Breaking News

AQSh-Xitoy mahbus almashinuvi uyg’ur oilalarini birlashtirmoqda


20 yillik tanaffusdan so'ng onasi Ayshem Mamut bilan Texasda uchrashgan Nuri Turkel (chapda), 27-noyabr, 2024.
20 yillik tanaffusdan so'ng onasi Ayshem Mamut bilan Texasda uchrashgan Nuri Turkel (chapda), 27-noyabr, 2024.

Vashington va Pekin o’rtasida kamdan-kam kuzatiladigan mahbus almashinuvi bo’yicha kelishuv o’tgan hafta uch nafar amerikalikning vatanga qaytishiga sabab bo’lgan edi. Ma’lum bo’lishicha, okean ortiga uchgan samolyotda uch nafar uyg’ur ham kelgan.

AQSh Davlat departamenti vakili “Amerika Ovozi”ga samolyot bortida uch nafar uyg’ur bo’lganini tasdiqladi, biroq ularning “shaxsiy hayotiga hurmat yuzasidan” shaxsini ma’lum qilmadi.

“Bayden-Xarris ma’muriyati gumanitar masalalar, xususan, uyg’urlar uchun qayg’urib kelgan. Biz ular [uyg’urlar] o’z uylarida, oilasi bag’rida ekanidan mamnunmiz”, - dedi departament vakili.

Ozod etilganlar orasida taniqli uyg’ur huquqlari himoyachisi, advokat, Xadson instituti katta ilmiy xodimi va AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasining sobiq raisi Nuri Turkelning 73 yoshli onasi Ayshem Mamut ham bor.

Turkelning aytishicha, u onasini so’nggi bor 20 yil avval Vashingtonda universitetining bitiruv kechasida ko’rgan.

“Onamning Amerikaga so’nggi safari 2004-yil yozida, marhum otam bilan birga mening huquq fakultetimda bitiruv kechasi munosabati bo’lgan” – deya eslaydi Turkel.

Turkelning ota-onasi AQShda besh oy qolib, keyin Xitoyga qaytgan. Shundan beri uning ota-onasiga Xitoyni tark etish taqiqlangan.

“Xitoy hukumati ota-onam aynan qaysi sabablarga ko’ra mamlakatni tark etmasligi kerakligini ma’lum qilmagan. Nazarimda, taqiq mening huquq himoyasi bilan aloqador uzoq yillik faoliyatim hamda 2020-2024-yillarda AQSh hukumatida ishlaganim bilan bog’liq”, - deya tushintiradi Turkel.

Turkel 2020-yildan 2024-yilga qadar AQSh Xalqaro diniy erkinlik komissiyasining raisi lavozimida faoliyat olib borgan. Diniy erkinlik himoyasi yo’lidagi kurashi uchun unga qarshi 2021-yil Xitoy, 2022-yil Rossiya hukumati sanksiya joriy qilgan edi.

Huquq himoyachilari AQSh hukumatidan uyg’urlar va boshqa musulmonlarni Xitoy qamoqlari va lagerlaridan ozod etishda davom etishni talab qilmoqda. Chunki yaqinlari panjara ortida qolayotgan milliondan ziyod shinjonliklar hanuz aziyat chekmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG