Breaking News

BMT hisoboti: IShID Markaziy Osiyoda faollashmoqda


Afg'oniston hududida tayyorgarlikdan o'tayotgan jangari, "IShID-Xuroson" guruhi tarqatgan surat, 2018-yil, 6-avgust.
Afg'oniston hududida tayyorgarlikdan o'tayotgan jangari, "IShID-Xuroson" guruhi tarqatgan surat, 2018-yil, 6-avgust.

Tolibonning Afg‘oniston ustidan nazoratni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari natijasida aholisi hayotida tinchlik va barqarorlik hukm surmoqda. Biroq Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar tomonidan to‘plangan razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqtinchalik bo’lishi mumkin.

BMTning sanktsiyalar monitoringi guruhi yaqinda e'lon qilgan hisobotda, Afg'oniston “Al-Qoida” va "Islomiy davlat" kabi terror guruhlari uchun xavfsiz boshpana bo’lib qolayotgani haqida ogohlantiriladi.

“Mamlakat terroristik guruhlar tomonidan yoki doʻstona hudud sifatida qabul qilinishda davom etmoqda, - deyiladi hisobotda. - Afg'onistonning ko'plab viloyatlarida joylashgan bir qator terroristik guruhlarga Tolibon ko’rsatayotgan sabr-toqat terrorizmning qo'shni davlatlarga tarqalishi uchun shart-sharoit yaratadi".

“Al-Qoida”, xususan, o'zining Tolibon bilan uzoq muddatli aloqalaridan foydalanib, o'z obro'sini saqlab qolishda va kengayishda davom etmoqda.

“Al-Qoida”ning kengayishi

BMTga a'zo davlatlar razvedkasi to’plagan ma’lumotlarga ko’ra, “Al-Qoida” o'tgan yil davomida Afg'oniston sharqidagi Jalolobod shahrida bazalar va Kobulda ofislar ochib, kamida beshta Afg'oniston viloyatida o'quv lagerlari va xavfsiz uylar tarmog'ini qayta tashkil etgan.

Hisobotda aytilishicha, de-fakto “Al-Qoida” yetakchisi Saif al-Adel Eronda ekani taxmin qilinadi. U Afg‘onistonning Kunar va Nuriston viloyatlariga o‘qitishni yaxshilash va guruhning asosiy rahbariyati bilan muloqotni osonlashtirish uchun etnik arab xodimlarini yuborgan.

“Al-Qoida”ning Afg'onistondagi boshqa muhim shaxslari ham Tolibon tufayli qo'shimcha xavfsizlikka ega bo’lgan.

Tolibon himoyasi

2010-yilda qo‘lga olingan va AQSh kuchlari 2021-yilda mamlakatni tark etgunga qadar Afg’onistonning Bagram havo bazasidagi qamoqxonada saqlangan “Al-Qoida” qo‘mondoni Abu Ixlos al-Masriy Tolibon davrida himoya ostiga olingan, deyiladi hisobotda.

“Qurol muhandislari” deb ta’riflangan “Al-Qoida”ning yana ikki amaldori ham Tolibon tomonidan himoyalangan; “Al-Qoida”ning Liviyadagi amaldoriga esa Afg‘oniston pasporti va Ichki ishlar vazirligida lavozim berilgani xabar qilingan.

AQSh xulosasi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisoboti o'tgan yil oxirida Qo'shma Shtatlar tomonidan chiqarilgan xulosadan farq qiladi.

Milliy aksilterrorchilik markazi direktori Kristin Abizaid “Al-Qoida” Afgʻoniston va Pokistonda tarixiy eng past nuqtada va uning qayta tiklanishi dargumon”, degan edi.

Ammo bunday qarash BMT tomonidan taqdim etilgan xulosaga zid keladi, chunki “Al-Qoida” Afg'onistonda 30 dan 60 gacha yuqori martabali amaldorlar, yuzlab jangarilar va 2000 ga yaqin oila a'zolariga ega ekani xabar qilinadi.

“IShID-Xuroson” guruhi

“Al-Qoida” Afg'onistonda Tolibon hukmronligi tufayli qayta bo’y ko’rsatayotgan bo’lsa, BMTning yangi hisobotida baham ko'rilgan razvedka ma'lumotlariga ko'ra, "Islomiy davlat" terror guruhi, aksincha, bosim ostida qolmoqda.

Hisobotga ko’ra, Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin IShIDga qarshi kurashni kuchaytirgan.

Shunga qaramay, “IShID-Xuroson” salohiyati "kuchliligicha qolmoqda", guruhning o'tgan yanvar oyida Eronning Kerman shahrida va o'tgan mart oyida Moskva konsert zalida sodir etgan qonli hujumlari bunga misol bo’la oladi, deyiladi hisobotda.

“IShID-Xuroson”ning kengayishi

Razvedka maʼlumotlarining ko’rsatishicha, “IShID-Xuroson” bir qator qoʻshni Markaziy Osiyo davlatlariga ham kirib borgan.

“Guruh Afg‘oniston fuqarolaridan Pokistonda, Pokiston fuqarolaridan Afg‘oniston ichida, Tojikiston fuqarolaridan Eron va Rossiya Federatsiyasida hujumlar uyushtirishda foydalanmoqda. Tolibonning yuragi bo’lgan Qandahorda Qirg’iziston fuqarosi yordamida xuruj uyushtirilgan”, deyiladi BMT hisobotida.

Terror guruhi Afg‘onistonning ayrim boshqa hududlarida ham kuchaygan.

Shimoliy viloyatlardagi xurujlarni amalga oshirishda o’zbeklar ham yollangani aytiladi.

IShIDning maxfiy a’zolari

Razvedka ma'lumotlariga ko'ra, “IShID-Xuroson” Tolibonni ichkaridan turib ag'darib tashlashga tayyorlanayotgan bo'lishi mumkin.

Hisobotda aytilishicha, IShID-Xuroson jangarilari Tolibonning Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari hamda Razvedka Bosh boshqarmasiga sizib kirgani haqida dalillar mavjud.

Guruh hokimiyatdagi a’zolarini maxfiy tutish yo'llarini topayotgani yuzasidan ham xavotirlar bildirilgan.

BMT hisobotida aytilishicha, “IShID-Xuroson” tarkibida 2000 dan 3500 gacha jangari bor; IShIDning Afg'onistondagi boshqa bo'linmalari a'zolari bilan qo’shganda, bu raqam 6000 gacha yetadi.

Guruh o'z jangarilarini yana to'rtta terror guruhiga, jumladan, Tolibon hukumati tomonidan ta'lim va ijtimoiy yordam oladigan ba'zi guruhlarga qo'shgani ham da'vo qilinadi.

IShID maxsus kuchlari

Shuningdek, “IShID-Xuroson” Eronda maxsus operatsiyalar bo’linmasini tashkil qilganini ko‘rsatuvchi dalillar mavjud.

BMTga aʼzo ikki davlatga koʻra, bu kuch asosan Tojikiston va Oʻzbekiston fuqarolaridan iborat boʻlib, ular shia ziyoratgohlari, ruhoniylar va Eron politsiyasiga hujum uyushtirish bilan shug’ullangan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo ikki davlatdan biri bu kuchlar soni 300 ga yaqin bo'lishi mumkinligini hamda Eronning Pokiston, Turkmaniston va Iroq bilan chegaralarida harakat qilayotganini qo’shimcha qildi.

Markaziy Osiyodagi xavotirlar

BMT xulosasiga ko’ra, IShIDning ta’siri Markaziy Osiyo davlatlariga ham yoyilib bormoqda. Bu esa AQSh avvalroq e’lon qilgan xulosalarga to’g’ri kelmaydi.

Ammo AQSh razvedkasining so‘nggi hisob-kitoblari ko’rsatishicha, “IShID-Xuroson”ning Markaziy Osiyo va undan tashqarida o‘z kuchini ko’rsata olishi bo’yicha xavotirlar kuchaymoqda.

AQShning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha yuqori lavozimli rasmiysi o‘tgan oy IShID ko‘proq markaziy osiyoliklarni AQShning Meksika bilan janubiy chegarasiga jo‘natayotgani haqida ogohlantirgan edi.

G‘aznachilik departamentining o‘tgan oyda e’lon qilingan sanksiyalari, shuningdek, IShIDning O‘zbekistondagi xodimi va Gruziyadagi filiali amirining terrorchilarni AQShga noqonuniy olib o‘tishda ishtirok etganiga ishora qiladi.

Global qamrov

Ayrim tahlilchilarning aytishicha, BMT hisobotidagi ayrim tafsilotlar “IShID-Xuroson”ning xavotirli traektoriyasi haqida qo’shimcha ma’lumotlar beradi.

“The Soufan Center” global razvedka kompaniyasi tadqiqotchisi Lukas Uebberning so‘zlariga ko‘ra, “IShID-Xuroson” AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketganidan so‘ng Markaziy Osiyo bo‘ylab targ‘ibot ishlarini faollashtirdi hamda 2022-yilda Tojikiston va O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan ommaviy axborot vositalarini ishga tushirdi”.

“Bu tashabbus kengayishda davom etmoqda, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Uning qo’shimcha qilishicha, guruhning Moskvadagi teraktidan bir necha kun oʻtib “Islomiy davlat”ning tojik tilidagi yangi jurnali chop etila boshlagan.

“Soʻnggi bir necha oy ichida butun Markaziy Osiyoda “IShID-Xuroson” bilan bogʻliq hibslar soni koʻpaydi”, - deya qoʻshimcha qildi Uebber.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG