Breaking News

Afg'on ayolining ayanchli ahvoli


AQSh qo’shinlarining Afg’onistondan chiqarilishining uch yillik munosabati bilan Prezident Jo Bayden bayonot chiqarib, jarayon paytida halok bo’lgan askarlarni xotirladi.

Xalqaro hayot - 29-avgust, 2024-yil - Afg'onistonlik ayollarning ayanchli taqdiri
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:02 0:00

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp qo’shinlarni Kobuldan evakuatsiya qilish paytida sodir etilgan xurujda nobud bo’lgan 13 amerikalik harbiyning o’limida Bayden ma’muriyatini aybladi.

"Kamala Harris, Jo Bayden siyosati sabab Afg’onistonda sharmandalikka uchradik, dunyo bo’ylab Amerikaga ishionch va hurmat yo’qoldi”, - dedi u.

Tolibon hokimiyatga qaytgan sanani nishonlab, tadbir o’tkazdi, xorijiy mamlakatlarni Afg’oniston siyosatiga aralashayotganlikda aybladi, tadbirga muxbir ayollarni qo’ymadi.

Tolibon uch yil oldin Afg’onistonda hokimiyatga qaytganidan beri ayollar va qizlarning ahvoli og’irlashdi.

Yaqinda qabul qilingan qonunga ko’ra, ayollar endi ko’chaga yolg’iz chiqa olmaydi, burqa kiyishga majbur, ularga hatto ko’chada gaplashish taqiqlanadi.

BMT hujjatni, Tolibonning qizlarga oltinchi sinfdan keyin o’qishni taqiqlovchi qarorini qoralab, Tolibondan uni bekor qilishni talab qildi.

2021-yil 31-avgustida Afg’onistonni so’nggi amerikalik askar tark etishi ketidan Parvona Malik ismli qiz majburan erga berildi. U o’shanda 9 yoshda edi.

Mahalliy matbuotdagi xabarlarga qaraganda 7-8 yashar qizlarni Tolibon rasmiylariga uzatish odatiy hol.

“Tolibonning ayollar va qizlarga muomalasi insoniyatga qarshi jinoyatdan boshqa narsa emas. Ular bu mamlakatda azob chekyapti”, - deydi erta nikohga qarshi kurashuvchi tashkilot asoschisi Stefani Sinkler.

Tashkilot Parvonani xotinlikka olgan yoshi ulug’ afg’onni uni oilasiga qaytarishga ko’ndirishga muvaffaq bo’ldi. O’smir hozir maktabga qatnayapti.

“U o’qituvchi yoki shifokor bo’lishni, nimalargadir erishishni xohlaydi, bunga kuchi bor, ammo muammo shuki, u orzularining amalga oshishiga imkon beruvchi jamiyatda yashamayapti”, - deydi Sinkler.

Parvona oltinchi sinfga o’tdi. Tolibon Afg’onistonida bu qizlar uchun o’qishning oxirgi yili.

“Ular xalq irodasini ifoda etmaydi. Afg’oniston yoshlari va ayniqsa yosh qizlarining orzu va intilishlari boshqa mamlakatlardagi tengdoshlarinikidan farq qilmaydi”, - deydi Tolibonga qarshi kurashuvchi Afg’oniston Milliy qarshilik frontining surgundagi rahbari Ahmad Ma’sud.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG