Breaking News

Tailandda hibsda saqlanayotgan uyg'urlar Xitoyga deportatsiya qilinishi mumkin


Bangkok immigratsiya markazida saqlanayotga uyg'ur mahbuslar, Bangkok, Tailand, 21-yanvar, 2019-yil
Bangkok immigratsiya markazida saqlanayotga uyg'ur mahbuslar, Bangkok, Tailand, 21-yanvar, 2019-yil

Tailandda o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida hibsda saqlangan bir guruh uyg‘ur erkaklari Tailand hukumati ularni Xitoyga deportatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytmoqda. Faollar va yaqinlari bu odamlar Xitoyga qaytarilsa, ularga nisbatan zulm va qiynoqlar qo‘llanishi xavfi borligini ta’kidlab, xavotir bildirmoqda.

“Associated Press” (AP) tomonidan olingan xatda Bangkokda saqlanayotgan 43 nafar uyg‘ur erkak deportatsiya tahdidi haqida jamoatchilikka murojaat qilgan.

“Biz qamoqqa olinib, hattoki hayotimizdan ayrilishimiz mumkin, - deyiladi maktubda. - Biz xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari masalasida qayg‘urayotgan davlatlarga zudlik bilan aralashib, bizni bu fojiali taqdirdan qutqarishni so‘raymiz”.

Uyg‘urlar asosan musulmon bo‘lgan turkiy etnik guruh bo‘lib, Xitoyning g‘arbiy Shinjon hududida yashaydi. Ular uzoq yillar davomida Pekin bilan o‘z madaniy o‘ziga xosliklarini bostirish va kamsitilish sababli ziddiyatlarga duch kelgan. So‘nggi yillarda Xitoy hukumati uyg‘urlarga qarshi qattiq chora-tadbirlar amalga oshirdi, buni ayrim G‘arb davlatlari genotsid sifatida baholamoqda. Yuz minglab, ehtimol bir milliondan ortiq uyg‘urlar lagerlar va qamoqlarga joylashtirilgan, sobiq mahbuslar esa qiynoqlar, kasalliklar va ayrim holatlarda o‘lim holatlarini ma’lum qilishgan.

2014-yilda Tailand rasmiylari Malayziya chegarasi yaqinida Xitoydan qochgan 200 dan ortiq uyg‘urlarni hibsga olgan. 2015-yilda esa 109 nafar mahbus Tailanddan Xitoyga ularning ixtiyoriga zid ravishda deportatsiya qilindi, bu esa xalqaro miqyosda norozilikka sabab bo‘ldi. Shuningdek, 173 nafar uyg‘ur, asosan ayollar va bolalar, Turkiyaga yuborilgan, lekin 53 nafar uyg‘ur Tailandda hibsda qolib, boshpana qidira boshlagan. O‘shandan beri besh nafar mahbus, jumladan ikki bola, qamoqda vafot etgan.

Hozirda Tailand rasmiylari tomonidan hibsda saqlanayotgan 48 kishidan beshtasi qochishga urinishgani uchun qamoq jazosini o‘tayapti. Ular immigratsiya hibsxonasidagi boshqa mahbuslar bilan bir xil taqdirga duch keladimi yoki yo‘qmi, bu noma’lum.

Faollar va qarindoshlar hibs sharoitlari juda og‘irligini ta’kidlamoqda. Ularning aytishicha, mahbuslarga yetarlicha oziq-ovqat berilmayapti, ular tor va toza bo'lmagan beton kameralarida saqlanmoqda; gigiena vositalaridan, masalan, tish cho‘tkasi yoki soqol olish uchun ustara kabi jihozlardan mahrum etilgan va ular yaqinlari, advokatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan bog‘lanish imkoniyatidan cheklangan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha mutaxassislari Tailand hukumatining ushbu mahbuslarga bo‘lgan munosabati xalqaro qonunchilikni buzishi mumkinligini ta’kidlagan.

AP tasdiqlagan ovozli yozuvlar va chat yozishmalari shuni ko‘rsatadiki, 8-yanvar kuni uyg‘ur mahbuslariga Tailand immigratsiya rasmiylari tomonidan ixtiyoriy deportatsiyaga rozilik hujjatlarini imzolash taklif qilingan. Bu taklif mahbuslarni vahimaga solgan, chunki 2015-yilda Xitoyga deportatsiya qilingan uyg‘urlarga ham shunday hujjatlar ko‘rsatilgan edi. Mahbuslar hujjatlarni imzolashdan bosh tortishgan.

Hukumat ichidagi manbalar deportatsiya muhokama qilinayotganini, ammo hozircha rasmiy qaror chiqarilmaganini aytgan. Ikki manbaning ta’kidlashicha, Tailand rasmiylari deportatsiyani Xitoy bilan diplomatik aloqalarning 50 yilligi va AQShda prezident o'zgarishi bilan bog'liq siyosiy vaziyat sababli amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Xitoy uyg‘urlarni jihodchilar deb atamoqda, ammo bunga dalil keltirmagan. Uyg‘ur faollari va inson huquqlari guruhlari bu odamlar begunoh ekanini va deportatsiya qilingan taqdirda ularni Xitoyda qamoq, qiynoqlar va hatto o‘lim kutishini ta’kidlamoqda.

“43 nafar uyg‘urning jinoyat sodir etganiga hech qanday dalil yo‘q, - dedi Uyg‘ur huquqlari loyihasining tadqiqot va targ'ibot bo‘yicha direktori o‘rinbosari Piter Irvin. - Ular xalqaro qonunchilik doirasida Xitoydan qochib, o‘z huquqlarini himoya qilmoqda”.

Tailanddagi mahbus uyg‘urlar hammasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissariga boshpana uchun ariza topshirgan, ammo Tailand hukumati BMT vakillariga bu mahbuslarni ko‘rishga ruxsat bermayapti.

“Biz bir xil holatdamiz — doimiy xavotir va qo‘rquv ichida yashaymiz, - dedi Tailandda hibsda saqlanayotgan uyg‘ur mahbuslardan birining ukasi Bilol Ablet. - Dunyo davlatlari bu haqda biladi, lekin ular Xitoyning bosimidan qo‘rqib, hech narsa qilmayapti”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG