Breaking News

Zurabishvili: AQSh “soxta saylov” ortidan kelgan hukumatni tan olmasin


Gruziya sobiq prezidenti Salome Zurabishvili
Gruziya sobiq prezidenti Salome Zurabishvili

Gruziya Parlamenti o‘tgan yil dekabr oyida Mixail Kavelashvilini mamlakatning yangi prezidenti sifatida tanladi. U Gruziyaning hukmron partiyasi “Gruziya orzusi” asoschisi Bidzina Ivanishvilining yaqin ittifoqchisi hisoblanadi. Kavelashvili ushbu lavozimda 2018-yilda xalq saylovi orqali prezident bo‘lgan beshinchi prezident Salome Zurabishvilining o’rniga keldi.

Muxolif partiyalar va Zurabishvili 2024-yil oktabr oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida, rasmiy natijalarga ko‘ra 54,09% ovoz bilan g‘alaba qozongan “Gruziya orzusi” partiyasining natijalari soxtalashtirilgan deb da’vo qilmoqda.

Ular parlamentga kirishni va “Gruziya orzusi” a’zolari bilan ishlashni rad etib, yangi saylovlar o’tkazilishini talab qilmoqda.

Zurabishvili Vashingtonda janubiy karolinalik respublikachi vakil Jo Uilsonning taklifiga binoan Prezident Donald Trampning inauguratsiyasida ishtirok etdi.

AQSh poytaxtida bo‘lgan vaqtida u “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashdi.

“Amerika Ovozi”: “Amerika Ovozi”ga tashrif buyurganingiz uchun rahmat. Bilamizki, siz AQShning 47-prezidenti inauguratsiyasida qatnashdingiz, shuningdek, Prezident Trampning ma'muriyat a'zolari bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo'ldingiz. Ushbu uchrashuvlar davomida sizning asosiy maqsadingiz nima edi?

Salome Zurabishvili, Gruziyaning beshinchi prezidenti: Bu uchrashuvlar inauguratsiya va kabinet a’zolari tasdiqlanishidan oldinroq bo‘lib o‘tgan ijtimoiy uchrashuvlar edi. Men ularni turli qabullar va inauguratsiya balida uchratdim. Shunday ekan, bu uchrashuvlar norasmiy va ijtimoiy xarakterda bo’lgani bois, muhim rasmiy xabarlar yetkazish uchun mo‘ljallanmagan edi.

Aloqalar o‘rnatilishi juda muhim. Mening kichik maqsadim shuki, Gruziya bugun juda muhim burilish nuqtasida turibdi, bu mintaqa AQSh va uning manfaatlari uchun juda muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun yangi ma'muriyat tomonidan Gruziyada, Kavkazda va Qora dengizda sodir bo‘layotgan voqealarga darhol e’tibor qaratilishi kerak.

“Amerika Ovozi”: Siz ko‘pincha Gruziyaga AQSh kerak, lekin AQShga ham Gruziya kerak, deysiz. Nega Gruziya AQSh uchun muhim bo‘lishi kerak va Gruziya Janubiy Kavkaz va kengroq mintaqada qanday rol o‘ynashi mumkin?

Zurabishvili: Gruziyaning mintaqaviy ahamiyati juda yuqori, ayniqsa, Qora dengizni nazorat qilish nuqtai nazaridan. Bu fikr ruslar tomonidan ham tarixiy jihatdan tan olingan: “kimki Tbilisini nazorat qilsa, u butun Kavkazni nazorat qiladi”. Hozirgi zamonda bu mintaqaning strategik ahamiyati yanada oshgan, chunki u mintaqaviy xavfsizlik va geosiyosiy nazorat uchun muhim rol o‘ynamoqda.

Qora dengiz mintaqasidagi portlar strategik ahamiyatga ega va Rossiya bu hududda o‘z nazoratini kuchaytirishga intilmoqda. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi, xususan 2014-yilda Qrimni egallashi, shu maqsadga qaratilgan edi. Shuningdek, Rossiya Gruziya, Ruminiya va Moldovadagi saylovlarga aralashish yoki ularni manipulyatsiya qilish orqali gibrid urush olib bormoqda. Bu davlatlarning Qora dengiz bo‘yida joylashgani Rossiyaning mintaqadagi strategik manfaatlarini ochib beradi. Shunda Rossiyaning Qora dengizni nazorat qilishga qaratilgan rejalari aniq ko‘rinib turibdi.

