Isroil va “Hizbulloh” otashkesimga kelishishi ketidan urush paytida uylaridan qochgan livanliklar qaytarkan, Livan hukumati ularga Isroil o’z qo’shinlarini olib chiqqunga qadar sabr qilishni tavsiya etmoqda. Isroil ham livanliklarga ayrim hududlarga kirmaslikni buyurdi.
Otashkesimga kelishilganidan yengil tortgan isroilliklar ham shimoliy hududlarga qaytmoqda. Urush sabab 60 ming isroillik mamlakat ichkarisiga evakuatsiya qilingan.
Livanda esa urush 1,2 milliondan ziyod odamni ichki qochqinga aylantirdi.
Otashkesim bo’yicha kelishuvga muvofiq Livan armiyasi mamlakat janubiga safarbar etilmoqda. 10 ming nafari Isroil askarlari o’rnini egallashi kutilmoqda.
Isroil “Hizbulloh”ga qarshi urush jarayonida Livanning bir qismini vayron qilgan bo’lsa-da, aholi “Hizbulloh”dan yuz o’girgani yo’q, ba’zilarini ko’chada harakatning sariq bayroqlari bilan ko’rsa bo’ladi.
"Uydan, oilalarimizdan, qarindoshlardan xabar olish uchun keldim. Ko’p odam shahid bo’ldi. Hasan Nasrulloh bilan ekanimizni aytib qo’ymoqchimiz”, - deydi bir bayrutlik sentabr oyida Isroil hujumida o’lgan “Hizbulloh” rahbarini nazarda tutib.
Harakat Litoniy daryosining shimoliy qismini tark etish, Isroil esa 60 kun ichida Livan janubidan chiqish majburiyatini olgan.
Isroilliklarning ba’zilari otashkesim uzoqqa yetishiga ishonmaydi, urushni “Hizbulloh” batamom parchalanmaguncha olib borish tarafdori.
“Urushni to’xtatganimiz, ishni oxirigacha yetkazmaganimiz muammodir. Urushni qo’llab-quvvatlamayman, ammo biror o’zgarishni ko’rganim yo’q. O’zgarishga qanday kafolat bor?”, - deydi bir yahudiy.
Uning ayrim vatandoshlari Quddusda namoyish o’tkazib, G’azoda ham otashkesimga kelishishga chaqirdi, shundagina XAMAS garovga olgan odamlar ozod etilishiga umid qilishmoqda.
Biroq Isroil otashkesim o’rniga sektorni o’qqa tutishda davom etyapti. Payshanba kuni Nuseyrat qochqinlar lageriga hujumlarda kamida 17 falastinlik, jumladan ayollar va bolalar o’lgan.
Isroil-“Hizbulloh” urushida Livanda kamida 3768 odam nobud bo’ldi. Bir manbaga ko’ra, harakat oxirgi bir yilda salkam 4000 jangchisini yo’qotgan.
“Hizbulloh”ning Isroilga hujumlarida esa mahalliy aholining 45 ta vakili va kamida 73 nafar askar o’lgan.
Mutaxassislar Livanda vayronalarni tiklash uchun salkam 3 milliard dollar kerak bo’lishini bildirmoqda.
Jahon banki qishloq xo’jaligiga yetgan zararni 1,1 milliard dollardan ko’p miqdorda baholamoqda.
Isroil 273 million dollarlik zarar ko’rganini ma’lum qiladi.
Livanda umumiy zarar ko’lami va yo’qotishlar 8,5 milliard dollarga baholanmoqda, joriy yilda yalpi ichki mahsulot 5,7 foizga qisqarishi taxmin qilinadi.
Isroil esa byudjet kamomadi bilan yuzlashmoqda, dunyodagi uchta yirik kredit reytingi agentliklari joriy yilda Isroil reytingini pasaytirdi.