Breaking News

Turkiyada uyg'urlarga bosim oshgan


Istanbulda uyg'urlar namoyishi, 30-noyabr, 2022
Istanbulda uyg'urlar namoyishi, 30-noyabr, 2022

39 yoshli Sherali Abdurahim asal sotib yurib, uch hafta oldin Istanbulda hibsga olingan.

2013-yildan beri Turkiyada qochqin sifatida yashab kelayotgan Sherali to'qqiz farzandning otasi.

O'tgan bir necha hafta ichida 10 dan oshiq uyg'ur u kabi panjara ortiga tashlangan. Ular orasida turli mutaxassislar, jumladan yiristlar ham bor. Faollar ularni ozod etishga chaqirmoqda.

Sheralini Turkiya organlari O'zbekistondan kelgan muhojirlar bilan soxta pasportlar chiqarishga uringanlikda gumon qilmoqda. Uning o'zi bu borada "Amerika Ovozi"ga bildirdi. Gumonlarni inkor etar ekan, Sherali bu ishlar ortida Xitoy turganini, jumladan Pekin agentlari "shunday uydirmalar" tarqatayotganini taxmin qiladi.

Sherali Abdurohim Istanbulda namoyishda, 2022-yilgi surat
Sherali Abdurohim Istanbulda namoyishda, 2022-yilgi surat

So'roq qilinganidan keyin qo'yib yuborilishini kutgan Sherali hamon hibsda ekan, oilasi ijaraga olgan uyni tark etishga majbur, chunki tirikchilik yo'q, daromaddan ayrilgan.

Turkiya Ichki ishlar vazirligi "Amerika Ovozi" ning uyg'ur faollar taqdiri yuzasidan bergan savollarga javob bermayapti.

Sherali azaldan siyosiy faol. Shinjonda yashayotgan paytida tinimsiz organlar bosimi ostida bo'lgan.

"Turkiya bayrog'i tushirilgan futbolka kiyganim uchun ham meni qamoqqa olishgan" ,- deydi u.

Xitoyning uyg'urlarga nisbatan siyosatini "genotsid" deb ta'riflagani uchun Turkiya rahbariyatini bu elat qattiq hurmat qilishini, unga ishonishini bildiradi. Biroq endilikda Turkiyada ham uyg'urlar tez-tez tutilishi ularni xavotirga sola boshlagan.

Sherali kabi muhojirlar va ularning oilalari uchun bu mamlakat eng xavfsiz yer bo'lib kelgan.

Sherali Abdurahimning to'qqiz bolasi, 2024-yilning aprel oyida olingan surat
Sherali Abdurahimning to'qqiz bolasi, 2024-yilning aprel oyida olingan surat

Bir necha mamlakat orqali sarson bo'lib, qiynalib, endigina hayotini yo'lga solib olgan oila uchun ota va erni hisbga ko'rish bag'oyat og'ir, deydi Sherali.

U kelganidan ko'p o'tmay Istanbulda oziq-ovqat do'koni ochgan. 2018-yilda ham qisqa muddat qamoqda o'tirgan. Unda ham Xitoy tuhmati bilan, deydi mahbus.

"Keyin esa aybsizligim isbotlanib, uch oyda qo'yib yuborishgan. Lekin advokatlar uchun xarajatni qoplayman deb do'konimni sotganman".

Turkiyada, jamoa yetakchilari hisobicha, 50-70 ming orasida uyg'urlar yashaydi. Ular Xitoyni bu elatga qarshi jinoyatlarda, uni mutlaq yo'q qilib yuborishga bel bog'laganlikda ayblaydi.

AQSh va BMT uyg'urlar tarafida. Xitoy ularning sanksiyalar va tanqidini qoralab, uyg'urlar ham uning fuqarolari ekaniga urg'u beradi. Shinjon rivojlanmoqda, uyg'urlar farovon hayot kechirmoqda, deydi rasmiylar.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Haqan Fidan Shinjonga borib kelgach uyg'urlarga bosim oshdi, deydi Memettohti Atavulla, Istanbuldan turib faoliyat yuritadigan aktivist va ziyoli.

Pekin va Anqara - terrorizmga qarshi hamkorlar. Fidan ikki davlat bu jihatdan yaqindan ishlashini aytar ekan, Pekinni uyg'urlarni ezmaslikka undagan. Biroq bu tor bayonotlar vazirlik tomonidan izohlanmagan.

Istanbuldan uyg'ur yurist Jevlan Shirmehmet deydiki, gap faqat terrorizmga qarshi choralar haqida ketmayapti.

U hozir kamida besh uyg'ur hibsda ekani, yaqin kunlarda olib ketilganini biladi.

"Hammasida Xitoyning roli bor. Birida u bergan ko'rsatma asosida ish ochilgan. Ikkinchisida uyg'urlar josuslikda gumon qilinadi. Boshqalarida esa uyg'ur muhojirlar turli jinoyatlarda ayblanadi", - deydi advokat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG