Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistonning radikal Tolibon yetakchilarini yaqinda e’lon qilingan ayollarning tibbiy ta’lim olishini taqiqlovchi farmonni joriy etmaslikka chaqirdi.
BMTning bu chaqirig’i xalqaro hamjamiyat va boshqa tashkilotlarning mazkur farmonga qarshi tanqidiy ovozlari kuchayib borayotgan bir vaqtda yangradi. Ularning fikricha, ushbu qaror afg‘on ayollari va qizlari uchun oliy ta’lim olish imkoniyatini deyarli yo’qqa chiqaradi.
“Agar ushbu farmon amalga tatbiq qilinsa, ayollar va qizlarning ta'lim olish huquqlari hamda sog‘liqni saqlash xizmatlariga kirish imkoniyatlari yana-da cheklanadi”, - deb ogohlantirdi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi yordam missiyasi (UNAMA) o‘z bayonotida.
UNAMA ushbu taqiqdan “keskin xavotirda” ekanini qo‘shimcha qilib, bu ma’lumotni Tolibonning rasmiy kanallari orqali tasdiqlashga harakat qilayotganini bildirdi, biroq hozircha rasmiy tasdiq olinmagan.
Tolibon yetakchisi Hibatulla Oxundzoda tomonidan berilgan ushbu farmon o’tgan hafta ma’lum bo’lgan edi. Farmon barcha tibbiyot oliygohlarining rahbarlariga Kobulda o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilingan, deb xabar berdi sog‘liqni saqlash rasmiylari va ishtirokchilar “Amerika Ovozi”ga.
Ular bu masalani omma oldida muhokama qilmaslik haqida ko‘rsatma berilgani sababli anonim tarzda bayonot bergan.
Tolibonning Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiylari ushbu farmon yoki Afg‘oniston poytaxtida bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida hozircha izoh bermadi.
BMT farmon Afg‘oniston sog‘liqni saqlash tizimiga va Janubiy Osiyoning qashshoq davlatlaridan biri bo‘lgan Afg‘onistonning rivojlanishiga "salbiy ta'sir" ko‘rsatishi haqida ogohlantirdi.
“Afg‘oniston ayollari va qizlarining hayoti hamda butun mamlakat aholisiga salbiy ta’sirini inobatga olib, de-fakto hokimiyatni ushbu farmonni amalga oshirish qarorini qayta ko‘rib chiqishga chaqiramiz”, deyiladi UNAMA bayonotida.
Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, butun Afg‘oniston bo‘ylab tibbiyot muassasalarida 30 mingdan ortiq ayollar va qizlar o‘qiydi. Ularning ko‘plari taqiq e’lon qilingan kundan boshlab imtihon topshirishi kerak edi. Akusherlik va hamshiralik bo‘yicha ta’lim olayotgan ayollarga darslarga qaytmaslik buyurilgan.
Inson huquqlari faollari ushbu taqiq millionlab ayollarni muhim sog‘liqni saqlash xizmatlaridan, jumladan, akusherlar va ayol hamshiralardan mahrum qilishi haqida ogohlantirdi. Afg‘on jamiyati asosan erkaklar hukmron bo‘lgan muhit bo‘lib, Tolibon bir qancha viloyatlarda erkak shifokorlarga ayollarni davolashni taqiqlagani bu masalani yanada jiddiylashtiradi.
“Afg‘onistonda Tolibon katta yoshli qizlar va ayollar uchun ta’limni taqiqlash borasidagi so‘nggi imkoniyatlarni ham yopib, ularga tibbiy ta’lim beruvchi muassasalarda o‘qishni taqiqladi”, - dedi Inson huquqlari bo‘yicha kuzatuv tashkiloti (Human Rights Watch) o‘z bayonotida.
Global kuzatuv tashkiloti yangi ayol tibbiyot xodimlarini tayyorlashning to‘xtatilishi oqibatida “ayollar tibbiy yordam ololmaydi va ortiqcha azob, qiyinchilik, kasallik va o‘limlarga duchor bo’ladi”, chunki ularni davolash uchun ayol tibbiyot xodimlari bo‘lmaydi, deya ogohlantirdi.
“Associated Press”ning xabar berishicha, Afg‘oniston sog‘liqni saqlash sohasidagi rasmiylardan biri, agar ayollarning tibbiy ta’lim olishiga qo‘yilgan taqiq doimiy ravishda kuchga kirsa, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy muammolar yuzaga kelishini ta’kidlagan. Ushbu muammolar Tolibon hukumatining nazoratidan tashqarida bo‘lib, mamlakatdagi sog‘liqni saqlash sohasining ahvolini yanada og‘irlashtirishi mumkin.
“Agar ayollar tibbiyot xodimi sifatida tayyorlanmasa, uzoq hududlarda onalar va bolalar oorasida o‘lim ko’rsatkichlari oshadi”, - dedi rasmiy o‘z ismini oshkor qilmagan holda.
“Ayol bemorlarga xizmat ko‘rsatish uchun yetarli xodimlar bo‘lmaydi. Uzoq viloyatlar va tumanlarda xizmat ko‘rsatayotgan nodavlat tashkilotlar hanuzgacha shifokorlar, akusherlar, hamshiralar va boshqa ayol xodimlar yetishmovchiligiga duch kelmoqda”, - dedi u.
Yevropa Ittifoqi Tolibonning ayollar uchun tibbiy ta’limni taqiqlovchi farmoniga nisbatan jiddiy xavotir bildirdi. Ushbu qaror Afg‘onistonda insonparvarlik inqirozini yanada og‘irlashtirishi va aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar uchun azob-uqubatlarni ko‘paytirishi mumkin.
“Bu qaror yana bir bor asosiy inson huquqlarining dahshatli buzilishi va Afg‘onistondagi ayollarning ta’lim olish huquqiga nisbatan asossiz hujumni ifodalaydi”, - dedi Yevropa Ittifoqi o‘z bayonotida.
“Biz Tolibondan ushbu kamsituvchi siyosatni bekor qilishni va xalqaro huquq doirasidagi majburiyatlarini, jumladan, barcha afg‘onistonliklar uchun ta’lim va asosiy tibbiy xizmatlardan teng foydalanishni ta'minlashni talab qilamiz”, - dedi Yevropa Ittifoqi.
Afg‘oniston milliy kriket jamoasi sardori Rashid Xon Tolibon rahbariyatini ayollar uchun tibbiy ta’limni taqiqlash qarorini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.
"Men Afg‘onistondagi ayollar, opa-singillar va onalar uchun ta’lim va tibbiy muassasalarining yopilganini eshitib chuqur qayg‘u va xafsalasizlikni his qilyapman”, - deb yozdi Xon “X” ijtimoiy tarmog‘ida.
“Bizning mamlakatimiz har bir sohada, ayniqsa, tibbiyot sohasida professional mutaxassislarga juda muhtoj. Ayol shifokorlar va hamshiralar tanqisligi ayniqsa tashvishlantiradi, chunki bu bevosita ayollarning sog‘ligi va qadr-qimmatiga ta'sir qiladi”, - deb yozdi Xon.
2021-yil avgustida Afg‘onistonda hokimiyatni qayta qo‘lga kiritganidan beri Tolibon qizlarga oltinchi sinfdan keyin maktabga borishni taqiqladi, shuningdek, ayollar uchun universitetlar va boshqa oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni to‘xtatdi.
Afg‘on ayollariga aksariyat sohalarda ishlash taqiqlangan, faqat sog‘liqni saqlash, immigratsiya va huquqni muhofaza qilish kabi bir necha sohalarda ishlashga ruxsat berilgan.
BMT rasmiylari va yordam tashkilotlarining ta’kidlashicha, Oxundzoda tomonidan chiqarilgan o‘nlab farmonlar Afg‘onistonda ayollarning ish va ta’lim olish imkoniyatlarini keskin cheklab qo‘ygan. Bu esa ko‘p yillik urushlar va iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelgan ob-havo falokatlari sababli eng og‘ir gumanitar inqirozlardan birini boshdan kechirayotgan mamlakatda ahvolni yanada og‘irlashtirgan.
Hali biror davlat tomonidan rasmiy tan olinmagan Kobuldagi de-fakto hukumat o‘z siyosatini Tolibonning Islom qonunchiligi, ya’ni shariatga mos deb asoslaydi. U o‘z boshqaruviga qaratilgan tanqidlarni esa Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashuv sifatida rad etadi.
AQSh Tolibonning tibbiy ta'lim muassasalarini taqiqlashiga munosabat bildirmoqda
AQShning Afg‘onistondagi bo‘yicha vakili Karen Dekker xonimning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on ayollarining ovozlarini o‘chirishga qaratilgan ko‘plab urinishlarga qaramay, xalqaro hamjamiyat ularni eshitmoqda.
“Afg‘on ayollari, biz sizni eshitayapmiz. Sizning ovozingizni o‘chirishga qaratilgan ko‘plab urinishlarga qaramay, biz sizni tinglayapmiz. Gender tengsizlik asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik davomida, AQSh vakili Karen Dekker gender tengligi va adolatni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, sizlar uchun imkoniyatlar yaratishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi”, - deb yozadi u o‘zining “X” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Shuningdek, AQShning maxsus vakili Rina Amiriy so‘nggi uch yil ichida Tolibon afg‘on xalqining talablariga va xalqaro bosimlarga qaramasdan, genderga nisbatan tobora keskin diskriminatsion siyosatni joriy qilganini ta'kidladi.
Bu siyosat ayollarning mustaqilligi, samaradorligi, harakatchanligi, ta’lim olish huquqi, jamoat hayotida ishtiroki, himoya mexanizmlariga kirish imkoniyati va hatto omma oldida so’zlash imkoniyatini yo‘q qilishga qaratilgan.
“Ayollarning tibbiyot muassasalarida ta’lim olishini taqiqlovchi ushbu yangi siyosat, ularga sog‘liqni saqlash xizmatlaridan, jumladan, onalik va hayotni saqlab qoluvchi tibbiy yordamdan foydalanishni taqiqlash orqali ayollarning mavjudligini butkul yo‘q qilish xavfini tug‘diradi. Ayol tibbiyot xodimlarining tayyorlanishini to‘xtatish va ayollar hamda qizlarga erkak shifokorlar tomonidan davolanishni taqiqlash gumanizmga zid va mantiqsizdir”, - deb yozadi Amiriy “X”dagi o’z sahifasida.