Breaking News

AQShda vitse-prezidentlikka nomzodlar bahslashdi


Respublikachi Jeyms Bens va demokrat Tim Volz debat qildi, 1-oktabr, 2024
Respublikachi Jeyms Bens va demokrat Tim Volz debat qildi, 1-oktabr, 2024

Respublikachi Jeyms Vens Kamala Harrisni samarasiz vitse-prezident deya ta'riflab, prezidentlikni eplay olmaydi, deya bong urdi. Demokrat Tim Volz Donald Trampning prezidentlik davrini mashmasha va mas'uliyatsizlik avj olgan payt deya baholadi.

AQShning yetakchi telekanallaridan "CBS" taqdim etgan debatda vitse-prezidentlikka nomzodlar respublikachi Jeyms Vens va demokrat Tim Volz bir yarim soat qizg'in bahs olib bordi. Ven - Ohayo shtatidan senator. Volz esa Minnesota shtati gubernatori.

Tashqi siyosatdan sog'liqni saqlashgacha, ko'chmas mulk bozoridan ta'lim va abort masalasigacha, hammasi muhokamada bo'ldi. Har ikkisi prezidentlikka nomzodlarni, o'z liderlarini himoya qildi.

Ven uchun Donald Tramp, Volz uchun Kamala Harris Oq uyni egallash uchun eng munosib insonlardir. Ular bir-biriga ko'p hujum qilmadi, balki Tramp va Harrisning dasturlarini tushuntirdi.

Yaqin Sharq alanga ichida ekan, xususan Eron va Isroil o'zaro urush ocharkan, Volz bosiq siyosat va'da qildi. Vens esa "kuchimizni ishga solgan holda tinchlikni targ'ib qilamiz", dedi. Har ikkisi Isroilni quvvatlaydi va yahudiy davlat o'zini mudofaa qilish uchun mustaqil qaror qilishga haqli deb hisoblaydi.

Vens deydiki, Tramp prezidentligi paytida AQSh biror urushga kirmagan yoki katta qurolli inqiroz vujudga kelmagan. Isroilga Xamas Bayden davrida hujum qildi, deydi u.

Volz esa Tramp diplomatiyani tushunmaganlikda, Eron bilan 2015-yilda qilingan yadroviy kelishuvni buzganlikda tanqid qildi.

Har ikkisi nazarida AQSh immigratsiya tizimidagi muammolarni hal etishi birlamchi vazifalardan, ammo ular bu masalalarda bir-birlarining partiyalarini ayblaydi. Meksika bilan chegarani qanday mahkamlash borasida ham tomonlarning pozitsiyasi keskin farq qiladi.

Ommaviy so'rovlarda amerikaliklarning aksariyati prezidentga ovoz berganida vitse-prezidentlikka nomzodga ahamiyat qaratmasligini aytib keladi.

Vens nazarida atrof-muhitni asrash uchun AQShda ishlab chiqarishni kengayritish va chetdan kamroq mahsulot sotib olish zarur. U mamlakat energetik sanoati toza deb bilishini aytadi.

Volz fikricha esa iqlimdagi salbiy o'zgarishlar Amerika yetakchiligida global choralar talab qiladi. Vashington bu jihatdan birinchi bo'lishi lozim, deydi u.

Ko'chmas mulk bozorida narxlar tushishi, jumladan uy-joy arzonlashishi uchun ko'proq qurilishga ruxsat berish kerak, deydi Volz.

Vensga ko'ra esa hammasi talab va ta'minotga bog'liq. Hukumat bozorga aralashmasligi kerak, deydi u.

Respublikachilar tibbiy sug'urta olish majburiyat bo'lmasligi kerak desa, demokratlar Barak Obama davrida qabul qilingan qonun kuchda qolishini istaydi, ya'ni AQShda yashovchi har bir odam sug'urtaga ega bo'lishini.

Volz debatda abort huquqini targ'ib qildi, Vens esa homilani asrab qolishni. Oilalarga farzand katta qilishda yordamni oshirish lozim, deydi respublikachi nomzod. Demokrat nomzod deydiki, ayollarga tanlash erkinligiga ega bo'lishi shart, chunki bu avvalo, ularning hayoti va salomatligi bilan bog'liq.

Volz onalik va otalik ta'tilini federal miqyosda taklif qilish zarur desa, Vens har qanday sektor, ish beruvchi va xodim o'zlari kelishib olishi kerak, deydi.

Vens qurolga egalik huquqi tarafdori, Volz esa nazoratni kuchaytirish lozim, deya undaydi.

Vens Kamala Harrisni samarasiz vitse-prezident deya ta'riflab, prezident sifatida ishni eplay olmaydi, deya bong ursa, Volz Donald Trampning prezidentlik davrini tinimsiz mashmasha va mas'uliyatsizlik avj olgan paytlar deya baholaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG