Breaking News

Prezident Jo Bayden Karlayl hindular maktabi o'rnida milliy yodgorlik o‘rnatmoqda


Karlayl internati, 1880-1889-yillar.
Karlayl internati, 1880-1889-yillar.

Prezident Jo Bayden Pensilvaniyadagi sobiq hindular internat maktabi hududida yangi milliy yodgorlik tashkil etdi. Ushbu maktab AQSh bo'ylab yuzlab shunga o‘xshash internat maktablarining asosiy namunasi, dastlabki andozasi bo‘lgan.

“Men odamlar 10, 20, 30, yoki 50 yil o‘tgach ham bu voqealarni (o'tmishda hindu internat maktablarida ro‘y bergan tarixiy voqealarni) unutishini xohlamayman, barchaning bilishini istayman”, - dedi Bayden.

Uning ta'kidlashicha, 140 ta qabilaga mansub hindu bolalari oilalaridan, qabilalaridan va vatani bo'lgan hududlardan ajratib olingan va Karla shahridagi maktabda yillar davomida yashashga majbur qilingan.

“Karla hindular maktabini milliy yodgorlikka aylantirish orqali biz buyuk davlatlar nima qilishi kerakligini aniq ko‘rsatamiz. Biz tarixni o‘chirmaymiz. Uni tan olamiz, undan saboq olamiz va eslaymiz, shunda bu xatolarni hech qachon takrorlamaymiz”, - dedi u.

Shimoliy Amerikadagi hindular internat maktablari 19-asr oxiri va 20-asr boshida tashkil etilgan bo‘lib, mahalliy amerikalik bolalarni o‘z oilalaridan ajratib, majburiy ravishda o‘qitish maqsadida yaratilgan.

Bu maktablarning maqsadi mahalliy amerikalik bolalarni o‘z madaniyatidan, tilidan va urf-odatlaridan ayirib, ularni "assimilyatsiya qilish" edi. Ular ko‘pincha shafqatsiz muhitda yashagan, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikka duch kelgan, natijada, ko‘plab bolalar hayotdan erta ko‘z yumgan yoki ruhiy jarohatlar olgan.

Bayden Vashingtonda o‘tkazilgan 2024-yilgi “Qabila xalqlari” Sammitida ushbu yodgorlik bugungi kunda Karla armiya garnizoni bo‘lgan hududdagi 10 gektar (24,5 akr) yer maydonini qamrab olishini ma'lum qildi. Bu maydon ichiga maktabning tarixiy binolari va tuzilmalari, jumladan, 1910-yilda Karla o‘quvchilari qo‘lda qurib chiqqan g‘isht va marmardan ishlangan darvoza ustunlari ham kiradi.

Yangi milliy yodgorlik joylashgan hudud AQSh Armiyasining boshqaruvi ostida bo‘ladi, chunki bu yerda hozirda AQSh Harbiy Kolleji joylashgan.

Ammo yodgorlikni rejalashtirish va boshqarish ishlari uchun armiya Milliy Parklar Xizmati bilan hamkorlik qiladi. Yodgorlik internat maktabi tizimining tarixiy va zamonaviy ta’sirini to‘g‘ri aks ettirish maqsadida federal darajada tan olingan qabilalar bilan maslahatlashuvlar o‘tkaziladi. Bu qabilalar va mahalliy jamoalarning o‘tmishdagi azoblari va tajribalari hisobga olinishini ta’minlash uchun amalga oshiriladi.

“Milliy park tizimiga qo‘shilgan ushbu yodgorlik AQSh va qabilalar o‘rtasidagi murakkab tarixni tan olishni anglatadi va so‘nggi yillarda qabila suverenitetini hurmat qilish, mahalliy jamoalarning davom etayotgan ehtiyojlarini tan olish, o‘tmishda yetkazilgan zararlarni bartaraf etish va davolanishga qadam tashlash bo‘yicha amalga oshirilgan muhim qadamlar qatoriga kiradi”, - dedi Milliy Parklar Xizmati direktori va Shimoli-sharqiy Oregondagi Umatilla Hind Qabilalari Konfederatsiyasining a’zosi Chak Sams.

Bu e’lon Jo Baydenning Arizona shtatidagi Gila daryosi hind jamoasiga tashrifidan atigi olti hafta o‘tib amalga oshirildi. Prezident Jo Bayden Arizona shtatida joylashgan Gila daryosi hind jamoasiga tashrif buyurib, hindu internat maktablari davrida mahalliy amerikaliklarga yetkazilgan zarar uchun rasman uzr so‘ragan edi. U bu uzrni o‘z prezidentlik faoliyatidagi eng muhim ishlardan biri deb hisoblaganini ta’kidladi.

Sammitni AQShning Madaniy va tabiiy boyliklar bo’yicha vaziri Deb Haaland 2021-yil may oyida ishga tushirgan Federal hindu internat maktablari tashabbusiga bag‘ishlangan nutqi bilan ochdi.

Ushbu tashabbus natijasida ikki jildli hisobot tayyorlandi, unda internat maktablari tizimining tarixi hujjatlashtirildi. Hisobotda 417 ta ma’lum maktab qayd etilgan va 900 dan ortiq bolalar o‘limi tasdiqlangan.

Tashabbus doirasida “Davolanish yo‘li” (The Road to Healing) dasturi ham amalga oshirildi. Bu doirada Deb Haaland va Ichki ishlar vazirining yordamchisi Brayan Nyuland 12 ta mahalliy jamoaga tashrif buyurib, omon qolganlar va ularning avlodlariga internat maktablaridagi tajribalari haqida o‘z hikoyalarini bo‘lishish imkoniyatini yaratdi.

“Ko'pchiligingiz boshdan kechirgan dahshatlar yoki avlodlar davomida o‘tib kelgan jarohatlar haqida dadil va ochiqchasiga gapirdingiz... Bu hikoyalar davom ettirilishi kerak”, - dedi Haaland sammit yetakchilariga.

Tashabbus doirasida vazirlik Mahalliy internat maktablari jarohatlarini tuzatish Milliy Koalitsiyasini jalb qilib, internat maktablaridan omon qolganlar bilan video-intervyular o‘tkazdi. Ushbu intervyular orqali doimiy og‘zaki tarix to‘plami yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Haalandning ma'lum qilishicha, Kongress kutubxonasi va Smitson instituti qoshidagi Amerika tarixi milliy muzeyi ushbu hikoyalarni keng jamoatchilik uchun saqlab qolish maqsadida hamkorlik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG