Tolibon hukumatining Milliy mudofaa vazirligi Afg’onistondan olib chiqilgan, ayni paytda O’zbekistonda saqlanayotgan harbiy samolyot va vertolyotlar bo’yicha bayonot berdi.
Bayonotda O’zbekiston hukumati oqil siyosatga, harbiy texnikani qaytarish bo’yicha Afg’oniston bilan hamkorlik qilishga chaqiriladi. Rasmiy Toshkent so’nggi xabarlar va Tolibon bayonoti yuzasidan hozircha biror munosabat bildirmagan.
Sobiq prezident Ashraf G’ani hokimiyati qulashi davomida afg’on harbiylari tomonidan O’zbekistonga olib chiqilgan 40 dan oshiq bu samolyot va vertolyotlar aslida AQShga qarashli, Afg’onistondagi amaliyot davomida mamlakatga olib kelingan edi.
AQShning O’zbekistondagi elchisi Jonatan Henik esa bu harbiy texnika Afg’onistonga qaytarilmasligi va O’zbekistonda qolishini ma’lum qilgan.
Elchi Henik “Kun.uz” muxbirining bergan savoliga qisqacha “ushbu texnika hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagan, ular amerikaliklarniki edi. Afg‘on armiyasi undan foydalandi, lekin biz hamisha xo‘jayin bo‘lganmiz”, - deya javob bergan.
Afg’onistondan, sobiq prezident Ashraf G’ani hokimiyati harbiylari tomonidan olib chiqilgan bu harbiy texnika Tolibon va Toshkent o’rtasidagi kam sonli tarangliklardan biridir.
Tolibon harbiy uchoqlarni Afg’onistonning mulki deb hisoblaydi, uni ortga qaytarishni talab qilib keladi, vaqti-vaqti bilan tahdidli bayonotlar ham qilib turadi.
O’zbekiston rasmiylari bu harbiy texnikani Afg’onistonga berish qarorida emas va samolyotlarni AQShning mulki sifatida tan oladi. Toshkentdagi rasmiylar “Amerika Ovozi” bilan suhbatda buni tasdiqlashgan edi.
Tahlilchilar Tolibon ushbu masalani yana ko’tarishi mumkinligini ehtimol qilishadi. Markaziy Osiyo bo’yicha ekspert Alisher Hamidovga ko’ra, Toshkent mintaqada va xalqaro miqyosda Tolibon nufuzini parvarishlab kelgan asosiy tomonlardan biridir.
Maqsad O’zbekistonni Tolibonning oldida qarz qilib qo’yish, ya’ni “mayli, samolyotlar sizda qolsin, lekin evaziga bizga bu yoki boshqa bir masalada imtiyozlar qilib berasiz degan ma’noda".
“Oxirgi yillar davomida O’zbekiston xalqaro miqyosda ham Tolibonning mediatori kabi harakat qilayotgan edi. Asosiy maqsad Afg’onistonni (Tolibon) dunyo miqyosiga olib chiqish, aloqalari, munosabatlarini tiklash, shu orqali O’zbekiston iqtisodi, tashqi siyosatini mustahkamlash edi. Samolyotlar bilan yuzaga kelgan holat O’zbekistonning diplomatik harakatlariga xavf solishi mumkin. To’g’ri, O’zbekiston diplomatik harakatlarni kuchaytirdi, bu masalaning yechimi unga bog’liq emasligini tushuntirdi, lekin baribir ancha jiddiy harakatlar qilish kerak bo’ladi”, - deydi Hamidov.
Ekspertga ko’ra, Toshkent samolyotlarni qaytarmaydi, ammo Tolibon bosimni kuchaytirish orqali O’zbekistondan boshqa bir sohalarda imtiyozlar olishga urinadi.
“Bu samolyotlar Tolibonga qanchalik kerakligi bahsli masala, ayniqsa foydalanish uchun tegishli bazaga ega bo’lmagan bir sharoitda. Ammo ular bunga prinsipial masala sifatida qarab, bosimni kuchaytirish niyatida. Maqsad O’zbekistonni Tolibonning oldida qarz qilib qo’yish, ya’ni “mayli, samolyotlar sizda qolsin, lekin evaziga bizga bu yoki boshqa bir masalada imtiyozlar qilib berasiz degan ma’noda”.
Tolibon bundan uch yil muqaddam Afg’onistonda hokimiyatni egalladi, o’sha paytda Ashraf G’ani hokimiyati armiyasi toliblarga deyarli qarshilik ko’rsatmadi.
Tolibon jangarilari hujumga o’tgach, Ashraf G’ani Afg’onistonni tark etdi, uning qo’shinlari jangsiz mamlakatni toliblarga topshirdi. O’sha paytda 500 dan oshiq afg’on harbiylari samolyot va vertolyotlardan iborat harbiy texnikalar vositasida O’zbekistonga qochib o’tishgan edi.
Keyinchalik afg’on harbiylari uchinchi mamlakatga chiqarilgan, harbiy uchoqlar esa O’zbekistonda qolgan edi.