Rossiya toliblarni Ukrainadagi urushga jalb qilishi haqidagi farazlar sobiq mudofaa vaziri, ayni paytda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoyguning noyabr oyida Afg’onistonga qilgan safari ortidan yuzaga chiqdi.
Bu safarga diqqat qaratgan ukrain matbuoti Afg’onistonda jang qilishdan boshqa narsani bilmaydigan minglab toliblar borligi, ularga Ukrainadagi urush G’arbga qaratilgan “jihod” sifatida taqdim qilinishi mumkinligi, Afg’oniston Ichki ishlar vaziri Sirojiddin Haqqoniy va Sergey Shoygu o’rtasidagi muzokarada shu haqda gap borgani ehtimoli haqida yozdi.
Tolibon Rossiyada taqiqlangan, terrorchi tashkilot sifatida tan olinganiga qaramasdan guruh yetakchilari Moskva tashabbusidagi xalqaro tadbirlarda, anjumanlarda muntazam ishtirok etib keladi.
Rossiya, albatta, Ukrainadagi urushi uchun Afg’onistondan jangarilar yollash imkoniyatiga ega bo’lishni istaydi.
Ammo shunga qaramasdan hozirgacha Rossiya Afg’onistonga Xavfsizlik kengashi kotibi darajasidagi rasmiy delegatsiya jo’natmagan edi. Ekspertlar Moskva Tolibonni rasman tan olishga hozirlanayotgani haqida gapirishmoqda.
“Amerika Ovozi” manbalariga ko’ra, yaqinda Rossiya Dumasi Tolibonni taqiqlangan ekstremist tashkilotlar ro’yxatidan chiqarishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qiladi.
Qayd etilishicha, bu loyiha “ekstremizm va terrorizmni oqlash, targ’ib qilish” harakatlari to’xtatilgan taqdirda, ekstremist guruhlarni taqiqlangan tashkilotlar ro’yxatidan chiqarishni nazarda tutadi.
So’nggi paytda Tolbonni ekstremist tashkilotlar ro’yxatidan chiqarish niyatidagi davlatlar soni oshayotgani kuzatiladi. Birinchilardan bo’lib shunday qarorga kelgan Qozog’iston ortidan mintaqaning boshqa davlatlarida ham shu kabi urinishlar kuzatiladi.
Markaziy Osiyodagi bu urinishlar Afg’oniston bilan qo’shnilik, ikki tomonlama aloqalarni yaxshilash zaruriyati bilan izohlanayotgan bo’lsa, Rossiya haqida bunday deyish qiyin.
“Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ekspertlar Tolibonni tan olishga urinayotgan Moskva maqsadini nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy manfaatlar, xususan Ukraina urushi doirasida yangi ittifoqchilar topish harakati bilan ham izohlashmoqda.
Xalqaro masalalar bo’yicha sharhlovchi Ivan Preobrajenskiyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya bu masalada Tolibon bilan til topishishi mumkin.
“Rossiya, albatta, Ukrainadagi urushi uchun Afg’onistondan jangarilar yollash imkoniyatiga ega bo’lishni istaydi. Bu borada har ikki tomonni qanoatlantiruvchi yo’l topilishi mumkin. Afg’oniston shimolida Tolibon hukumatiga qarshi harakat kuchli, bu qarshilikni kamaytirish uchun ham aynan shimoliy hududlardan jangarilar yollanishiga ruxsat berilishi ehtimol”, - deydi u.
Ukrainaga bosqini ortidan G’arb sanksiyalariga uchragan Rossiya xalqaro maydonda deyarli yakkalanib qoldi, bunga javoban Ukraina urushiga qadar sanksiyalarga olingan, yakkalangan boshqa davlatlar bilan aloqalarini rivojlantirishga kirishdi.
Ukraina urushi davomida Rossiyani qo’llab chiqqan davlatlardan biri sanksiyalar ostidagi Eron bo’ldi. Rossiya va Eron nafaqat siyosiy, iqtisodiy, balki harbiy hamkorlikni ham kuchaytirishdi. Ukraina urushi davomida Rossiyaga qurol-yarog’ bilan jiddiy ko’maklashgan kam sonli davlatlardan biri ham Eron bo’ldi.
Ammo Eron bu borada Rossiyaning yagona ittifoqchisi emas. Yaqinda Rossiya va Shimoliy Koreya o’rtasida imzolangan strategik sheriklik haqidagi bitim kuchga kirdi. Bu bitim shu yilning iyun oyida Vladimir Putin va Kim Chen Un o’rtasidagi uchrashuvda imzolangan edi.
Bitim kuchga kirishi ortidan Rossiyada jangovar tayyorgarlikdan o’tayotgan 10 ming atrofidagi shimoliy koreyalik askarlarning frontga tashlanishi kutilmoqda. Ittifoqchilik bitimi nafaqat harbiy texnika, balki qo’shinlar bilan ham ko’mak ko’rsatilishini nazarda tutadi.
Siyosatshunos Ruslan Aysinning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, o’z atrofida aksilg’arb kuchlardan ittifoq shakllantirishga urinayotgan Rossiya uchun Tolibon navbatdagi nomzoddir.
“Moskva Tolibon o’zini AQShga qarama-qarshi kuch sifatida taqdim etishidan foydalanmoqchi va bu Rossiya maqsadiga mos tushadi”, - deydi u.
Ruslan Aysin Rossiya Dumasida taqiqdagi ekstremist tashkilotlarga doir qonun loyihasi ma’qullanishi, buning ortidan Moskva taqiqdan chiqarilgan Tolibon hukumatini rasman tan olishini haqiqatga yaqin deb baholaydi.
Rossiyaning Tolbon bilan rivojlanayotgan aloqalari toliblarni Ukraina urushiga tortishni maqsad qilishi mavhum, bu hozircha ekspertlar doirasidagi farazlardan iborat.
Ammo Moskva va Pxenyan o’rtasidagi aloqalar qisqa fursatda shiddatli rivojlangani, shimoliy koreyalik askarlarning Ukraina urushida paydo bo’lishi bilan yakunlangani nazarda tutilsa, bunday ehtimollik haqiqatdan uzoq ko’rinmaydi.