Shunday ekan, AQShning Gruziyaga nisbatan strategiyasi demokratiyani mustahkamlashga qaratilgan bo‘lishi kerak. Gruziya armiyasi AQSh ko‘magi bo‘lmaganda mavjud bo‘lmasdi. Demak, bu yordam shunchaki hamdardlik uchun emas, balki AQShning Gruziyani qo‘llab-quvvatlashda jiddiy va real manfaatlari borligi sababli berilgan. Ishonchim komilki, bu manfaatlar hozir ham mavjud o‘tgan davrlarga qaraganda bugungi kunda yanada kuchliroq.

“Amerika Ovozi”: Sizni inauguratsiyaga AQSh Vakillar palatasining MEGOBARI qonun loyihasi (Gruziyada demokratiyani mustahkamlash va Rossiya ta’sirini kamaytirishga qaratilgan) hamda Gruziya Qo‘rqinchli Tuzumini Tan Olmaslik to‘g‘risidagi qonun mualliflaridan biri bo‘lgan kongressmen Jo Uilson taklif qilgan edi. Nega siz AQSh hukumatining hozirgi Gruziya hukumatini tan olmasligi juda muhim deb hisoblaysiz?

Zurabishvili: Menimcha, AQSh kabi davlat soxtalashtirilgan saylovlar va konstitutsiyaga zid harakatlar natijasida shakllangan hukumatni tan olishi mumkin emas. Bu rejimda mustaqil institutlarning hech biri qolmagan; barcha institutlar faqat bitta partiya va bir kishilik boshqaruv tomonidan tayinlanadi.

Bu AQSh ushbu mamlakatda amalga oshirgan barcha ishlarni yo‘q qilmoqda. Faqat armiyani emas, balki barcha institutlarni barpo etish — adliya tizimini isloh qilishni qo‘llab-quvvatlash, korrupsiyaga qarshi tizimni yaratish va boshqa ko‘plab ishlar — bularning barchasi Gruziya mustaqillikka erishganidan beri, ya’ni 30 yildan ortiq vaqt davomida amalga oshirilgan. Bugun sodir bo‘layotgan voqealar esa bu barcha yutuqlarni yo‘q qilmoqda.

“Amerika Ovozi”: Siz, muxolifat va gruzin xalqining bir qismi yangi saylovlar o'tkazilishini so'rayapsiz. Ayni paytda asosiy talab shumi?

Zurabishvili: Men hali ham Gruziya rahbarlaridan mamlakat barqarorligini ta'minlash uchun oqilona qaror qabul qilishini kutmoqdaman. Yangi rahbarlar yangi saylovlar o‘tkazish va muxolifat bilan kelishuvga erishish orqali mamlakatni siyosiy inqirozdan chiqara olishlariga umid qilaman. Biroq vaqt o‘tgan sari, ularning bunday oqilona yechimga kelishiga bo‘lgan umid tobora kamayib bormoqda.

Ehtimol, rejim parchalanadi, chunki u sanksiyalarga, iqtisodiy va moliyaviy vaziyatning yomonlashuviga bardosh bera olmaydi. Shuningdek, xalqning katta qismi rejimni tan olmagani uning qonuniyligini susaytiradi, AQSh va Yevropa kabi Gruziyani avval qo‘llab-quvvatlagan asosiy sheriklar bilan aloqalarning uzilishi ham rejimni yanada zaiflashtiradi.

“Amerika Ovozi”: Biz gaplashgan turli ekspertlarning fikricha, Gruziya Tramp ma'muriyati uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lmaydi. Ularning e’tiborni Gruziyaga qaratish uchun qanday rejangiz bor?

Zurabishvili: Biz, ehtimol, hech qachon AQSh uchun ustuvor yo’nalish bo’lmaymiz, bunga umid ham qilmayman. Chunki bu yanada jiddiy inqirozni anglatishi mumkin. Gruziya beqarorlikdan qochishni xohlaydi.

Gruziyaning "xorijiy agent" qonuni
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

Biroq, menimcha, Gruziyada sodir bo‘layotgan voqealar AQSh uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lishi kerak, chunki Gruziya AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va davlat sifatida barpo etilgan.

Menimcha, Amerika o’zi barpo etgan davlatning terroristik harakatlar, Eron, Xitoy bilan do‘stlashib, Qora dengizdagi strategik manfaatlarni, Anakliya portini yoki yangi aloqa yo‘llarini Xitoyga topshirishini qabul qila olmaydi. Aynan shu narsa hozir sodir bo‘lmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG