tizimi bor. Shuning uchun AQSh va NATO o'z yadro salohiyatini kompleks ravishda yangilashi zarur”.

Rossiyaning harbiy talafotlari va yadroviy qurol tahdidi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:34 0:00

AQSh yadro mojarosi xavfini qanday kamaytirishi mumkin?

“Yaxshiyamki, bizda keng ko'lamli yadro urushi tajribasi yo'q, shuning uchun uning oqibatlari qanday bo'lishini aniq bilmaymiz, - dedi Mettyu Krenig. - Ammo “bizda allaqachon dunyoni bir necha marta yo'q qilish uchun yetarli yadro quroli bor” degan g'oya ham noto'g'ri. Oxirgi kitobimda men Jons Xopkins universitetining amaliy fizika laboratoriyasi tadqiqotidan iqtibos keltirganman. Unda ko‘pchilik odamlarga g‘ayritabiiy tuyulishi mumkin bo‘lgan: “agar AQSh Rossiyani to‘liq mag‘lub qilishni maqsad qilsa, qancha yadro quroli kerak bo‘ladi?” – degan savol ustida tadqiqot olib borilgan. Tadqiqot natijasi qo'yilgan savoldan kam hayratlanarli emas: 140 000 yadro quroli kerak. Hozir bizda 1500 ta tashuvchi qurol mavjud, ular katta zarar yetkazishi mumkin, lekin “dunyoni bir necha marta yo‘q qilishga qodir” emas. Biz strategik tiyib turish bo'yicha komissiya hisobotida ko'rsatganimizdek, bu Rossiya va Xitoyning tahdidlariga qarshi turish uchun ham yetarli emas”.

Xitoy haqida gapirar ekan, Robert Piters shunday deb esladi: Si Zinpinning aytishicha, u AQShning Tinch okeani g‘arbiy qismiga kirishini taqiqlay oladigan jahon darajasidagi armiyaga ega bo‘lishni xohlaydi.

"U o'z harbiylariga AQSh va Tinch okeani g'arbiy qismida AQSh boshchiligidagi koalitsiya bilan ziddiyatga olib kelishini bilsa-da, Tayvanni egallashga tayyor bo'lishlarini buyurdi. Biz bilamizki, o'tgan hafta XXR Markaziy qo'mitasida yadro qurollarini ishlab chiqarish sur'atlarini oshirish muhokama qilindi. Shuningdek, xitoyliklar Yaponiyadan Shimoliy Avstraliyagacha bo’lgan mintaqadagi nishonlarni va Tinch okeanining g'arbiy qismidagi kemalarni yo'q qilishga qodir bo'lgan ikki maqsadli tizimlarni qurmoqda. Shunday qilib, bugun biz nafaqat Qo'shma Shtatlarning tiyib turuvchi yadro salohiyati, balki Xitoy agressiyasiga qarshi turishda foydalanish kerak bo'lgan mudofaa yadroviy salohiyati haqida ham gapiryapmiz”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG