AQShda ayollar kasaba uyushmasi aʼzolarining qariyb yarmini tashkil qiladi, ammo ular rahbarlik lavozimida hanuz yetakchi emas. Ayniqsa, ayollar ko'p bo'lgan sohalarda va turli etnik guruh ayollari ishlaydigan joylarda bu masala dolzarb hisoblanadi.
Lekin so'nggi paytlarda qora tanli va ispanzabon ayollar AQShdagi eng yirik mehnat uyushmalarida yuqori lavozimlarga erisha boshladi. Bu esa muzokaralarda ota-onalik ta'tili va sog'liqni saqlash sug'urtasi kabi oilaga qulay imtiyozlar, shuningdek, jinsiy zo'ravonlikdan himoya masalalariga ko'proq e'tibor qaratishga olib kelmoqda.
“Ko'pincha odamlar kasaba uyushmalari haqida o'ylashganda, shlyapa kiygan oq yigitni tassavur qiladi. Aslida esa, tadqiqot shuni ko'rsatadiki, kasaba uyushma shartnomasida ishlaydigan ishchilarning uchdan ikki qismi qora tanli yoki Lotin Amerikasiga oid ayollardir”, - deydi Jorjtaun universiteti mehnat tarixchisi Leyn Uindxem.
“Unite Here” mehmondo‘stlik uyushmasi a’zolarining aksariyati qora tanli va ispanzabon ayollardir. Yaqinda ular orasidan 12 mingdan ortiq ishchi olti shtatda maoshlarning oshirilishi, adolatli ish yuklamalari va yanada arzonroq tibbiy xizmat talab qilib, ish tashladi. Ularning rahbariyati ostida, bu yil iyun oyida, uyushmaning 130 yillik tarixida ilk bor ayol prezident etib saylangan Gven Mills yetakchiligida ish tashlash boshlandi.
AQSh Mehnat vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, qora tanli va latino ayollar ko’p holatlarda maosh yuzasidan gender tengsizligiga duch kelmoqda. Shuningdek, o‘z kasbiy faoliyatlarida irqchilik va jinsiy kamsitishga uchrashi ularda ish joyidagi tengsizliklarga nisbatan sezgirlikni kuchaytiradi va uyushma yetakchilari sifatida kurashni jadallashtirishga undaydi.
AQShda qora tanli va ispanzabon ayollar so’nggi yillarda a’zolik soni kamayib borayotgan mehnat uyushmalarining o‘sishiga turtki bermoqda. 2023-yilda qora tanli ayollarning uyushma a’zoligi darajasi 10,3 foizdan 10,5 foizga, Lotin Amerikasi etnik guruhiga mansub ayollarning a’zolik darajasi esa 8,5 foizdan 8,8 foizgacha o’sgan. Bu esa mehnat uyushmalariga a’zoligi kamayib borayotgan oq tanli erkak va ayollar hamda osiyolik ayollarning ko’rsatkichidan ancha yuqori.
So‘nggi besh yil ichida qora tanli va latino ayollarning mehnat uyushmalari rahbarligiga ko‘tarilishi tezlashdi. Ammo bu ish ancha oldin, “bizning oldingi avlod onalarimiz tomonidan boshlangan; ular o‘n yillar davomida bu yo‘ldagi eshiklarni ochib kelgan,” deydi Liz Shuler, 2022-yil iyun oyida tarixda birinchi marta 60 ta milliy va xalqaro mehnat uyushmalarini birlashtirgan AFL-CIO federatsiyasiga rahbarlik qilgan ayol.
“Menimcha, “#MeToo” harakati, xususan, mehnat sohasida, ayollarga kuch berdi va ularni “Men endi chetda o'tirmayman” deb aytishga undadi”, - dedi Shuler.
Pandemiya ham aksariyati ayollar va boshqa millatlar vakillari tashkil qiladigan hamshira, xizmat ko‘rsatuvchi va parvarish ishchilari kabi muhim sohalarga e’tibor oshishiga turtki berdi.
Bugungi kunda turli xil mehnat uyushmalari yetakchilari orasida qora tanli va ispanzabon ayollar ham bor. Afro-amerikalik Bekki Pringl mamlakatdagi eng yirik uyushma — Milliy Ta’lim uyushmasiga rahbarlik qiladi. Bonni Kastilo Milliy Hamshiralar uyushmasi ijrochi direktori bo‘lgan birinchi ispanzabon ayol. Aprel Verrett esa may oyida Xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar xalqaro uyushmasiga rahbarlik qilgan birinchi qora tanli ayol bo‘ldi. Bu uyushma a’zolarining taxminan 60 foizi turli millat vakillari, uchdan ikki qismi ayollardir.
“Agar biz kuchi kam qatlam uchun kuch yaratmoqchi bo‘lsak, o‘z odamlarimizga yetakchilik qilish imkonini beradigan sharoit yaratishimiz kerak”, - dedi Verrett.
“Ayollar ko‘p ishlaydigan sohalardagi kasaba uyushmalarida rivojlanish bor. Lekin erkaklar ko’p ishlaydigan qurilish va ishlab chiqarish sohalaridagi uyushmalarning o’sishiga hali uzoq yo‘l bor”, - dedi Illinoys universiteti tarixchisi Emili Tvarog.
AQSh Mehnat statistikasi byurosi ma'lumotlariga ko‘ra, erkaklarda mehnat uyushmasiga a’zolik darajasi ayollarga qaraganda yuqoriroq — erkaklarda 10,5%, ayollarda esa 9,5%. Shuningdek, ko‘plab ish joylarida jinsiy zo‘ravonlik va kamsitishlar davom etmoqda.