Breaking News

Pokiston afg’onistonlik qochqinlarni mamlakatdan chiqarib yubormoqchi


Pokiston politsiyasi afg'on qochoqlarining hujjatini tekshirmoqda, Karachi, Pokiston, 2023-yil, 21-noyabr.
Pokiston politsiyasi afg'on qochoqlarining hujjatini tekshirmoqda, Karachi, Pokiston, 2023-yil, 21-noyabr.

Rasmiylarning aytishicha, agar AQSh va boshqa G‘arb davlatlari mart oyining oxirigacha afg‘on fuqarolarini chet elga joylashtirish bo‘yicha ko‘chirish jarayonini yakunlamasa, Pokiston o‘z hududidagi minglab afg‘onlarni majburiy ravishda deportatsiya qiladi.

Ko’plab afg‘on fuqarolari 2021-yilda Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni qayta qo‘lga kiritgach, AQSh va NATO kuchlari bilan hamkorlik qilgani uchun Tolibon tomonidan qasos olish xavfidan qochib, Pokistonga boshpana izlab kelgan.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi vakili Shafqat Ali Xonning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha “taxminan 80 000 nafar afg‘on fuqarosi” turli mamlakatlar tomonidan chet elga joylashtirish uchun qabul qilingan. Ammo hanuz 40 000 nafarga yaqini Pokistonda qolmoqda.

Ular orasida AQShga ko‘chirilishi rejalashtirilgan taxminan 15 000 nafar afg‘on fuqarosi bor.

O‘tgan hafta Pokiston Bosh vaziri Shehbaz Sharif Islomobodda yig‘ilish o‘tkazdi.

Uchrashuvda mamlakatda yashayotgan deyarli 3 million afg‘on muhojirining holati muhokama qilindi. Bu muhojirlar orasida hujjatli va hujjatsiz boshpana izlovchilar, iqtisodiy migrantlar va uchinchi davlatga ko‘chirilishini kutayotgan shaxslar bor.

“Amerika Ovozi”ning yig‘ilishdan keyin e’lon qilgan hujjatida ko‘p bosqichli repatriatsiya (vatanga qaytarish) rejasi tasvirlangan.

Rejaga ko‘ra, uchinchi davlatga ko‘chirilishi rejalashtirilgan afg‘on fuqarolarini 2025-yil 31-martga qadar Pokiston poytaxti Islomobod va unga yaqin joylashgan Ravalpindi harbiy garnizon shahridan ko‘chirish talab etiladi.

Biroq hujjatda bu jarayonning batafsil tafsilotlari ochiqlanmagan.

Bosh vazir Shehbaz Sharif Tashqi ishlar vazirligiga uchinchi davlatlarga ko‘chirilishi rejalashtirilgan afg‘on fuqarolarini joylashtirish bo‘yicha xorijiy diplomatik missiyalar bilan hamkorlikni ta’minlashni buyurdi.

Bundan tashqari, agar muhojirlar belgilangan davlatlarga ko‘chirib yuborilmasa, ular Afg‘onistonga qaytariladi.

3,5 yil avval Tolibon Kobulni egallaganidan so’ng AQSh va ittifoqchi kuchlar Afg‘onistondan chiqib ketdi va shu bilan AQShning Afg‘onistondagi deyarli 20 yillik harbiy ishtirokini yakunlandi.

Koalitsiya kuchlari bilan birga o‘n minglab afg‘on ittifoqchilarini evakuatsiya qilish jarayoni ham amalga oshirildi; ularga chet elga ko‘chirilishi va yangi hayot boshlashi uchun kafolat berilgan edi.

Ko‘plab afg‘on fuqarolari havo yo‘li orqali evakuatsiya qilindi va boshqa mamlakatlarga ko‘chirishdan avval vaqtincha Pokistonga joylashtirildi.

Yaqinda Prezident Donald Tramp ma’muriyati AQShning Qochqinlarni qabul qilish dasturini to‘xtatib turilishini e’lon qildi. Ma’muriyatning ta’kidlashicha, bu tanaffus dastur faoliyatini qayta tiklash Vashington manfaatlariga mos kelish-kelmasligini baholash uchun zarur. Ushbu e’lon afg‘on fuqarolarining allaqachon sust va murakkab bo‘lgan ko‘chirish jarayonini yanada qiyinlashtirdi.

Pokiston rejasiga ko‘ra, Bosh vazir Sharif rasmiylarga Islomobod va Ravalpindi shaharlaridan barcha qonuniy afg‘on muhojirlarini, shu jumladan, yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lmaganlarni ham zudlik bilan ko‘chirish va ularni Afg‘onistonga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Aniq raqamlar keltirilmagan bo‘lsa-da, rasmiy taxminlarga ko‘ra, Pokistonda qonuniy maqomga ega bo‘lgan afg‘on muhojirlar soni 800 000 dan ortiq bo‘lib, ular Afg‘on Fuqarolik kartasi egalaridir.

Afg‘on fuqarolarini deportatsiya qilish bosqichlarini bayon etuvchi rasmiy hujjatda, ushbu rejalashtirilgan deportatsiyalar haqida ommaviy e’lon qilinmasligi lozimligi alohida ta’kidlangan. Shuningdek, hujjatda ular qayta vatanga qaytarilgach, yana Pokistonga qaytmasligini ta’minlash zarurligi belgilab qo‘yilgan.

Pokiston rasmiylari 2023-yil oxirida hujjatsiz yoki vizasiz xorijlik muhojirlarga qarshi rasmiy reyd boshlaganidan beri 800 000 dan ortiq hujjatsiz afg‘on fuqarolarini mamlakatdan majburan chiqarib yubordi.

Pokistonda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan qochqinlar sifatida tan olingan bir milliondan ortiq afg‘on fuqarolari yashaydi. Ular Ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasi kartasiga ega. Sharif hukumati ushbu karta egalariga 2025-yil 30-iyungacha Pokistonda qolishga ruxsat bergan.

Bu oilalarning aksariyati o‘nlab yillar davom etgan urush, ta’qiblar va 1996–2001-yillardagi avvalgi Tolibon islomiy rejimidan qochib kelgan afg‘onlardan iborat.

BMT qochqinlar agentligi rasmiylarining aytishicha, qonuniy maqomga ega qochqinlarning aksariyati Pokistonda tug‘ilgan yoki shu yerda voyaga yetgan. Shu sababli, ular o‘zlari uchun begona bo‘lib qolgan Afg‘onistonga qaytishga ikkilanmoqda.

BMTning ta’kidlashicha, ko‘p yillik mojarolar, tabiiy ofatlar va Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin chuqurlashgan iqtisodiy muammolar kambag‘allikdan aziyat chekayotgan Afg‘onistonda uzoq davom etayotgan gumanitar inqirozni yanada kuchaytirgan.

Xalqaro yordam tashkilotlarining hisob-kitobiga ko‘ra esa, Afg‘oniston aholisining yarmidan ko‘pi ko‘makka muhtoj. Bu holat afg‘on qochqinlarini vatanlariga qaytishdan tiyilishlari uchun muhim omil hisoblanadi.

Tolibon afg‘on ayollarining ishga joylashish, ta’lim olish va umuman jamoat hayotida ishtirok etish huquqlariga keskin cheklovlar qo’ygan. Bu holat ham qochqin oilalarning Pokistondan chiqib ketishni xohlamasligiga sabab bo’lmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG