Kris Stanislavskiy o‘rta maktabda ingliz tili darslarida ko‘p kitob o‘qimagan, bunga ehtiyoj ham bo’lmagan. O‘quvchilarga muhokama qilinadigan har bir roman uchun batafsil bo‘lim xulosalari berilgan va o‘qituvchilar dars paytida kitoblarning audio variantlarini qo‘yib bergan.
“Long-Aylenddagi men o’qigan “Garden Siti” nomli o‘rta maktabda o‘qilgan materiallarning aksariyati qisqartirilgan kitoblar yoki onlayn matnlar va printerdan chiqarilgan nusxalar edi”, - deydi u.
“O’qimoqchi bo’lgan kitobingizning qisqacha mazmuni yozilgan matnni berishganidan keyin, uni to’liq o’qishga bo’lgan qiziqish yo’qoladi”, - deydi 14 yoshli Kris.
Amerika bo‘ylab ko‘plab maktablarda ingliz tili darslarida to‘liq hajmdagi romanlarni o‘qish topshiriqlari tobora kamayib bormoqda. Ba'zi o‘qituvchilar, aksincha, tanlab olingan parchalarga e'tibor qaratmoqda. Bu yoshlarda diqqat qaratish vaqtining qisqaligi, standartlashtirilgan testlarga tayyorgarlik ko’rish zarurati, shu bilan birga, tez rivojlanayotgan zamonaviy raqamli dunyo talabi kabi sabablar bilan asoslanmoqda.
Milliy Ingliz Tili o‘qituvchilari kengashi 2022-yilda ommaviy axborot vositalari ta'limi bo‘yicha bayonotida o‘zgarishlarni tan olib: “Kitob o‘qish va insho yozishni ingliz tili ta'limining eng yuqori nuqtasi sifatida belgilashdan uzoqlashish vaqti keldi”, - dedi.
Bayonot hammualliflaridan biri Set Frenchning aytishicha, bu g‘oya kitoblarni olib tashlash emas, balki ommaviy axborot vositalarini o‘qitishni o‘rgatish va o‘quvchilar uchun dolzarb bo‘lgan boshqa matnlarni qo‘shishga qaratilgan. O‘tgan yili Arkanzasdagi Bentonvill o‘rta maktabida uning o’quvchilari ingliz tili darslarida spektakllar, she’rlar va maqolalar bilan shug‘ullangan, birgalikda faqat bitta kitob o‘qigan.
“Ko’plab o’quvchilar o’zlarida tanlash huquqi bo’lmagan bu matnlarga qiziqmaydi”, deydi u.
Qisqa matnlarga e’tibor qaratish esa hammaga ham yoqmaydi.
E’tibor bilan kirishib o‘qish tanqidiy fikrlash qobiliyati, umumiy bilimlar va eng asosiysi, xayrixohlik bilan bog‘liq miya faoliyatini kuchaytirish uchun juda muhim”, - deydi disleksiya tadqiqotiga ixtisoslashgan Los-Anjelesdagi Kaliforniya universitetining kognitiv nevrologi Maryanna Volf.
“Biz yoshlarimizga hayotni kichik matnlar orqali emas, balki boshqalarning hayoti, fikrlari va his-tuyg‘ulariga chuqur kirib borish orqali tushunish imkoniyatini berishimiz kerak”, - deydi u.
“Garden Siti o‘rta maktabida o‘quvchilar har yili bir necha kitobni to‘liq o‘qishlari talab qilinadi, jumladan, “Sichqonlar va odamlar”, “Romeo va Julyetta”, - dedi maktab direktori Metyu Samuelson. - Audio versiyalar va qisqa mazmunli matnlar qo‘shimcha resurs sifatida taqdim etiladi”.
Maktabdan tashqarida o’qish
Maktablar qancha kitob bilan ta'minlanishi haqida ma'lumot kam. Umumiy qilib olganda, talabalar kam kitob o'qiydi. O‘tgan yilgi federal ma'lumotlarga ko‘ra, 2012-yilda 27 foiz yosh o‘smirlar har kuni o’zi qiziqib kitob o‘qigan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich atigi 14 foizni tashkil etadi.
O‘qituvchilar bu kabi e’tibor pasayishining ildizlari COVID-19 inqiroziga borib taqalishini aytmoqda.
“COVID boshlanganida to‘liq hajmdagi romanlarni o‘qishni to‘xtatish tendensiyasi paydo bo‘ldi, chunki o‘quvchilar zaif holatda, biz pandemiyada edik. Muammo shundaki, biz hali ham o‘sha holatdan to‘liq qaytmadik”, - deydi Massachusets shtatining Nyu-Bedford shahridagi kasb-hunar o‘rta maktabining ingliz tili o‘qituvchisi Kristi Asevedo.
"Uning aytishicha, bu yil u o‘quvchilarni o‘qishdan chalg‘ishiga yo’l qo’ymaydi. U vaqtni boshqarish strategiyalarini o‘rgatishni va darsning asosiy qismida faqat qog‘oz va qalamdan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Boshqa o‘qituvchilarning aytishicha, bu tendensiya standartlashtirilgan testlar va ta'lim texnologiyasining ta'siridan kelib chiqadi. Raqamli platformalar davlat standartlariga mos keladigan minglab qisqa parchalardan iborat to‘liq ingliz tili o‘quv dasturini taqdim etishi mumkin — buning uchun haqiqiy kitob topshirishi shart emas.
“Agar ma’murlar va maktab okruglari test ballari bo‘yicha baholansa, ular faqat qisqa test javoblari uchun o’qitishadi”, - dedi Nyu-Jersi shtati Tabernakl shahridagi o‘rta maktab maxsus ta’lim o‘qituvchisi Karl Ubelhoer.
Ba'zi o‘quvchilar uchun umuman o‘qish qiyinchilik tug‘diradi. 2022-yilgi Milliy Ta'lim taraqqiyotini baholash natijalariga ko‘ra, to‘rtinchi va sakkizinchi sinf o‘quvchilarining atigi uchdan bir qismi o‘qish bo‘yicha yetarli darajaga yetgan; bu ko‘rsatkich 2019-yilga nisbatan sezilarli darajada kamaygan.
Detroitdagi “313 mutolaa” savodxonlik koalitsiyasining ijrochi direktori Lea van Bellning aytishicha, uning o‘g‘li boshlang‘ich maktabning so‘nggi yillarida “Piter Pen” kitobini o’qigan, ammo sinfdagi ko‘pchilik bolalar uchun bu juda qiyin bo‘lgan. U Detroytda kitob tanqisligini afsus bilan gapiradi. O‘g‘lining maktabida hatto kutubxona ham yo‘q.
Shunga qaramay, uning fikricha, ingliz tili darslarida qisqaroq matnlarga e'tibor qaratish mantiqan to‘g‘ri.
“Katta yoshli odam sifatida, agar men biror mavzuni o‘rganmoqchi yoki tadqiq qilmoqchi bo‘lsam, xoh shaxsiy, xoh professional bo‘lsin, men buni interaktiv raqamli matn yordamida qilaman”, - deydi u.
O’qituvchilarda kitob o’qitish uchun vaqt kam
Hatto yaxshi ta'minlangan maktablarda ham doim vaqt yetishmaydi.
“Konnektikutdagi South Windsor o‘rta maktabi o‘qituvchisi Terri Uayt o‘zining to‘qqizinchi sinf o‘quvchilaridan romanlarni to‘liq o‘qishni talab qilmaydi. U ularga kitobning taxminan uchdan bir qismini va qisqa mazmunini o’qishni topshiradi. Ular tezroq tugatib, keying vazifaga o’tishi kerak, chunki o‘qituvchilarning o‘quv dasturiga ko‘proq material sig‘dirish uchun bosim kuchaymoqda”, - dedi u.
"‘Bu xuddi bir vaqtning o’zida bir nechta plastinkani aylantirishdek murakkab”, - dedi o’qituvchi.
U, shuningdek, kam uy vazifasi beradi, chunki bolalarning jadvali sport, to‘garaklar va boshqa tadbirlar bilan juda band.
Boston shahridagi “Emerson” kollejining adabiyot professori Alden Jonsning aytishicha, qisqa muddatda katta asarni qisqacha o’qib tugatish usuli o‘quvchilarning tanqidiy fikrlash qobiliyatiga zarar yetkazadi.
“Biz fikrlashga vaqt kerakligini, uning qadrini tushunmayapmiz, buning o’rniga biz telefonda turib barcha ishlarimizni tez bitirishni afzal ko’rib qoldik”, - deydi u.