Breaking News

Tramp AQSh diplomatik xizmatini tubdan isloh qilmoqchi


Oq uy, Vashington, 12-fevral, 2025
Oq uy, Vashington, 12-fevral, 2025

Prezident Donald Tramp 12-fevral kuni imzo chekkan farmonga ko'ra, AQSh tashqi siyosatda bir ovozga ega bo'lishi shart va bu ovoz prezident belgilagan yo'lni aks ettiradi.

Amerika diplomatik xizmatidagi har bir kishi aynan Oq uy bergan yo'riqnoma asosida ish olib boradi.

Davlat kotibi bu jarayonda prezident ishongan shaxs va tashqi ishlar vaziri sifatida barcha diplomatlarni boshqaradi.

Farmon Davlat kotibiga diplomatik xizmatni tubdan isloh qilishni buyuradi, jumladan diplomatlarni yollash, ularning faoliyatini yo'lga qo'yish va baholash, me'yorlarni qayta ko'rib chiqish va har bir jabhada AQSh manfaatlari ustun qo'yilishi va uning talablariga javob berishini ta'minlash.

Prezident Tramp uning tashqi siyosat bilan bog'liq har bir qarori qonunlar doirasida samarali va sidqidildan bajarilishini kutadi, deyiladi farmonda.

Davlat kotibi diplomatlar uchun barcha qo'llanmalarni yangilash vakolatiga ega.

AQSh diplomatik xizmatining bayrog'i
AQSh diplomatik xizmatining bayrog'i

Oq uy ta'kidlashicha, Prezident Tramp dunyo bilan aloqalarni "Amerika birinchi" shiori ostida olib boradi. Bir diplomatik ovozga ega bo'lish ortida aynan shu maqsad turishi lozim.

AQSh konstitutsiyasi prezidentga tashqi siyosat bobida keng vakolatlar beradi. Farmon mazmunidan ayonki, Tramp ulardan maksimal ko'lamda foydalanmoqchi.

Oq uy belgilangan siyosat samara berishi uchun zarur mablag' ajratilishi va mutasaddilar uni sadoqat bilan amalga oshirishi kerak, deyiladi hujjatda.

Amerika manfaatlari deganda Davlat kotibi Marko Rubio uch omilni qayd etadi: har bir qadam milliy xavfsizlik, qudrat va farovonlik uchun xizmat qilishi kerak.

Amerika Diplomatik xizmat uyushmasi Tramp ma'muryatini USAID yopilishi yuzasidan sudga bergan
Amerika Diplomatik xizmat uyushmasi Tramp ma'muryatini USAID yopilishi yuzasidan sudga bergan

1924-yilda asos solingan Amerika Diplomatik xizmati uyushmasi (American Foreign Service Association, AFSA) 18 ming a'zoga ega. Tashkilot - AQShning amaldagi va iste'fodagi diplomatlarining eksklyuziv doirasidir va ularning manfaatlarini himoya qiladi.

A'zolar nafaqat Davlat departamentida, balki qator agentliklarda mehnat qiladi, xususan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Tashqi tijoriy xizmat, Tashqi qishloq xo'jaligi xizmati, Hayvon va o'simliklar imspeksiyasi xizmati va AQSh Global media agentligida.

AFSA prezident farmoniga hali munosabat bildirilmagan, ammo 7-fevral kuni Tramp ma'muryatini sudga bergan. Unda USAIDni ishdan to'xtatish qonunga zid, deya arz qilinadi.

Tashkilot rahbari Tom Yazdgerdi bayon qilishicha, USAID xodimlari xolis kadrlardir va ular butun karyerasini Amerika manfaatlarini olg'a surishga bag'ishlagan.

AFSAga bu sud ishida Amerika davlat xizmatchilari federatsiyasi sheriklik qilmoqda. USAID tarkibida diplomatlar qatorida fuqaroviy xizmat vakillari ham bor.

Tashqi yordam muzlatigani va USAID ishi cheklangani, AFSAga ko'ra, AQShga faqat zarar keltiradi va minglab mutaxassislarning hayotini izdan chiqaradi.

Uyushmaga USAIDning 2000 ga yaqin xodimi kiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG