Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisobotiga ko‘ra, Yerning katta qismi qurib bormoqda va bu o‘simliklar va hayvonot dunyosining taqdirini jiddiy tahdid bilan yuzlashtirmoqda.
Hisobot Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida o‘tkazilgan BMT sammitida e’lon qilindi. Ushbu sammit cho‘llashishga qarshi kurashga bag‘ishlangan bo‘lib, unda inson faoliyati tufayli yuzaga kelayotgan iqlim o‘zgarishi, suv yetishmovchiligi va o‘rmonlarning kesilishi natijasida avval unumdor bo‘lgan yerlarning cho‘lga aylanishi jarayoni muhokama qilindi.
1970-yildan 2020-yilgacha dunyo yerlarining to’rtdan uch qismidan ko‘prog‘i oldingi 30 yillik davrga qaraganda qurg’oqchilik domiga tortilgan.
“Dunyo bo‘ylab keng hududlarni qamrab olayotgan hozirgi quruq iqlim avvalgi holatiga qaytmaydi”, - dedi Ar-Riyoddagi muzokaralarga rahbarlik qilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Cho‘llashishga qarshi kurash” konvensiyasi rahbari Ibrohim Tiyav. – “Ushbu o‘zgarish Yer yuzidagi hayot tushunchasini qayta belgilamoqda."
Hozirda davlatlar yer yuzidagi qurg‘oqchilik — qisqa muddatda suv tanqisligi va tuproqning degradatsiyasi kabi uzoq muddatli muammolarni hal qilishda qanday samaraliroq yordam ko‘rsata olishini muhokama qilmoqda.
Qurg’oqchilikning oqibatlari
Agar global isish tendensiyalari davom etsa, asr oxiriga kelib dunyoning deyarli 5 milliard aholisi, jumladan, Yevropaning katta qismi, AQShning g‘arbiy hududlari, Braziliya, Sharqiy Osiyo va Markaziy Afrikadagi aholi qurg’oqchillikdan zarar ko‘rishi mumkin. Bu bugungi kunda dunyo aholisining chorak qismiga teng bo‘lgan ko‘rsatkichdan ancha yuqoridir.
BMT Qurg’oqchilikka qarshi kurash konvensiyasi (UNCCD) bosh ilmiy xodimi Barron Orning ogohlantirishicha, Yerning qurib borishi iqlim o‘zgarishining halokatli oqibatlariga olib kelishi mumkin. Suv resurslari kamayishi natijasida insonlar va tabiat xavfli nuqtaga yaqinlashadi, bu bosqichda zararli ta’sirlarni qaytarish yoki tiklash imkoniyati deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi.
BMT vakili Serxio Visente-Serranoning fikricha, ko‘mir, neft va gazning yoqilishi natijasida atmosferaga issiqlikni oshiruvchi chiqindilar tarqalib, harorat ko‘tarilmoqda. Bu bug‘lanish ortishiga sabab bo’lib, natijada suv resurslari kamayadi va insonlar, o‘simliklar hamda hayvonlar uchun yashash qiyinlashadi.
Yerning qurib borishi qishloq xo‘jaligining samaradorligini kamaytirib, global miqyosda oziq-ovqat ta'minotiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu jarayon oziq-ovqat resurslariga bo‘lgan bosimni oshiradi va ocharchilik xavfini kuchaytiradi.
Qurg’oqchilik migratsiyaning oshishiga ham sabab bo‘ladi, chunki notekis yog‘ingarchilik, yerning degradatsiyasi va tez-tez yuzaga keladigan suv tanqisligi mintaqalar yoki davlatlarning iqtisodiy rivojlanishini qiyinlashtiradi. Ushbu tendensiya, ayniqsa, dunyoning eng quruq hududlari bo‘lgan Janubiy Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Janubiy Osiyoda yaqqol seziladi.
Qurg’oqchilikka qarshi choralar
Ar-Riyoddagi summitda global hamjamiyat qurg‘oqchilikning salbiy ta'sirlarini kamaytirish va uning oqibatlarini boshqarish bo‘yicha strategiyalarni ishlab chiqishga e’tibor qaratdi.
Yevropa iqlim tahlil markazi TMG xodimi Jes Vaygeltning aytishicha, bu masala hali ham ziddiyatli bo‘lib qolmoqda, chunki tomonlar boy davlatlar dunyo bo‘ylab qurg‘oqchilikka qarshi choralarga mablag‘ ajratishi kerakmi yoki yo‘qmi, degan masalada kelishuvga erisha olmayapti.
Ajratilgan barcha mablag'lar vaziyatni o’rganish va monitoring tizimini takomillashtirish, shuningdek, uzoq vaqt qurg'oqchilik davrida ham suvdan foydalanishni ta'minlaydigan suv omborlari va boshqa inshootlarni yaratishga yo'naltiriladi.
“Bahsli masala shuki, biz qurg‘oqchilikka qarshi choralarni BMT darajasidagi majburiy protokol orqali amalga oshiramizmi yoki boshqa imkoniyatlarni o‘rganishimiz kerakmi”, — dedi Vaygelt. Majburiy protokol shuni anglatadiki, boshqa majburiyatlar qatorida rivojlangan davlatlar moliyaviy yordam ko‘rsatishga majbur bo‘lishi mumkin.
Agar masala majburiy protokol doirasida ko’rilsa, rivojlangan davlatlar boshqa majburiyatlar qatorida moliyaviy yordam ko‘rsatishga majbur bo‘lishi mumkin.
Saudiya Arabistoni mezbonligida o'tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qurg’oqchilikka qarshi kurash konventsiyasi (UNCCD) doirasidagi COP16 sammitida qurg'oqchilikka chidamlilikni oshirish uchun “Riyod Global Qurg'oqchilikka Chidamlilik Hamkorligi” tashkil etildi va dastlabki 2,15 milliard dollar mablag' yig'ildi.
Shuningdek, Yaqin Sharqda joylashgan 10 ta rivojlangan banklaridan iborat Arab Koordinatsiya guruhi 2030 yilgacha yer degradatsiyasi, cho'llashish va qurg'oqchilikka qarshi kurashish uchun 10 milliard dollar ajratishga va'da berdi.
Ajratilgan mablag'lar qurg'oqchilik kuchli bo’lgan va unga qarshi chora ko’rishga zaif hisoblangan 80 ta mamlakatni qo'llab-quvvatlashga mo'ljallangan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining baholashicha, 2007-yildan 2017-yilgacha bo'lgan davrda qurg'oqchilik butun dunyo bo'ylab 125 milliard dollarlik zarar keltirgan.
Uzoq muddatli yechimlar
“Qurg'oqchilik favqulodda xavfli bo'lishi mumkin bo'lsa-da, tiklanish imkoni mavjud”, - deydi Ibrohim Tiyav.
U yerning qurib ketishini “uzoq muddatli moslashish choralarini talab qiladigan to'xtovsiz tahdid” deb atadi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisobotida mamlakatlarga yer resurslaridan foydalanish amaliyotini yaxshilash va suvdan samarali foydalanish tavsiya etilgan. Bu tavsiyalar qurg'oqchilikning salbiy ta'sirlarini kamaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan. Masalan, kamroq suv talab qiladigan ekinlarni yetishtirish va tomchilatib sug'orish kabi samarali sug'orish usullarini keng miqyosda joriy etish orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish mumkin. Bu chora-tadbirlar qishloq xo'jaligi mahsuldorligini oshirish va ekologik barqarorlikni ta'minlashga yordam beradi.
Shuningdek, hisobotda jamoalarga oldindan rejalashtirish imkonini berish uchun monitoringni yaxshilash va yer hamda uning namligini himoya qilish maqsadida keng ko'lamli o‘rmonlarni tiklash loyihalarini amalga oshirish tavsiya etiladi.
Hisobotning yetakchi mualliflaridan biri Andrea Toretining ta'kidlashicha, ushbu masalani hal qilish, xuddi iqlim o'zgarishi yoki biologik xilma-xillikning yo'qolishiga qarshi kurash kabi, davlatlarning yanada samarali hamkorligini talab qiladi.
“Bu muvofiqlashtirilgan xalqaro harakatlar va mustahkam majburiyatni talab qiladi”, - dedi u.