Qirg’iziston o’z hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar ro’yxatidan Tolibonni imi-jimida chiqarib tashlagani bu guruh uchun kichik diplomatik g’alaba deya baholanmoqda.
Bishkek qarori 2021-yilning avgustida Afg’onistonda hokimiyatga kelgan Tolibon va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida aloqalar iliqlashayotganiga ishoradir. AQSh Tolibon hukumatining qonuniyligini tan olmaslik bo’yicha xalqaro kampaniyaga yetakchilik qilayotgan bir paytda, Rossiya va Xitoy boshchiligidagi o’ndan ortiq davlat toliblar bilan hamkorlik qilmoqda.
“Bu mintaqa hukumatlari orasida ham, xalqaro miqyosda ham Tolibon bilan hamkorlik qilishga moyillik oshayotganini ko’rsatadi. Umuman olganda, Tolibon hech qayerga ketmasligi, Afg’onistonni kim boshqayotgan bo’lsa ham ular bilan iqtisodiy va xavfsizlik nuqtai nazaridan hamkorlik qilish kerakligi tan olinyapti”, - deydi Nyu-Yorkdagi “Sufan” tahlil markazi eksperti Lukas Vebber.
Tolibon bayonoti
Qirg’iziston hukumati Tolibonni qora ro’yxatdan chiqarish qarorini e’lon qilmagan, biroq Tolibon Tashqi ishlar vazirligi buni mintaqaviy diplomatiyadagi so’nggi yutug’i sifatida taqdim etdi.
“Boshqa davlatlar ortidan Qirg’iziston ham qo’ygan bu qadam Afg’oniston Islom Amirligining mintaqaviy, ham xalqaro miqyosda siyosiy nufuzi oshib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, amirlik va boshqa mamlakatlar o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yo’lidagi to’siqni olib tashlaydi”, deyiladi Tolibon Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Afg’onistonda ilk bor 1996-yildan 2001-yigacha hukmronlik qilgan Tolibon yillar davomida turli xil qora ro’yxatlarda bo'lgan. Qo’shma Shtatlar ularni “xorijiy terrorchi tashkilot” deb rasman belgilamagan, ammo “maxsus ro’yxatdagi global terrorchilar” deb biladi.
Tolibon bilan iqtisodiy aloqalarga ega Qozog’iston ham avvalroq bu guruhni terrorchilar ro’yxatidan chiqargan edi. Rossiya Tolibon hukumatini tan olish ustida o’ylanayotgani haqida xabarlar bor.
Shu kungacha hech bir davlat Tolibonni rasman tan olmagan bo’lsa-da, o’ndan ziyod mamlakatlar Tolibon diplomatlariga Afg’oniston elchixonalari yoki konsulliklarini boshqarishga izn bergan. 2024-yilda uch davlat – Xitoy, Qozog’iston va Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) Tolibon elchilari qabul qilindi.
Tolibon bilan aloqa o’rnatishda Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya va Xitoydan o’rnak olmoqda.
“Ular amaliy siyosat olib bormoqda, shuningdek, Tolibon bilan yaqindan hamkorlik qilayotgan ikki davlat – Rossiya va Xitoy ularga soyabon vazifasini bajarmoqda”, - deydi Vebber.
“Zaruriy yovuzlik”
Xalqaro inqirozlarni o’rganish guruhi yil boshida chiqargan hisobotda Tolibonning mintaqaviy diplomatiyasi tahlil qilinib, turli davlatlar qanday maqsadlarni ko’zlashi tasvirlab berilgan.
Unga ko’ra, Eron, Pokiston va O’zbekiston kabi davlatlar Tolibonni “asosiy xavotirlarga yechim topish uchun zaruviy yovuzlik” deb ko’radi. Ushbu xavotirlar ekstremistik tahdidlar bilan bir qatorda savdoni ham o’z ichiga oladi. Qirg’iziston va Tojikiston uchun ortiqcha elektr energiyani Afg’oniston va Pokistonga uzatish loyihasi ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Xitoy, Hindiston va Rossiya Tolibon bilan hamkorlikdan terrorizmni jilovlash maqsadida foydalanadi, deyiladi hisobotda. Rossiya Tolibonnni “Islomiy davlat” guruhining mahalliy bo’limiga qarshi himoya vositasi sifatida ko’radi. Xitoy Afg’oniston bilan foydali sarmoyaviy kelishuvlar imzolagan bo’lsa-da, uning harakatlari ortida ham terrorizmdan qo’rquv yotadi, deydi tahlilchilar.
Hisobotga ko’ra, BAA, Qatar, Saudiya Arabistoni va Turkiya kabi uzoqroqda joylashgan mamlakatlarning Afg’onistonga nisbatan diplomatik faolligi qisman mintaqaviy raqobat bilan belgilanadi.
Strategik manfaatlar va inson huquqlari
E’tiborlisi, Tolibon bilan diplomatik aloqa o’rnatgan davlatlarning hech biri “Ozodlik uyi” (Freedom House) huquq tashkiloti tomonidan “erkin” deb tasniflanmagan. Tashkilot ro’yxatida faqatgina Pokiston va Turkiya “qisman erkin” deb ko’rsatilgan, qolgan davlatlar esa “erkin emas”.
Ekspertlar fikricha bu shundan dalolatki, agar yetarlicha davlatlar strategik manfaatlarini inson huquqlari va demokratiyadan ustun qo’ysa, Tolibon xalqaro izolyatsiyadan qutulishi mumkin.
Inson huquqlari har doim ham AQSh tashqi siyosatida ustuvor yo’nalish emas. Biroq Bayden ma’muriyati va uning ittifoqchilari Tolibonni tan olish inson huquqlari, xususan xotin-qizlar huquqlari hurmat qilinishiga va inklyuziv hukumat tuzilishiga bog’liq deb keladi.
Shu ma’noda, deydi tahlilchi Lukas Vebber, liberal demokratik hukumatlar uchun Tolibonni tan olish va ular bilan ishlash nodemokratik hukumatlarga qaraganda qiyinroq.
Buning esa Afg’oniston kelajagi va AQSh diplomatsiyasiga ta’siri sezilarli bo’ladi. Mutaxassislar deydiki, siyosiy va iqtisodiy faollik kuchayishi Tolibonning qattiqqo’l siyosati, jumladan qizlarning oltinchi sinfdan keyin o’qishini taqiqlash siyosati davom etishiga olib keladi.
Shu bilan birga, Vashington Tolibonga nisbatan yondashuvini qayta ko’rib chiqishi ham mumkin. 2021-yildan beri AQSh va Yevropa diplomatlari Qatarda Tolibon rasmiylari bilan muzokara qilib kelmoqda.
Xabarlarga ko’ra, Bayden ma’muriyati diplomatik munosabatlar o’rnatishdan bosh tortsa-da, “IShID-Xuroson” guruhiga qarshi kurashda Tolibon bilan hamkorlik qilish haqida o’ylangan.
Bayden ma’muriyati Afg’oniston bo’yicha siyosatini himoya qiladi. Tolibonning diplomatik sa’y-harakatlari haqidagi savolga javoban AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Tolibonni hech bir davlat Afg’oniston hukumati sifatida tan olmaganini qayd etdi.
“Tolibon Afg’oniston hukumati sifatida tan olinishni istashadi. AQSh va xalqaro hamjamiyatdan signal shuki, Tolibon bilan normal munosabatlar o’rnatish tomon mazmunli qadam tashlashimiz ularning o’z xatti-harakatlariga bog’liq”, deya bildirdi departament “Amerika Ovozi”ga.
Bunga ayollar va ozchilik huquqlarini hurmat qilish, terrorga qarshi kurash bo’yicha majburiyatlarini bajarish va inklyuziv boshqaruv uchun siyosiy jarayonni boshlash kiradi, deydi Davlat departamenti so’zlovchisi.